ONA VA BOLA SKRININGI: SOG‘LOM AVLOD KAFOLATI
Dunyoda onalik baxtidan ulug‘roq baxt bormikin, uning har bir lahzalari bebaho va unutilmasdir. Murg‘ak go‘dak uchun esa onaning bag‘ridan halovatliroq joy yo‘q. Zero, bola faqatgina onasining quchog‘ida o‘zini xotirjam va ishonchli sezadi.
Millatning kamoloti, mamlakat ravnaqi bevosita bu ikki insonning xotirjamligi, sog‘lig‘iga bog‘liq. Qaysi yurtda onalar va bolalar baxtiyor bo‘lib, kulgusi yangrasa bu vatanning ertangi kuni nurafshon bo‘lishi aniq. Mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ham ana shu onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom avlod tug‘ilishi va uni tarbiyalash uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratib berish hisoblanadi. O‘zbekiston aholisining salomatligi va kelajak avlod haqida g‘amxo‘rlik qilish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, hamda sog‘lom ekologik muhitni yaratish davlatimizning kelajagi bilan uzviy bog‘liq. Buning uchun respublikada ona va bola salomatligini yaxshilash, nogironlikni oldini olish maqsadida onalar va bolalarga maxsus xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, sog‘lom ekologik muhitni saqlash uchun umumdavlat miqiyosida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2009 yilning 13 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ona va bola salomatligini muhofaza qilish hamda sog‘lom avlodni shakllantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “2009-2013 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi Qarorlari doirasida aholi reproduktiv salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish xizmat tizimini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, qator mamlakatlarda populyasion genetik skrining xizmatini tashkil qilinishi aholi o‘rtasida tug‘ma va irsiy kasalliklarni sezilarli darajada kamayishiga olib kelgan. Shuning uchun ushbu muammoni nafaqat tibbiy balki ijtimoiy muammo bo‘lganligini hisobga olib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 140-sonli qaroriga binoan 1998 yilda bolalikdan nogironlikka olib keluvchi tug‘ma va boshqa kasalliklarni homiladorlarda erta aniqlash maqsadida “Ona va bola skriningi” Davlat dasturi qabul qilindi.
Davlat dasturiga muvofiq bolalarni har tomonlama sog‘lom tug‘ilishini ta’minlash, tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish maqsadida respublikada skrining markazlar tashkil etildi. Tashkiliy jihatdan skrining markazlar 12 ta mintaqaviy va Respublika skrining markazidan (Toshkent shahrida) tashkil topgan hamda mamlakatimiz bo‘yicha chaqaloqlar va homilador ayollarning skrining tekshiruvlari bilan qamrab olgan.
Skrining markazining asosiy maqsadi — homilani rivojlanish nuqsoni yoki nogironligiga olib keluvchi kasalliklar bilan tug‘ilishini oldini olish va irsiy kasallik bilan tug‘ilgan bolalarga maxsus tibbiy-genetik xizmat ko‘rsatishdan iborat hisoblanadi.
Markaz o‘zining asosiy maqsadini amalga oshirish uchun uch yo‘nalish bo‘yicha faoliyat olib boradi:
— prenatal (tug‘ruqqacha bo‘lgan) davrda homilada rivojlanish nuqsonini aniqlash;
— yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni tug‘ma gipotireoz va fenilketonuriya kasalliklariga ommaviy skriningdan o‘tkazish;
— irsiy va tug‘ma kasallik bilan tug‘ilganlarga va shunday farzandlari bor oilalarga tibbiy-genetik maslahat berish.
Skrining markazlarida ota-onaning yoshi 19 yoshdan kichik va 35 yoshdan katta bo‘lsa, bo‘lajak onada homiladorlikning erta davrida homila tushishi xavfi yuqori bo‘lsa, endokrinopatiya(patologiya-nuqson)lar hamda TORCH-infeksiyasi bilan zararlanish aniqlanib, farzandi tug‘ma rivojlanish nuqsoni bilan tug‘ilgan bo‘lsa, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh aniqlansa skrining tekshiruvidan o‘tishga ko‘rsatma beriladi.
Hozirgi vaqtda 3500 dan ziyod irsiy va tug‘ma kasalliklar ma’lum bo‘lib, bunday xastaliklarning ayrimlari bolalik davrida aniqlanar ekan. Ba’zi irsiy kasalliklar nasldan naslga, ya’ni ota yoki onadan farzandlariga o‘tsa, ayrim kasalliklar tashqi ko‘rinishidan sog‘lom bo‘lgan ota-onaning farzandlarida (kasallik yashirin irsiylanganda) ham aniqlanadi.
Oilada irsiy kasalliklar bilan bola tug‘ilishining sabablaridan biri yangi mutatsiyalarning (de novo mutatsiyasi) paydo bo‘lishi hamda qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohdir. Er-xotin qarindosh bo‘lgan oilalarda boshqa oilalarga qaraganda nasldan-naslga o‘tadigan kasalliklar bilan bolalar tug‘ilishi nisbatan ko‘p uchraydi. Chunki, har bir bola o‘z genlarining yarmini onadan, ikkinchi yarmini otasidan oladi. Tabiiyki, qarindoshlar o‘rtasidagi nikoxda kasallik genlarini tashuvchisi bo‘lgan ota-onalarda irsiy xastalik genlarining uchrash ehtimoli yuqoridir. Ya’ni, qarindosh-urug‘chilik qanchalik yaqin bo‘lsa ularning nasldan-naslga o‘tuvchi kasallik genlarini bir-biri bilan uchrash ehtimoli shuncha yuqori bo‘ladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, shuning uchun ham qarindosh bo‘lmagan oilalardan ko‘ra o‘zaro yaqin qarindosh bo‘lgan oilalarning farzandlari orasida irsiy kasalliklarning uchrash xavfi yuqori bo‘lar ekan. Yoshi 35 dan katta bo‘lgan ayollardan tug‘ilgan bolalarda ham tug‘ma va irsiy kasalliklarning uchrash xavfi yuqori. Balog‘atga yetmay ona bo‘lgan ayollarning farzandlarida tug‘ma irsiy kasalliklar kattaroq yoshdagi ayollarga nisbatan uchrash xavfi yana ham yuqoridir. Chunki, qizlarimiz 16-17 yoshga to‘lgani bilan ularning organizmi homilaning taraqqiy etishiga va bola tug‘ishga fiziologik hamda psixologik jihatdan ham tayyor bo‘lmaydi. Ilmiy ma’lumotlarga qaraganda qizlar 19 yoshga yetgach fiziologik jihatdan yetiladilar. Xususan, endokrin tizim va jinsiy a’zolar to‘liq shakllanadi.
Shuning uchun 20-30 yoshlar orasida ona bo‘lish vaqti eng maqbul davr hisoblanar ekan. Ammo ba’zi oila kattalari o‘z qizlarini erta turmushga berish oqibatida o‘zlari anglamagan holda o‘nglab bo‘lmaydigan muammolarga duchor qilishadi. Natijada yoshlar shoshilinchda qilingan qarorlar qurboniga aylanishadi.
Sog‘lom farzand ko‘rish oila baxti, ota-ona quvonchi. Uning dunyoga kelishi ikki yoshni yanada birlashtiradi. Oilani mustahkamlaydi. Sog‘lom farzand ko‘rishni istagan bo‘lajak ota-onalar o‘z reproduktiv salomatligi haqida chuqur o‘ylashi kerak. Agar ayolda surunkali somatik(ichki), o‘tkir va surunkali kasalliklar (TORCH-infeksiyasi) hamda endokrin kasalliklar bo‘lsa ular zudlik bilan mutaxassis-shifokorga murojaat qilib davolanganlaridan keyin homilador bo‘lishlari zarur. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh genetigi, Respublika Skrining markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Madina Sharipova bu borada shunday fikrda:
– Albatta, bo‘lajak onalar homiladorlikning erta davridan (homiladorlikning 10 haftasigacha) mutaxassis-shifokor nazorati ostida bo‘lib o‘zlari va farzandlarining sog‘liqlari uchun zarur bo‘lgan maslahatlarni olishlari kerak. Homilador bo‘lishdan oldin va homiladorlik davrida tarkibida mikronutriyentlar (vitaminlarning mikroelementlar bilan kompleksi) — yod, temir va foli kislotasi saqlagan polivitaminlarni hamda oqsilga boy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishlari lozim. Nogiron bolalar tug‘ilishini oldini olish uchun tug‘ruqlar oralig‘i kamida 3 yil bo‘lishi lozim. Chunki, shu vaqt ichida ayol o‘zining reproduktiv salomatligini tiklab oladi. Farzand ko‘rish orzusida yurgan hurmatli ayollarimiz o‘z sog‘lig‘iga mas’ul bo‘lish bilan barobar tug‘ilajak farzandlariga ham e’tiborli bo‘lsa, ulardan tug‘iladigan bolalar ham jismonan, ham aqlan sog‘lom bo‘ladilar. Shuningdek, skrining tekshiruviga tavsiya etilgan ayollar kechiktirmasdan o‘z vaqtida ko‘rikdan o‘tmoqlari shart. Bu tekshiruv o‘zlarining va farzandlarining salomatligi uchun juda muhim.
Har bir inson baxtli bo‘lishga haqli. Bu baxt ko‘pincha o‘z sog‘lig‘imiz bilan bog‘liq. Yangi hayotga qadam qo‘ygan yoshlar sog‘lom hayot kechirish va baxtli bo‘lishi uchun imkoniyatlar bisyor. Buning uchun ular sog‘lom turmush tarziga rioya etish, Vatanga munosib bo‘lgan sog‘lom va komil farzandlarni voyaga yetkazish mas’uliyatini unutmasliklarini so‘rar edik. Ishonamizki, kattalar ham bu borada ularga o‘rnak bo‘ladilar.
Ma’rifat TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri