KOLLEJDAGI SOFLOM MUHIT
yigit-qizlarning bilim olishi, kasb-hunaregallashida muhim asosdir
Maktab partasidayoq tibbiyot sohasining yetuk bilimdoni bo‘lib, bemorlar dardiga shifo ulashishni havas qilsang arziydi. Chunki bu mas’uliyatli kasbning sir-asrorini puxta egallash uchun, eng avvalo, dil tubida odamlarga nisbatan cheksiz mehr mujassam bo‘lishi zarur. Ana shunday yoshlar tahsil olayotgan Suzangaron tibbiyot kolleji Samarqand shahrida joylashgan.
Mazkur bilim maskani viloyatdagi kenja ilm dargohlaridan bo‘lib, kollej 2008 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda bu yerda 2083 nafar o‘quvchi bilim olib, kasb sirlarini puhta egallamoqda.
– Qulaylik mustahkam bilim asosi, – deydi kollej direktori Tolib Allayorov. – Kollejdagi mavjud Axborot-resurs markazi, ma’ruzalar xonasi, faollar zali, oshxona, sport maydonchasi yoshlarning bilim olishlariga qulaylik yaratmoqda.
Mazkur bilim dargohiga qo‘shni viloyat va tumanlardan o‘quvchilarning kelib ta’lim olishi ham uning mavqei yoshlar orasida yuqori ekanidan dalolat beradi. Shart-sharoit bir tomonlama afzallik bo‘lsa, tajribali va chuqur bilimga ega ustoz-pedagoglarning salohiyati kollej nufuzini yana bir pog‘onaga ko‘taradi. O‘quvchilar bu yerda “Hamshiralik ishi”, “Davolash ishi”, “Laboratoriya-diagnostika”, “Farmatsiya ishi” yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olishadi.
– O‘quv jarayonlari bir smenada olib boriladi, – deya so‘zida davom etdi kollej rahbari ta’lim dargohi bilan tanishtirar ekan. – O‘quv xonalari zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Laboratoriya xonalari, ingliz tili lingofon xonasi va kompyuter sinfi o‘quvchilar ixtiyorida. Bilim dargohida 46 ta fan va sport to‘garaklari faoliyat olib bormoqda. Ularga 1377 nafar o‘quvchi jalb qilingan.
Kollej yoshlari ham bunday e’tiborga javoban ta’lim va sport sohalarida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Sambo kurashi bo‘yicha qator muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritib kelayotgan Mehrangiz Sulaymonova ham erishgan yutuqlarini kollej va ustozlari mehnati bilan bog‘laydi.
– O‘tgan yillarda turli musobaqalarda ishtirok etib, qator yutuqlarni qo‘lga kiritdim, – deydi sportchi qiz. – Joriy yilning 8-10 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida o‘z vazn toifamda uchinchi o‘rinni egallab, 3-darajali diplom bilan taqdirlandim.
Bu yerda Mehrangiz kabi sportchi yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Respublika bahorgi olimpiadasida Dilnoza Salimova yosh sayyoh yo‘nalishida faxrli birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Sog‘lom bola yili munosabati bilan sportning kikboksing turi bo‘yicha Andijon shahrida bo‘lib o‘tgan klublararo musobaqada Tabiba Bo‘riboyeva 2-o‘ringa munosib deb topildi. Aytish kerakki, kollejning umidli sportchilari kelgusida Osiyo va jahon chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallashni ko‘ngillariga tugib qo‘yishgan.
– Kollej yoshlari orasida ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, ayniqsa, qizlarni mustaqil hayotga tayyorlash maqsadida muntazam suhbatlar uyushtirib turamiz, – deydi kollejning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Otamurod Nurmuhammedov. – Yoshlar orasida baxt oshiyoni, ezgu maqsadlar bo‘sag‘asi bo‘lmish oilaning mavqei nechog‘li ulug‘ ekanini har bir yosh qalbiga singdirib borishga intilamiz. Zero, ta’lim dargohini tugallash arafasidagi qizlar birinchi navbatda bir oilaning bekasi bo‘ladi. O‘ylaymanki, yoshlar oila oldidagi burchi va majburiyatlarini to‘liq anglasa, tanlagan kasbiga ham halol va vijdonan yondashadi. Kollejdagi “Orasta qizlar”, “Yosh oila quruvchilar maktabi” to‘garaklari esa yoshlarni katta hayotga tayyorlab boradi.
“Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan naqlga amal qilgan holda yoshlarni ezgu maqsadlarga yo‘naltirishdek ulkan ishga birgina kollej rahbariyati emas, balki “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining viloyat bo‘limi, Samarqand shahar ichki ishlar bo‘limi, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Tibbiyot birlashmasi ham bosh qo‘shib, yoshlarga diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlikning oldini olish va unga qarshi kurashishga oid mavzularda suhbatlar, uchrashuvlar, bahs-munozaralar o‘tkazib borishadi.
Islom XUDOYQULOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri