SPORT
TRAMPOLIN
Yaponiyaning Tokio shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida hamyurtimiz Amiran Babayan munosib ishtirok etib, joriy yilda Xitoyning Nankin shahrida bo‘ladigan II o‘smirlar Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Ushbu nufuzli musobaqaning yakkalik bahslarida qatnashgan sportchimiz kuchli to‘rtlikdan joy oldi.
Shunday qilib, o‘smirlar Olimpiadasida yurtimiz sharafini himoya qiluvchi sportchilarimiz badiiy gimnastika bo‘yicha – 7 ta, og‘ir atletika va boksda – 3 tadan, akademik eshkak eshish, o‘q otish, sport gimnastikasi va yunon-rum kurashida – 2 tadan, taekvondo WTF, dzyudo, baydarka va kanoeda eshkak eshish, stol tennisi, trampolin va xotin-qizlar kurashida bittadan yo‘llanmaga ega.
YUNON-RUM KURASHI
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida hamyurtimiz Islom Bahromov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Mazkur nufuzli musobaqada qit’amizning yigirmaga yaqin davlatidan eng sara kurashchilar bellashdi.
Yunon-rum kurashi bellashuvlarida 50 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida polvonimiz qirg‘izistonlik Sirgak Maqsadbekov, KXDR vakili Nam Kvon, hindistonlik Anil Anil ustidan g‘alaba qozonib, Osiyo chempioni bo‘ldi.
GIMNASTIKA
Portugaliyaning Anadiya shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha jahon kubogi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Yigirmaga yaqin davlatdan 100 nafarga yaqin sportchi ishtirok etgan nufuzli musobaqada yurtimiz sportchilari ikkita bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Iqtidorli sportchimiz Asal Saparboyeva brusda mashq bajarishda 12,2 ball jamg‘argan bo‘lsa, Yelena Rega erkin mashq bajarishda 12,52 ball to‘pladi.