GERMANIYa CHEMPIONI O‘ZBEKISTON BOLALAR SPORTIGA YUKSAK BAHO BERDI

Yurtimizda olib borilayotgan siyosatning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan bolalar sportiga qaratilayotgan e’tiborning samarasini bugun barchamiz guvohi bo‘lmoqdamiz. Sportchilarimizning xalqaro maydonlarda ko‘rsatayotgan yuksak natijalarida ham bu yaqqol o‘z aksini topmoqda.

Yaqindagina Eronda o‘tkazilgan futbol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ishtirok etgan o‘smirlarimizning qit’ada tengsiz bo‘lishlari, sportchilarimizning shu yil London shahrida o‘tkazilgan XXX yozgi Olimpiada bahslaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki ham ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikning natijasidir. Aytish mumkinki, bu yutuqlarni qo‘lga kiritilishida ko‘plab davlatlar bilan sport, ta’lim sohalarida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari ham yaxshi samara bermoqda.

Yaqinda Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan hamkorlikda “Birgalikda harakatda” shiori ostida 3 bosqichli tadbirlar ana shunday hamkorlik doirasida tashkil etildi. Ushbu loyiha uch qismdan iborat:

– yarim marafon yugurish bo‘yicha Germaniya chemipioni Ingalena Hoyk ishtirokida Toshkent viloyatida sport bayramlari;

– professional sportchi bilan individual mashg‘ulotlar o‘tkazish imkoniyati uchun yosh sportchilar orasida tanlovlar;

– Qoraqalpog‘iston Respublikasida sport bayramlarini o‘tkazish.

Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mavjud aloqalarni sport sohasida ham kengroq olib borishdan iboratdir.

Kuni kecha Toshkent viloyati Angren shahridagi 4-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabida ana shu tadbirlarning birinchi bosqichi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda Ingalena Hoyk ishtirokida o‘tkazilgan marafon yugurish va mahorat darslari sportchi bolajonlarda katta taassurotlar qoldirdi. Yosh sportchilarga mashg‘ulotlarni qay tartibda olib borish hamda sportchi uchun to‘g‘ri ovqatlanish qanchalik muhim ekanligi haqida maslahatlar berildi. Tadbir nihoyatda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi va bolajonlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

– Men avvallari O‘zbekistonda bo‘lmaganman. Ammo, davlatingiz haqida juda ko‘p eshitganman. Ayniqsa, milliy matolaringiz – atlas va adrasdan tikilgan zamonaviy liboslar meni o‘ziga maftun qildi. Bundan tashqari menga o‘zbek milliy taomlari ham juda manzur bo‘ldi. Odamlaringizning mehmondo‘stligi ham boshqa hech bir mamlakatda uchramaydi. Men avval, bunday jannatmakon yurt va ochiq chehrali odamlar davrasida bo‘lmaganman, – deydi yarim marafon yugurish bo‘yicha Germaniya chempioni Ingalena Hoyk.

Tadbir so‘nggida Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi Angren shahridagi 4-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabiga sport jihozlaridan iborat sovg‘alarni tantanali tarzda topshirdi.

Yana o‘qing:  BAXTLI BOLALIK MASKANI

Shundan so‘ng mehmonlar Angren shahridagi “Yangiobod” sport markazida bo‘lishdi. U yerda yosh sportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar barchada katta taassurot qoldirdi.

– O‘zbekistonda sportga, ayniqsa, bolalar sportiga qaratilayotgan yuksak e’tibor meni hayron qoldirdi. Men avvallari sportga bunchalar yuksak e’tibor qaratgan davlatni ko‘rmaganman. Ayniqsa, yurtingizda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining borligi sportchi yoshlarga cheksiz imkoniyatlar yaratib beradi. Aminmanki, kelajakda o‘zbek sportchilari dunyo maydonlarida yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritishadi, – deydi Ingalena Hoyk.

“Birgalikda harakatda” shiori ostida o‘tkazilayotgan sport tadbirlarining navbatdagi bosqichi Toshkent viloyatining Olmaliq shahri va Qibray tumanlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus va Mo‘ynoq shaharlarida davom ettiriladi.

Farhod TOLIPOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: