Talabalik taraddudi

Toshkent tibbiyot akademiyasi. Bu dargohdan har yili yuzlab malakali kadrlar yetishib chiqadi va yana shuncha ilm olishni istagan toliblar o‘qishga qabul qilinadi. Mana, qariyb ikki haftadirki, Oliy ta’lim muassasalarida 2014-2015 o‘quv yili uchun abituriyentlarni qabul qilish komissiyasi faoliyat olib bormoqda.

Oliy ta’lim muassasasi darvozasidan kirishingiz bilan o‘qish istagida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan minglab o‘g‘il-qizlarni ko‘rasiz. Ularning qalbidagi hayajon, ko‘nglidagi orzu-umidlari ko‘zlarida aks etib turibdi. Bu yil oldingilariga nisbatan hujjat topshirayotganlarning safi ancha kengaygan.

Muhtaram Yurtboshimiz rahnamoligida ishlab chiqilgan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida yaratilgan, jahon tajribasida “O‘zbek modeli” sifatida e’tirof etilgan, milliy an’analarga va ilg‘or xorijiy standartlarga asoslangan malakali kadrlar tayyorlash tizimi o‘zining keng qamrovligi bilan muhim ahamiyat kasb etayotir. Toshkent tibbiyot akademiyasida yaratilgan shart-sharoitlar va sifatli ta’lim tizimi buning yorqin dalilidir.

– Men Navoiy viloyati, Uchquduq tumani, Uchquduq konchilik kasb-hunar kollejini tamomlab, Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kirish maqsadida keldim, – deydi abituriyent Sobir Ravshanov. – Bilasizmi, tumanimizning iqlimi issiq, quruq garmsel shamoli esib turadi. Bu esa o‘z navbatida turli kasalliklarni yuzaga keltiradi. Men kelajakda shifokor bo‘lib, qishloqdoshlarimning koriga yaraydigan, xalqim xizmatida bo‘ladigan mutaxassis bo‘lmoqchiman. Toshkentga yo‘l olganimda dadam, ayam, butun mahalla ahli duo qilib ishonch bildirishdi.

Ha, qalbida ezgu maqsadlarni jamlab, olg‘a intiluvchi yoshlar uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar mavjud. Toshkent tibbiyot akademiyasida bu yilgi qabul jarayoni ayni qizg‘in pallada. Hujjat topshirish istagida kelayotgan yoshlarning qatori uzilmaydi. Havoning ancha isib qolganligi sabab o‘quv maskanida abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun salqin joylar, yaxna ichimliklar, oshxona, xullas, qulay sharoit yaratilgan. Oliy ta’lim muassasasi hayoti aks etgan banerlar, zaruriy hujjatlar to‘g‘risida ma’lumotlar doskasi mavjud.

– 2014-2015 o‘quv yili muassasamizda talabalar uchun 655 ta o‘rin belgilandi, – deydi qabul komissiyasi mas’ul kotibi Turdiqul Bobomurodov. – Akademiyamizda 5 ta fakultet – davolash, tibbiy pedagogika, stomatologiya, oliy hamshiralik ishi, tibbiy profilaktika fakultetlari bor. Ayni paytda abituriyentlar uchun professor ustozlar tomonidan o‘zbek, rus, ingliz tillarida konsultatsiyalar o‘tilmoqda. Bundan tashqari, ochiq eshiklar kuni, fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish bo‘limini tashkil qilganmiz. Qolaversa, akademiyamizning klinikasida abituriyentlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va ularning hujjatlari qabul qilinadi. Bu, albatta, sog‘lom, teran fikrli kadrlar tayyorlashning ilk bosqichidir.

Yana o‘qing:  KEKSALARI E’ZOZLI YURT

Tibbiyot akademiyasida ta’lim sifatining darajasi kun sayin yuqorilab bormoqda. Prezident stipendiyasiga munosib, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, xalqaro Mendeleev olimpiadasi g‘oliblari, xullas iqtidorli talabalar soni ko‘paymoqda.

– Tibbiyot akademiyasida o‘qishni tamomlagan yoshlarning salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishayotgani barchaning havasini keltiradi, – deydi Jizzax viloyati Baxmal tumanidan kelgan Jamila opa. – Men ham qizimni bu yerga olib keldim. Bola boshidan deganlaridek, qizim Malohat bolaligidan shifokor bo‘laman, deb ulg‘aygan. U o‘z orzu-istaklariga erishish arafasida. Nasib qilsa, grant asosida o‘qishni niyat qilyapti. Biz yoshligimizda bunday dargohlarni faqat orzu qilar edik. Tibbiyot akademiyasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, ko‘nglim xotirjam bo‘ldi. Qizimning mana shunday zamonaviy bilim yurtida tahsil olishini undan-da ko‘proq istayman.

“Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur” deb Prezidentimiz bejiz ta’kidlamagan. Oliygohga kirish istagida o‘qib-izlanishdan to‘xtamayotgan yoshlarni ko‘rib, mamlakatimiz kelajagi ana shunday tirishqoq, ilmga tashna avlod qo‘lida ekanligidan faxrlanasan, kishi.

“Salomatlik – asl boylik”, deydi dono xalqimiz. Inson manfaatlari birinchi o‘rinda qadrlanadigan yurtimizda sog‘lom turmush tarzini yanada yaxshilash maqsadida malakali kadrlarni tayyorlash davlat siyosatining ustuvor masalasiga aylangan. Yurtimizda oliy ta’lim sifatining samaradorligini oshirish uchun talabalarga yaratilayotgan imkoniyatlar xorij mutaxassislarning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Zamonaviy laboratoriya xonalari, kimyo, biologiya amaliyot xonalari, sport maydonlari, maroqli dam olish uchun bog‘lar, zaruriy adabiyotlar jamlangan kutubxona talabalar ixtiyorida. Ana shunday sharoitlar yaratilgan oliygohlardan biri Toshkent pediatriya tibbiyot instituti ayni kunlarda tabobat ilmini mukammal o‘rganish ilinjida qo‘liga “Tib qonunlari” kitobini ushlagan o‘g‘il-qizlar bilan limmo-lim.

– Ochig‘i, qalbimdan kechayotgan tuyg‘ularni, hayajonni so‘z bilan ta’riflay olmayman, – deydi qashqadaryolik Nigora. – Shirin orzular bilan imtihon kunini kutyapman. Bolaligimdan oliygohlarda tahsil olayotgan talabalarni ko‘rib, o‘qishga kirishni, olima bo‘lishni orzu qilardim.

Institutda qay bir o‘g‘il-qiz bilan suhbatlashmang katta taasurotlar, cheksiz orzulari haqida to‘lqinlanib gapiradi. Osuda yurtning ozod farzandlari ko‘zlagan ezgu maqsadlariga ana shunday dadil qadamlar, qalblari to‘la shijoat bilan intiladi.

– Pediatriya tibbiyot institutiga har yili 3,5 mingdan ortiq yoshlar hujjat topshiradi, – deydi qabul komissiyasi mas’ul kotibi Qahramon Haitov. – Bu yil 410 ta o‘rin belgilandi. Qabul jarayonida abituriyentlardan ko‘proq bir xil savol berilmoqda, ya’ni biopasport bilan bog‘liq masala yuzasidan. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 5 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining 2-bandiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amaldagi pasporti 2015 yil 31 dekabrgacha haqiqiy hisoblanadi. Shu sababli abiturentlar joriy yilda ham avvalgi ko‘rinishida berilgan pasportlar orqali hujjat topshira oladi.

Yana o‘qing:  Xushxabar, raqamlar (2015/16)

Muxtasar aytganda, yoshlarning ilm olishlari, o‘qib izlanishlari, hatto chet elda tahsil olishi uchun ham mamlakatimizda yetarlicha imkoniyatlar mavjud. Bulardan to‘g‘ri foydalana olish o‘zimizga bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlariga qabul joriy yilning 20 iyuliga qadar davom etadi.

Dildora QARSHIBOYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: