“OZODALIK DAFTARI”
unda salomatlik uchun muhim qoidalar yoziladi
Tonggi soat 5-6 lar chamasi… Ertalabki badantarbiya uchun ko‘chaga chiqqandim. Piyodalar yo‘li bo‘ylab yugurayotgan yoshi 60-70 lardan oshgan otaxon va onaxonlarga ko‘zim tushdi. Ular bilan suhbatlashdim. Sultonxon opa Rahimboyeva 72 yoshda va Zupar aka Habibullayev 67 yoshda. Ular har kuni yoshlariga mos badantarbiya bilan shug‘ullanishlari, bu ularning hayotdan to‘laqonli zavq olishlariga yordam berayotgani haqida gapirishdi. Ushbu guruhning shakllanishiga turtki bo‘lgan hamshiraga rahmat aytishdi. Bu poytaxtimizdagi Mirzo Ulug‘bek tumani, 6-son oilaviy poliklinika bosh hamshirasi, uzluksiz kasbiy ta’lim yo‘nalishi murabbiyi Ra’no Nishonova ekan.
Raisa Sa’dullayeva, 6-son oilaviy poliklinika bosh shifokori:
– Farzand salomatligi, kelajagimiz, millatimiz salomatligidir. Bu yil “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining 161-qaroriga asosan qabul qilingan “Salomatlik-3” loyihasi bo‘yicha aholi o‘rtasida muntazam ravishda mahalla yig‘ini faollari bilan hamkorlikda tushuntirish ishlari olib bormoqdamiz. Har kuni bir nafar hamshira oltita xonadonga kirib suhbat o‘tkazadi. Har bir xonadonda tashkil etilgan “Ozodalik daftari”ga oila a’zolarining salomatligi, xonadon sarishtaligi haqida ma’lumotlar qayd etiladi. Haftaning dushanba kuni nuroniylar, seshanba homiladorlar, chorshanba bolalar va o‘smirlar, payshanba xonadon tozaligi va ekologiya, juma ayollar va qizlar kuni, shanba esa o‘quv muassasalari kuni sifatida belgilangan. Ana shu reja asosida masalan, nuroniylar bilan ratsional ovqatlanish, turli kasalliklar profilaktikasi yoki homilador ayollar bilan homiladorlik qanday kechayotganligi, ratsional ovqatlanish, qiz va o‘g‘il bolalarning jinsiy tarbiyasi borasida suhbatlar olib boriladi. Homilador ayollarni haftada ikki marta o‘tiladigan “Yosh onalar maktabi”ga jalb etiladi.
Ra’no Nishonova o‘z ishiga mas’uliyatli, qo‘l ostidagi hamshiralarga nisbatan talabchan hamda o‘z ustida ishlashdan charchamaydi. Shuningdek, u mahallalarda tashkil etilgan “Salomatlik sektori” ishlariga ham bosh-qosh.
Ra’no Nishonova, 6-son oilaviy poliklinika bosh hamshirasi, uzluksiz kasbiy ta’lim yo‘nalishi murabbiyi:
– 1993-94 yillar edi. Men tug‘ruq ta’tilida edim. Kundalik odat bo‘yicha turmush o‘rtog‘im bilan ertalabki badantarbiya bilan shug‘ullanardik. Asta-sekin bizning atrofimizga o‘z salomatligiga befarq bo‘lmagan mahalladoshlarimiz qo‘shilishdi. Bugungi kunda ham ular ertalab ikki soat davomida yengil yugurish, turli jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishadi. Bu esa kun bo‘yi ularga tetiklik baxsh etadi. Inson salomatligi avvalo uning to‘g‘ri ovqatlanishi, shaxsiy gigiyenasi bilan bog‘liq. Shu bois har bir xonadonda “Ozodalik daftari” tashkil etilgan. Bizning salomatlik muassasamiz tibbiyot xodimlari ana shu daftar orqali aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga o‘zlarining hissasini qo‘shib kelishmoqda. Jumladan, aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish, mehnat gigiyenasi va mehnat tartibiga rioya qilish, sog‘lomlashtirish hamda to‘g‘ri nafas olish mashqlari (yoshiga qarab) ni ham o‘rgatishadi. Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bemorlar mavjud xonadonlar alohida inobatga olinadi. Boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz qariyalarga Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga qarashli tashkilotlar, “Qizil yarim oy” jamiyati xodimlari bilan hamkorlikda ularning moddiy ta’minoti va parvarishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga harakat qilamiz. Oila shifokori va hamshiralarimiz ularning salomatligini nazorat qilishadi. Mahalla yig‘inlari tomonidan ham ular uchun moddiy yordam ajratiladi.
Gavhar Mahmudova, hamshira: – Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan to‘rtta umumta’lim maktabi, Toshkent shahridagi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan respublika kasb-xunar kolleji, to‘rtta maktabgacha tarbiya muassasalarida hamda SOS – bolalar mahallasida umumiy amaliyot shifokori hamda Respublika Salomatlik va tibbiy statistika instituti xodimlari bilan hamkorlikda bayram tadbirlari, salomatlik bilan bog‘liq turli mavzularda suhbatlar o‘tkazamiz. O‘smir yoshdagi o‘g‘il-qizlar o‘rtasida turli noxush holatlarning oldini olish maqsadida “Chekish – illat”, “Erta nikohlarning oldini olish”, “Tibbiy madaniyat – salomatlik garovi” mavzularida suhbatlar o‘tkaziladi.
Davolovchi jismoniy tarbiya hamshirasi Hilola Eshonova poliklinikadagi trenajyor xonasida terapevt, nevropatolog yoki davolovchi shifokorlar tavsiyasi bilan asosan osteoxondroz, umurtqa pog‘onasi churrasi, yassi oyoqlik, qaddi-qomatning buzilishi kabi xastaliklarni davolashda o‘z hissasini qo‘shib kelayotgani haqida gapirdi.
Farida Abdullayeva, uy bekasi:
– Oilaviy shifokorimiz “Ozodalik daftari”ni muntazam ravishda nazorat etib turadi. Ikkinchi farzandim dunyoga kelishidan oldin haftaning seshanba kunlari xonadonimizga kelib homiladorlik davri qanday kechayotgani, salomatligim haqida so‘rab, kerakli maslahatlarini berib turdi. Natijada sog‘lom farzand ko‘rdik. O‘zimda osteoxondroz xastaligi bor edi. Shifokor tavsiyasi bilan poliklinikada tashkil etilgan trenajyor xonasida o‘z salomatligimni tiklamoqdaman. Tibbiyot xodimlariga rahmat.
Hozir ayni pishiqchilik davri. Bu davrda ayniqsa bolalar o‘rtasida o‘tkir me’da-ichak, virusli gepatit, suvchechak kasalliklari ko‘proq uchraydi. Shu bois bu kasalliklar haqida mazkur salomatlik muassasasi shifokor va hamshiralari Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan o‘nta mahalla aholisi o‘rtasida reja asosida tushuntirish ishlarini olib bormoqda. O‘z salomatligini mustahkamlashda fuqarolarning o‘zini anglashi katta ahamiyatga ega. Bu borada tibbiyot xodimlari aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borayotgani ayni muddao. Yurtdoshlarimiz albatta sog‘lom va jismonan baquvvat, ma’nan barkamol avlodni voyaga yetkazishlari shubhasiz. Bu esa amalda o‘zining natijasini ko‘rsatadi, deb umid qilamiz.
M.XO‘JAMURODOVA,
muallif olgan surat.