Qaddi rasolik – inson ko‘rki
umurtqa pog‘onasining sog‘lig‘i umrga umr qo‘shadi
Har bir oilaning vazifasi – aqlli-hushli, kelishgan va sog‘lom bolalarni tarbiyalashdan iborat. Har bir bolaning to‘g‘ri gavda tuzilishi, qaddi-qomati bu shu xalqning sog‘lomlik ko‘rsatkichidir, madaniyatining oynasidir.
– Qaddi-qomatni to‘g‘ri shakllantirish va parvarish etish va mustahkamlash bu uzoq jarayon. Bolalarning qaddu qomatini tik tutishga ota-onalar bolalikdan e’tibor berishlari zarur. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalari maktab, kollej va boshqa ta’lim muassasalarida ham ustoz va murabbiylar e’tiborni susaytirmaslik kerak, – deydi biz bilan suhbatda, Travmatologiya va ortopediya ilmiy tekshirish instituti, Bolalar ortopediyasi bo‘limi boshlig‘i, professor Ahror Jo‘rayev.
Qaddi-qomat – odamning vertikal holatini belgilaydi. Har kungi turmush tarzi ham odamning qaddi-qomatini o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Kishining kayfiyati yaxshi yoki yomonligi va qaddini tutish holatlari, o‘ta charchoqlik shular jumlasiga kiradi.
Kelishgan qaddi-qomat hayotda ayrim sabablarga ko‘ra yomonlashishi mumkin. Bunday holat bolaning birinchi yil maktabda o‘qish paytida, ya’ni normal qaddi-qomati buzilishi partada noto‘g‘ri o‘tirishning natijasi hisoblanadi. 7 yoshlarda bolaning mushaklar boylami birlashmasi o‘tirishning fiziologik holatiga moslashib boradi. Umurtqa pog‘onasiga birikkan mushak va boylamlarning ta’sirida uning funksiyasi o‘zgarib turadi. Kelishgan, chiroyli qaddi-qomat, avvalambor, bosh va umurtqalarni to‘g‘ri joylashishi, kurak va yelkani simmetrik holati, belni bir xil uchburchagi, dumba burmasini joylashuvi, umurtqa do‘mboq o‘sig‘ini vertikal holati, umurtqaning fiziologik burilishlari, hamda qo‘l-oyoqlarning bir xil uzunligi va oyoq panjasini bir xil holatidir.
Umurtqa pog‘onasida harakatli va harakatsiz bo‘limlar farqlanadi. Bo‘yin qismi 7 umurtqa suyagidan va ko‘krak 12 umurtqa hamda bel 5 umurtqa suyagidan iborat – bular harakatli bo‘limdir. Dumg‘aza esa harakatsiz qismdir.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqning umurtqa pog‘onasi to‘ppa-to‘g‘ri holatda bo‘ladi. O‘sish va rivojlanish jarayonida uning qismlarida fiziologik egrilik hosil bo‘ladi. Chaqaloqning mushak tizimi rivojlanishi bilan u boshini tutib tura oladi. Natijada umurtqa pog‘onasini bo‘yin qismida fiziologik egrilikning qabariq yoyi oldinga qaragan bo‘ladi. Qachonki, bola o‘tirishni o‘rganganidan keyin umurtqasining ko‘krak sohasida egrilik hosil bo‘ladi. Bu yoyning qabariq yoyi esa orqaga qarab shakllanadi. Asta-sekin bel sohasida ham qabariq yoy hosil bo‘lib u oldinga qaragan bo‘ladi. Fiziologik egrilik 6-7 yoshlarga borib aniq farqlanadi. Umuman suyaklarning o‘sishi 18-20 yoshlarga borib to‘xtaydi va hamma fiziologik egriliklar bu vaqtga kelib silliqlanadi. Chunki, insonning mushak va boylam birikmalari, tog‘ay sohasi qavatlari juda ham harakatchan va egiluvchan holatga yetadi. Eng muhimi umurtqa pog‘onasining yaxshi rivojlanishiga normal sharoit yaratish, kishining chiroyli kelishgan qaddi-qomatga ega bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Umurtqa pog‘onasi fiziologik egriliklarining noto‘g‘ri rivojlanishi natijasida bolaning, qaddi-qomati qiyshiq bo‘lib qoladi. Uning sog‘lom o‘sishiga ta’sir etadi. Fiziologik egriliklar umurtqa pog‘onasini egiluvchan xususiyatlarini oshiradi hamda odamning ichki a’zolarini tashqi muhit shikastlanishlaridan asraydi.
