Inklyuziv ta’lim: mohiyat, maqsad va muruvvat

Anvar to‘qqiz yoshda. Bugun uni ko‘rgani sinfdoshlari kelishdi. Do‘stlar diydoridan Anvarning ko‘ngli tog‘day ko‘tarildi. Mana, bir necha yildirki, u umurtqasi falajlanib, to‘shakda yotib qolgan. O‘qituvchilari uyiga kelib dars berishadi. Anvar boshqa sinfdoshlari kabi maktabga qatnashni, darslarni qunt bilan o‘zlashtirishni juda xohlaydi. U bu orzusi yo‘lida tinmay kurashmoqda. Shifokorlarning ta’kidlashicha, unda yaqin oylar ichida bemalol harakatlanib ketish ehtimoli yuqori. Zero, bugungi kunda yurtimizda Anvar va unga o‘xshash xastalanib qolgan bolajonlarga ta’lim-tarbiya berish, sog‘liqlarini yaxshilash yo‘lida samarali tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda xalqaro YUNISEF tashkiloti tashabbusi bilan poytaxtimizdagi qator maktablarda “Safimizga qo‘shiling” shiori ostida maxsus darslar tashkillashtirildi. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad sog‘lom bolalarda nogiron bolalarga nisbatan to‘g‘ri munosabatni shakllantirish, ularga bag‘rikenglik tuyg‘ularini singdirishdan iboratdir.

Imkoniyati cheklangan insonlar uchun tashkil etilgan xayrixohlik darslari (inklyuziv darslari) ularning jamiyatga integratsiyalashuviga nisbatan ijobiy, ijtimoiy fikrning shakllanishiga yordam beradi. “Safimizga qo‘shiling” dasturi nogironlarga nisbatan bunday yondashuvga to‘liq mos keladi. Zero, dasturning maqsadi uning qatnashchilarida kishilarga g‘amxo‘rlik, adolatparvarlik, rahmdillik kabi umuminsoniy qadriyatlarni rivojlantirishga, o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan mas’uliyat, hurmat va e’tibor bilan qarashga yo‘naltirishdan iboratdir.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda dunyo miqyosida 750 milliondan ortiq nogironlar istiqomat qilmoqda. Ajablanarlisi, ularning 80 foizi rivojlangan mamlakatlar fuqarolaridir. Jahondagi har o‘n nafar boladan biri nogiron ekanini hisobga olsak, qanchadan-qancha bola mehr va muhabbatga zorligini tasavvur qilishi mumkin. Rivojlanmagan davlatlarda, jumladan, Afrika qit’asidagi qashshoq mamlakatlarning ko‘pchiligida nogiron bolalarning atigi 2-3 foizigina maktabga boradi.

Inklyuziv ta’lim haqida gap ketganda, avvalo ushbu tushunchaning mazmun va mohiyatini bilib olishimiz lozim. Inglizcha “inclusive”, “inclusion” so‘zlari “uyg‘unlashmoq”, “qamrab olmoq” ma’nolarini anglatadi. Bunday ta’lim jarayonida bolalar o‘zlarining jismoniy, psixologik, intellektual, etnik-madaniy, til va boshqa xususiyatlaridan qat’iy nazar umumiy ta’lim tizimiga biriktirilgan bo‘ladi. Bunday ta’limda ular sog‘lom tengdoshlari bilan birga jismoniy imkoniyatlari hisobga olinadigan va kerakli maxsus yordam ko‘rsatiladigan umumta’lim maktablarida tahsil olishadi.

Bunday ta’lim jarayonida rivojlanishida kamchiligi bo‘lgan bolalar maktab qoshida tashkil qilingan maxsus guruhlarda emas, balki o‘z tengqurlari bilan bir sinfda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Mana shunday darslardan biri Toshkent shahridagi 34-umumta’lim maktabida tashkillashtirilgani quvonchli hodisadir. Maxsus darslar maktabning 5-,7– va 8-sinflarida olib borildi. Darslarda inklyuziv ta’limga oid mavzular yoritilib, o‘quvchilar imkoniyati cheklangan insonlar hayoti, ularning jamiyatda tutgan o‘rni va ahamiyati haqida atroflicha tushunchaga ega bo‘lishdi. Darslardan ko‘zlangan asosiy maqsad imkoniyati cheklangan bolalarni jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishda yaqindan ko‘maklashish, ularni o‘zlari sevgan kasbga yo‘naltirish, o‘zlariga bo‘lgan ishonchni yanada orttirishdan iboratdir. Eng asosiy maqsad esa albatta, imkoniyati cheklangan bolalarni tengdoshlari bilan yaqindan do‘st tutinishlariga erishishdir.

Yana o‘qing:  QADRIYATGA AYLANGAN FAOLIYAT

– Maktabimizda tashkillashtirilgan maxsus darslar xalqaro YUNISEF tashkiloti tomonidan olib borildi. Ushbu yangi darslarni “Safimizga qo‘shiling” deya nomladik. Darslar jarayonida turli sinf o‘quvchilari bilan suhbat-treninglar olib borilib, ularga tengdoshlari, qiziqish va imkoniyatlari haqida batafsil tushuntirib o‘tildi. Biz ularning tengdoshlari bilan do‘stlashib ketishlariga ishonamiz, – deydi 34-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Mavluda Nabixonova.

Tashkillashtirilgan maxsus darslarni bevosita kuzatgan xalqaro YUNISEF tashkiloti vakili Robert Bertli darslar yuqori saviyada tashkil etilganini e’tirof etdi. Bugungi kunda inklyuziv ta’lim dunyoning turli mamlakatlari ta’lim tizimiga tatbiq etilmoqda. Maxsus metodik qo‘llanma asosida tayyorgarlikdan o‘tgan ustoz va murabbiylar tomonidan olib borilayotgan dars mashg‘ulotlari o‘z samarasini berayotir.

“Hamma maktab o‘quvchilari tengdirlar”, “Hamma o‘quvchilar o‘z tengdoshlari va o‘qituvchilari bilan muloqot qilishda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishlari kerak” kabi qoidalar inklyuziv tizimidagi maktabning asosiy tamoyillaridan hisoblanadi.

Nogironlik yoki bo‘lmasa biron nuqson bilan tug‘ilish ayb emas, albatta. Nogironlardan ko‘plab buyuk shaxslar yetishib chiqqanligidan ba’zilar bexabardir. Ular tomonidan amalga oshirilgan ulkan ishlar, buyuk kashfiyotlar, ba’zi bir tani sog‘ odamlarning ham qo‘lidan kelmasligi bor gap.

Pifagor, Yuliy Sezar, Gyote, Lyudvig van Betxoven, Bayron, Albert Eynshteyn, Fyodor Dostoyevskiy nomlarining o‘ziyoq hayratingizga sabab bo‘lishi tabiiy.

Buyuk yunon faylasufi va matematigi Pifagor epilepsiya kasalligi bilan og‘rigan. Bu kasallik unda tez-tez xuruj qilib turar edi. Ammo shunday og‘ir dard ham uning geometriya, astronomiya, falsafa kabi o‘nlab fanlarda ilmiy kashfiyot qilishiga to‘sqinlik qila olmadi.

Gap insonning sog‘ yoki nosog‘lomligida emas, balki o‘zidan qoladigan ishlari, yaxshi amallaridadir. Yaqin yillar ichida yurtimiz ta’lim muassasalarida inklyuziv ta’limning ijobiy samara berishiga, umumta’lim maktablarida imkoniyati cheklangan bolalar tengdoshlari qatori bir safda ta’lim-tarbiya olishlariga ishonamiz.

Barno LUTFULLAYEVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: