Ibratli hikoyalar
MA’QUL JAVOB
Bir odam sodiq xizmatkoridan so‘radi:
– Nimalar yeyishni istaysan?
– Nima bersangiz, o‘shani, – javob berdi xizmatkor.
– Nimalar kiyishni xohlaysan?
– Qanday libos bersangiz, o‘shani.
– Qaysi xonani ajratay?
– O‘zingiz ma’qul ko‘rganingizni.
– Uydagi qaysi ishlarni topshirishimni istaysan?
– Qaysi ishlarni qilishimni xohlasangiz, topshiravering.
Bu javoblardan keyin xoja o‘ylanib qoldi va ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarni artarkan, bunday dedi:
– Koshki men ham Rabbim huzurida shunday bo‘la olsaydim…
UMID VA MUHABBAT
Hali dunyoda odamzod yaratilmasidan avval tuyg‘ular yerda bemalol yurishgan vaqtlar ekan. Bir kun barcha tuyg‘ular yig‘ilib bekinmachoq o‘ynamoqchi bo‘lishibdi. Umid ko‘zini yumib hammani berkinishini kutib sanay boshlabdi. Hamma tuyg‘ular berkinib bo‘lgach umid qidirishga tushibdi. U ketma ket hammani topibdi. Ammo, faqat muhabbatgina topilmabdi. U gullar orasiga yashiringani sabab uni umid ko‘rmabdi. Ammo hasad tilini tiymay umidga sevgining yashiringan joyini aytib qo‘yibdi. Umid qo‘liga cho‘p ushlagancha sevgini qidirishga tushibdi.
Hozir seni topib olaman, degancha gullar orasiga cho‘p suqqan ekan cho‘p to‘g‘ri borib muhabbatning ko‘zlariga kirib, uni so‘qir qilib qo‘yibdi. O‘sha o‘sha muhabbatning ko‘zi ko‘r bo‘lib qolibdi. Bundan siqilgan umid qilgan aybini yuvish uchun doim muhabbatning qo‘lidan tutib yurarkan. Shu sabab muhabbat va umid doim birga ekan.
LUQMON VA QOVUN
Hazrat Jaloliddin Rumiy haqiqiy muhabbat va do‘stlikning alomati do‘stdan yetgan jafoni rozilik va taslimiyat bilan qabul qilish ekanini quyidagi hikoyada shunday tushuntiradi: “Bir kishiga ziyoratchilar qovun keltirishdi. U yoniga sirdosh-ko‘ngildoshi, sodiq xizmatkori Luqmonni chaqirdi va qovundan bir tilim kesib, uzatdi. Luqmon uni shunday rohat bilan yediki, ko‘rgan odamning ishtahasi ochilib ketishi tabiiy edi. Uzatilgan ikkinchi tilimni ham xuddi shunday yeganini ko‘rgach, xo‘jayin ham o‘ziga qovun kesdi. Ammo og‘ziga olar-olmas tupurib tashladi, chunki judayam achchiq edi. “Ey Luqmon, – dedi xo‘jayin. – Bunday “zahar”ni qanday qilib bol kabi yeya olding? Bunday qahrni nima sababdan lutf o‘rnida qabul etding? Bu qanday sabr? Kim bilsin, bugungacha qanday azoblarga bardosh bergan bo‘lsang? Sen shirin joningga dushmanmisan? Biror nima desang, bo‘lardi-ku? Hech qursa, ma’zur ko‘ring, yeyolmayman, deyish shuncha qiyinmi?”
Luqmon javob berdi: “Men sizning qo‘lingizdan shuncha ko‘p shirin narsalar yedim, moddiy va ma’naviy ozuqa oldimki, bularning evazini o‘tay olmasligimni o‘ylab, huzuringizda xijolatdaman. Shunday bo‘lgach, qo‘llaringiz bilan bergan narsani, qanday qilib: “Achchiq ekan, yeyolmayman”, deyman? Siz nimaiki bersangiz, xushnudlik bilan qabul qilaman! Sizdan yetgan biror aziyatdan shikoyat qilsam, boshimga tuproq sochilsin. Lutfkor qo‘lning totini bir qovunning achchiqligi qanday ketkazsin?
Xojam! Muhabbat sabab achchiq shirin, mis oltin, zindonlar gulzor, podshoh qul, qul shoh bo‘ladi. Davosiz dardlar shifo topadi. Muhabbat ila qorong‘iu uylar yorishadi, qayg‘u, iztiroblar quvonchga, yo‘ldan adashtiruvchilar saodat yo‘lini ko‘rsatuvchilarga, qahr rahmatga aylanadi”.