Qomatning orqa sohasi nuqsonlaridan yumaloq-bel turi mavjud. Bu tur bolaning tez rivojlanishi paytida mushak-boylam tizimining kuchsizligi natijasida kuzatiladi. Gavdaning orqa qismida ko‘krak sohasida umurtqa tekis holda ko‘rinadi. Kurak qanotsimon shaklda, yelka sohasi osilgan, bosh oldinga egilgan, qorin esa oldinga chiqqan holatda ko‘rinadi. (Qorin mushagini yaxshi rivojlanmaganligi tufayli qorin atopiyasi vujudga keladi). Bunday nuqsonlar ko‘pincha 9-13 yoshli qiz bolalarda uchraydi.
Qaddi-qomatning orqa sohasi tekis-bel turi farqlanadi. Bu tur nuqsonda umurtqaning hamma fiziologik egriliklari silliq, tekis bo‘ladi va umurtqaning egiluvchanlik xususiyati kamayishiga sabab bo‘ladi.
Yana qaddi-qomatning orqa sohasida yumoloq-bukilgan turi mavjud bo‘lib, bunda hamma fiziologik egriliklar yanada ko‘proq egiladi. Qaddi-qomatning tekis-bukilgan bel turi mavjud bo‘lib, bunda faqat bel sohasida bukilish ko‘proq bo‘lib, ko‘krak va bo‘yin sohasi egriliklari tekislanadi.
Umurtqa pog‘onasi va ko‘krak qafasidagi bu nuqsonlar bir butun organizmning funksiyalarini buzilishi hisoblanadi. Bunday nuqsonli bolalar, o‘quvchilar parishonxotir, lanj, asabi bo‘shroq, jahldor bo‘lishadi. Ular bronxit, o‘pka yallig‘lanishi va sil kasaliga beriluvchanligi kuzatilgan.
Ba’zan to‘g‘ri normal rivojlangan bolalarning umurtqa pog‘onasida u yoki bu yon tarafga qiyshayish holati uchraydi bu skolioz deyiladi. Bu haqida keyingi maqolalarimizda batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Qaddi-qomatning buzilishlariga olib keluvchi omillar talaygina. Raxit, kamqonlik , surunkali nafas yo‘llarini yallig‘lanishi, yuqumli infeksion kasalliklar shular jumlasidandir.
Bolalarni sog‘lig‘i va qaddi-qomatini buzilishlarida eng avvalo yaxshi ovqatlanmaslik, ochiq havoda sayr qilmaslik, yetarli uxlamaslik, suv sportlari, gimnastika bilan shug‘ullanmaslik, maktabda partalarning bolalarga mos kelmasligi hamda og‘ir sumka ko‘tarish bunday nuqsonlarni rivojlanishiga olib keladi.
Skolioz kasalligi 7 yoshdan 15 yoshgacha uchraydi. Bu kasallikning profilaktikasi bolalarning qaddi-qomatini to‘g‘ri shakllanishga e’tibor qaratish hamda uning yetishmovchilik va nuqsonlarini malakali davolashdan iborat. Bolalarni 6 oygacha o‘tirgizmaslik va undan keyingi vaqtga kelib o‘zi o‘tirmaguncha kutish kerakligini ota – ona unutmasligi kerak, 3 oylikdan boshlab bolani tez-tez qoringa yotqizish maqsadga muvofiqdir. 9 oygacha bolani oyoqqa qo‘yishga shoshilmaslik tavsiya etiladi.
Go‘daklarga 6 oydan 1,5 yoshgacha bo‘lgan davrda xamir ovqatlarni bermaslik kerak. 6 oygacha ona suti, mevalar sharbati, poliz mahsulotlaridan qaynatma bo‘tqa tayyorlab berish, yog‘siz go‘sht va baliqlardan qaynatmalar berish mumkin. Bular hammasi o‘sayotgan organizmni kerakli mineral tuzlar va vitaminlar miqdori bilan ta’minlaydi.
Bolaning qaddi-qomatning profilaktikasi uchun albatta 2-3 yoshdan boshlab kompleks gimnastika mashqlariga e’tibor berish kerak. Ularga 3 yoshdan boshlab chana yoki chang‘i uchishni o‘rgatish zarur.
Eng asosiysi bolalarning poyabzaliga e’tibor qaratish kerak. Oyoq kiyimlari katta ham kichik ham bo‘lmasligi shart. Agar yassi oyoqlik mavjud bo‘lsa, albatta maxsus patak – supinator bilan poyabzal kiyish tavsiya etiladi.
Sahifani Sirojiddin ShONAZAROV tayyorladi