Malakali kadrlar – soha istiqboli
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida malakali jurnalist kadrlar tayyorlashda ta’lim muassasalari va tahririyatlar hamkorligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda jurnalistlar, universitet professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur universitet rektori G‘.Muhamedov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sh.G‘ulomov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazish, yurtdoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirishning xalqaro andozalarga to‘la mos keladigan mustahkam qonunchilik bazasi shakllantirilgan. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, o‘nga yaqin qonunchilik hujjati ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va liberallashtirish, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida milliy jurnalistikani yanada ravnaq toptirish yuzasidan bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan. Ushbu konsepsiyaga muvofiq ommaviy axborot vositalarining iqtisodiy asoslari, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlariga oid milliy qonunchiligimiz davr talablariga uyg‘un tarzda yanada takomillashtirilmoqda.
Soha uchun malakali kadrlar tayyorlash ham doimiy e’tiborda. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan yetakchi ta’lim muassasalaridan biridir.
Universitetda ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, ta’lim va amaliyot jarayonini uzviylikda olib borish uchun barcha sharoit yaratilgan. Talabalarning amaliy ko‘nikmalarini yanada boyitish maqsadida yetakchi tahririyatlar, tele– va radiokanallar, axborot agentliklari bilan izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Davra suhbatida jurnalist kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, nazariya va amaliyot uyg‘unligiga erishish, ta’lim va amaliyot hamkorligini kengaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbirda fakultetning bu yilgi bitiruvchilariga diplomlar topshirildi.
B.XIDIROVA,
O‘zA muxbiri