Yozgi ta’til – yilga tatir
– Oyijon, suyunchi bering! Bu yil yozgi ta’tilni yangi tashkil etilgan “Badiiy ijodiyot” oromgohida o‘tkazarkanmiz.
Abrorjonning bir quvonchiga o‘n quvonch qo‘shilib so‘zlayotganini ko‘rgan Saodat opa o‘g‘lining shodligiga sherik bo‘ldi:
– O‘zimning a’lochi o‘g‘limdan aylanay, barakalla, – deya uni bag‘riga bosib peshonasidan o‘pib qo‘ydi.
O‘g‘li Abrorjon borayotgan oromgohga nafaqat Saodat opa, hoy-nahoy bu maskanga siz ham qiziqayotgan bo‘lsangiz kerak-a? O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2014 yil yoz mavsumida jami 950 ta oromgoh faoliyat ko‘rsatadi. Ulardan 214 nafari statsionar, 736 tasi esa kunduzgi oromgohlardir. Ushbu dam olish maskanlariga 281 ming 342 nafar bola qamrab olinadi. Kunduzgi oromgohlarni tashkil etish, bolalarning maroqli hordiq chiqarishi uchun qulay shart-sharoitlarga ega bo‘lgan 736 ta ta’lim muassasasi tanlab olindi. Ularning 532 tasi umumtalim maktabi, 107 tasi maktab-internat, 85 tasi kasb-hunar kolleji, 6 tasi akademik litsey, 5 tasi maktabgacha ta’lim muassasalaridir. Qolaversa, bu yil besh yo‘nalishda 68 ta ixtisoclashtirilgan oromgoh tashkil etish belgilangan. Shuningdek, joriy yilda qo‘shimcha ravishda 8 ta “Ekologik-biologik, o‘lkashunoslik”, 11 ta “Texnik ijodkorlik” hamda “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari uchun 2 ta ijtimoiy moslashuv oromgohlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tashkiliy ishlar esa O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2014 yil 7 aprelda 2572-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Respublika oromgohlarida bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish Konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan “Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari to‘g‘risidagi Nizom” asosida amalga oshrilayotir.
Darvoqe, Abrorjon va uning sinfdoshlari dam oladigan “Badiiy ijodiyot oromgohi” esa bu yil har bir viloyatda 1 tadan tashkil etiladi. Mazkur yo‘nalishdagi dam olish maskani bolalarning badiiy va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, ularning boshlang‘ich kasb sirlarini o‘rganishlari uchun puxta zamin hozirlaydi. Bu yerda o‘quvchilar xalq amaliy san’at bezagi, dizayn, tasviriy san’at, haykaltaroshlik, yumshoq o‘yinchoqlar yasash, biser to‘qish kabi hunarlarning sir-asrorini o‘zlashtirishadi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi bilan hamkorlikda 2014 yilgi mavsum davomida faoliyat ko‘rsatadigan statsionar oromgohlarning 205 tasida jami 3753 nafar pedagog kadrlarga ehtiyoj mavjudligi aniqlanib, mazkur ehtiyojni qoplash uchun tajribali mutaxassislarning ro‘yxati shakllantirildi. Kunduzgi oromgohlarda ta’lim muassasalarining pedagog xodimlari faoliyat ko‘rsatishadi. Eng muhimi, joriy yilda ham barcha oromgohlarda chet tilini o‘rganish bo‘yicha to‘garak mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Bugungi kunda statsionar oromgohlarda ingliz tili to‘garagi mashg‘ulotlarini tashkil etish uchun oliy ta’lim muassasalari ingliz filologiyasi fakultetlarining 223 nafar yuqori kurs talabalarining ro‘yxati shakllantirildi. Mazkur talabalarga semestr yakuni bo‘yicha imtihonlarni 1 iyunga qadar topshirishlari uchun tegishli oliy ta’lim muassasalarida sharoitlar yaratiladi.
Birgina bu emas, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi bilan hamkorlikda oromgohlarni ma’naviy-ma’rifiy, ta’lim-tarbiyaviy yo‘nalishdagi shiorlar, ko‘rgazmali vositalar bilan bezatish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi va metodik qo‘llanmaga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi bilan hamkorlikda statsionar oromgohlarning kutubxonalariga qo‘shimcha ravishda 100 ming nusxaga yaqin bolalar adabiyotiga bo‘lgan talab aniqlanib, mazkur ehtiyoj statsionar oromgohlar joylashgan hududlardagi ta’lim muassasalarining Axborot-resurs markazlari va kutubxonalari fondi hisobidan qoplanadi.
Yozgi ta’til vaqtida oromgohlarga jalb etilmaydigan o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ta’lim muassasalaridagi to‘garaklar, sport maydonlari, kutubxona va ma’naviyat xonalarining uzluksiz faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ushbu maskanlarda o‘quvchilarning ta’til kunlarini maroqli o‘tkazishiga barcha imkoniyatlar yaratiladi. Kunduzgi oromgohlarda ingliz tili sabog‘i o‘sha ta’lim muassasasi yoki unga yaqin hududdagi maktablarning mutaxassis o‘qituvchilari yordamida olib boriladi. Bolalar esa muassasa kutubxonasidagi kitoblar fondidan foydalanadi.
Jamila HAYDAROVA