Beg‘ubor qalblarni asraylik
Odam savdosi transmilliy jinoyatlarning xavflisi sifatida jahon afkor ommasini tashvishlantirayotir. Mamlakatimizda bunday noxush harakatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 300-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida ushbu mavzuga oid yig‘ilishlar, davrda suhbatlari muntazam ravishda o‘tkaziladi.
– Maktabimizda odam savdosining oldini olishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, – deydi maktab ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ilmira Umarova. – Bunday tadbirlar bolajonlarimizning beg‘ubor qalbida ta’sirchanlik kuchini oshirishga yordam beradi. Shu bois, yozgi ta’til davrida ham har bir o‘quvchining qayerda, qanday ish bilan shug‘ullanayotgani nazorat ostiga olingan. Bu borada ota-onalar bilan hamkorlik yaxshi samara berayotir.
Yaqinda maktab oromgohida “Qullikka tushib qolmang” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan odam savdosi eng og‘ir jinoyat ekanligi, hech bir fuqaro, ayniqsa, yoshlar uning ta’siriga tushib qolmasliklari uchun ogoh bo‘lish, huquq-tartibot idoralari, keng jamoatchilik o‘zaro hamkorlikda ish yuritishi lozim ekanligi ta’kidlandi.
M. XO‘JAMURODOVA