Sinf sardori

Buncha o‘ylayverasiz, dadasi, bo‘ldi-da endi, sog‘ayib, otday bo‘lib ketasiz, dedim-ku. Do‘xtirlarga gap topilmasin, vahima qilaveradi-da, buyrak quriyotgan emish, shunaqasiyam bo‘larkanmi? Rangi-ro‘yingiz joyida, ishtahangiz yaxshi, binoyideksiz. Ozroq sabr qiling, hademay Toshkentga borib, xotirjam tortamiz. Shogirdim shundoq ko‘radi-yu, “Ustoz, hech gapdan hech gap yo‘q, vahima qilib yuboribsizlar”, deydi. U odamning kasalini rangidan biladi. Axir, kimsan – tibbiyot fanlari doktori, professor, buyrak kasalliklari bo‘yicha mutaxassis!

Faqat, haydovchi uka, sal sekinroq haydang, bir marta mashinamiz ro‘paradagi mashinaga urilib, Xudo bir asragan, shundanmi, yuragim olingan, tez haydasalar, qo‘rqaman, boz ustiga, akangizniyam toblari yo‘qroq, urinmasinlar.

Haydovchi uka, shogirdim haqida siz ham eshitgandirsiz, juda mashhur odam, dam-badam televizorda, gazetalarda chiqib turadi, hatto chet ellarga borib, ma’ruzayam qilarkan, bir narsani bilmasa, xorijga chaqirisharmidi?!

Har gal u haqda o‘qisam, televizorda ko‘rsam, quvonganimdan yig‘lagim kelaveradi. Axir, hazilmi, dunyo tanigan professorning birinchi ustozi bo‘lish! Ha, uning savodini opangiz chiqargan, yozishni, o‘qishni o‘rgatgan. O‘zi bolaligidayam olov edi-da. Maktabga kelgan kuni kechagiday esimda, uzun bo‘yli, ozg‘ingina edi, rahmatli buvisi qo‘lidan ushlab olgan, menga: “Jo‘ralarining hammasi maktabga borayapti, Turdijon men ham boraman deb yig‘lab, yuragimizni ziq qilib yubordi. Sen hali yoshsan, kelasi yili borasan, desak ham quloq solmayapti, bo‘yim ulardan uzun-ku, deydi. Agar “xo‘p” desangiz, besh-olti kun maktabga qatnasin, jurnalga yozmang, o‘zi zerikkanidan tashlab ketadi”, dedi.

Men ko‘ndim. Ammo bolasi tushma-
gur juda zehnli chiqib qoldi, hammadan a’lochi o‘qisa bo‘ladimi?! Harflarni bir zumda o‘rgandi, qo‘shib o‘qishi qoyilmaqom, yozuviyam chiroyli. Buvisini chaqirdim-da, “Nevarangizni jurnalga yozaman, o‘zlashtiryapti”, dedim. Buvisi miyig‘ida kulib qo‘ydi, sezdimki, u shunday bo‘lishini bilgan.

Ana shunaqa gaplar, haydovchi uka, buyam mening baxtim, u yig‘lamasa, buvisi olib kelmasa, o‘qitarmidim. Balki men o‘qitganim uchun u alloma bo‘lgandir.

Nega kulasiz, dadasi? To‘g‘ri aytayapman. Men, axir, Turdijon bilan alohida shug‘ullanganman. Biz “Alifbe” kitobining yarmiga kelganimizda, u sharillatib o‘qishni o‘rganib olgandi, “Turdijonim zerikmasin”, deb suratli kitoblar olib kelardim, she’rlar yodlatardim, hisob-kitobni o‘rgatardim. E’tibor bermasam, nima bo‘lardi? Esnab o‘tiraverardi-da, keyin hafsalasi o‘lardi, shuning uchun katta gapiraman-da, dadasi, siz ustimdan kulasiz.

Eh-he, o‘sha damlarni eslasam, yuragim orziqib ketadi. Birinchi sinf bolalari qiziq edi-da, mendan oldin maktabga kelib yo‘limni poylashar, uzoqdan ko‘rishlari bilan “Kim birinchi…” deb yugurishar, men go‘yo “finish” edim, eng oldin kelgan bola sumkamni qo‘limdan olar, bu g‘oliblik belgisi hisoblanardi. Keyin atrofimni o‘rab, quchoqlashga harakat qilishar, go‘yo men ular uchun Ona edim! O‘zim ham erinmay har birining yuzidan o‘pib chiqardim, ishonasizmi, ularni shunchalik yaxshi ko‘rardimki, u kundan bu kungacha sog‘inardim, ajabtovur qiliqlarini uyda akangizga aytib o‘tirardim.

Turdijon o‘shandayam boshqacha edi, novcha bo‘lgani uchunmi oyoqlariyam uzun, tez yugurar, ko‘pincha sumka ko‘tarish unga nasib qilardi. Bir gal yugurayotib qoqilib ketdi-da, orqada qoldi, sumkamni boshqa bola ko‘tardi. Alamidan shunaqayam yig‘ladiki, asti qo‘yavering. Bo‘ldi qil, xafa bo‘lma, sen axir sumkamni ko‘p ko‘targansan, desam ham jim bo‘lmaydi. O‘shanda qanday yo‘l tutganimni bilasizmi, yo‘q, bilmaysiz, o‘qituvchi ekanimni unutib qo‘ydim – Onaga aylandim! Turdijonni qo‘ynimga olib, erkalatdim, sochlarini siladim, xullas, ovutdim. U ko‘ksimga boshini qo‘yib, uxlab qoldi, shu payt sinfxonaga direktor kirib qolsa bo‘ladimi, meni chaqirib olib, rosa koyidi.

Ana shunaqa bo‘lgan, haydovchi uka! Turdijon juda mehrli bola edi, bir gal kasal bo‘lib maktabga kelmadi, bir nimasini yo‘qotgan odamday darsdan chiqa solib uyiga bordim, sog‘aygunicha har kuni ishdan qaytishda xabar oladigan bo‘ldim. U meni ko‘rishi bilan: “Bugun qanaqa kitob olib keldingiz?”, deb so‘rardi. Chunki men uni kitoblar bilan siylardim.

Beshinchi sinfda o‘qiyotganida tanaffus bo‘ldi deguncha yonimga yugurib kelar: “Ustoz, siz ham bizga dars bering”, deb yalinib o‘tirardi. Aldab-aldab sinfxonasiga eltib qo‘yardim. Keyin maktabni oltin medal bilan tugatdi, bitta imtihon topshirib, tibbiyot institutiga o‘qishga kirdi. Har gal ta’tilga kelganida, meni ko‘rmay ketmasdi, uylanganida to‘yda birinchi tabrik so‘zini men aytganman.

To‘g‘ri, keyin-keyin u ilmiy ish yozib, dissertatsiya yoqlab, bola-chaqasi ko‘payib, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib ketdi, hatto sinfdoshlari maktabni bitirganlarining 20 yilligini nishonlaganlarida ham kelolmadi, xorijga ketgan ekan. O‘shanda do‘stlari to‘rdagi bitta stulni bo‘sh qoldirishdi, Turdi – sinfimizning faxri, agar kelganida shu yerda o‘tirgan bo‘lardi, deb gapirishdi ular. Men shogirdlarimga: “Turdi demanglar, u endi katta odam, u – Turdi Samadovich”, dedim. Hamma: “To‘g‘ri aytdingiz, opa, to‘g‘ri”, dedi.

Akangiz kasallanganlaridan buyon Turdijonni o‘ylaganim-o‘ylagan, hatto tushlarimgayam kirib chiqdi. Akangiz bo‘lsa: “Toshkentda nima bor, shu yerda davolanaveraman”, deydilar. Toshkentning poytaxt degan nomi, kasalxonalarida zo‘r-zo‘r tibbiy uskunalari, tag‘in Turdi Samadovich ismli do‘xtiri bor, dedim. Meni aytdi deysiz, haydovchi uka, Turdijon akangizni o‘zi ishlaydigan shifoxonaga joylashtiradi, boshlarida turib, davolaydi, tuzatmaguncha qo‘ymaydi.

“Buncha gapirasan”, deysizmi dadasi, nima qilay, sizni chalg‘itay deyapman-da. Yo‘qsa, motam tutgan odamday jim o‘tiraverasiz, yuragim “tars” yorilib ketadi. Mana, meni qarang, hali u yog‘im og‘riydi, hali bu yog‘im. “Sog‘ joying bormi”, deb so‘rang. Dard bergan Xudo davosini ham beradi, deb yuraveraman. Haydovchi uka, akangiz umrilarida og‘rimaganlar, kasalxonada yotmaganlar, qayoqdanam apparatga tushibdilar, bir buyraging quriyapti, depti. O‘shandan beri o‘zlari bilan o‘zlari ovoralar. “Endi o‘laman”, degan vahimalariga chidab bo‘lmaydi. “Siz qo‘rqoq ekansiz, o‘zingizni o‘zingiz kasal qilyapsiz”, dedim. Shifokor bo‘lmasam ham ko‘p narsani bilaman, bemorning ruhiyati tetik bo‘lib, do‘xtir tomonda tursa, kasallikni yengadi, vahimaga tushsa, kasallik tomonga og‘adi – yengiladi. Ming marta bu gaplarni aytganim bilan akangiz tushkunlikka tushib qolganlar. Noiloj: “Sizni Turdijonga olib borib ko‘rsataman”, deb qo‘llaridan sudragudek qilib Toshkentga olib ketyapman.

Taksiga chiqayotganimizdayam: “Onasi, haliyam bo‘lsa qaytaylik, o‘zimizning shifokorlarga davolanaman”, dedilar. “Professor o‘quvchim turganida sizni oddiy do‘xtirlarga qaratamanmi?” dedim, ko‘nmadim.

Haydovchi uka, siz nima deysiz, Turdijonni senlasammi, sizlasammi? Kechadan buyon shuni o‘ylaganim-o‘ylagan. Senlay desam, kimsan professorni senlaydilarmi, deb o‘yladim, sizlay desam, undan uzoqlashib ketayotganday bo‘lyapman, so‘ng o‘zimcha, shogird farzandday bo‘ladi, farzandni sizlamaydilar, senlayveraman, degan xulosaga keldim.

Siz Turdijon ishlaydigan kasalxonani bilasiz-a, haydovchi uka, bizni to‘g‘ri o‘sha yerga olib borasiz. Akangizni shu bugunning o‘zida xotirjam qilay deb tong sahardan yo‘lga otlandim. O‘zingiz ko‘rdingiz-ku, og‘zilariga mum solib olganlar, vahimalari hali tarqagani yo‘q. Odamzodni kasal qiladigan narsa – o‘ylov. Akangizni ana shu o‘ylovdan xalos qilmoqchiman.

Ie, haydovchi uka, Toshkentga yetib keldikmi? O‘ziyam qulog‘ingizni qoqib, qo‘lingizga berdim. Bir vaysaqi ayolni Toshkent­ga olib borganman, deb eslab yuradigan bo‘ldingiz.

Turdijon ishlaydigan kasalxona shu ekanmi? Shu yerda tushamizmi? Hozir, hozir… Tashqari salqin ekan, kostyumingizni kiyib oling, dadasi. Haydovchi uka, mana, pulingiz, katta rahmat, baraka toping.

Bo‘ldingizmi, dadasi, unda ketdik. Mana, qarang, yozib qo‘yishibdi, haqiqatan u ishlaydigan kasalxona. Binolari ko‘p ekan, qaysi biriga borarkanmiz? Birorta hamshiradan so‘rasakmi? Buncha odam ko‘p, shularning bari bemormi? Ular ham bizga o‘xshab Turdijonni izlab kelishgan bo‘lsa-ya.­ Ilmi zo‘rning so‘rovchisiyam ko‘p bo‘ladi-da. Eshitishimcha, buyragi xasta borki, unga kelarkan.

Kimdan so‘rasak ekan, dadasi. Hey anavi kelayotgan oq xalatli juvondan so‘rasakmi? Aftidan shu yerda ishlaydi. To‘xtang, to‘xtang, dadasi, anavi qora “Lasetti”dan tushgan Turdijon emasmi? O‘shanga o‘xshaydimi, qarang. Yonida yana bir kishiyam bor. Hey ana, ko‘rdingizmi, qo‘lida papka, bo‘ynida galstuk, qora kostyum-shim kiyib olgan uzun bo‘yli kishi. Ko‘ryapsizmi? Turdijonga o‘xshayapti. Faqat biroz to‘lishibdi. Salobatli bo‘libdi. O‘sha!.. O‘sha!.. Ana, odamlar yo‘l beryapti. Ortidan qarab qolayapti. Pichirlashyapti. O‘zimning Turdijonimdan aylanay!.. Ana, dadasi, kelyapti, ana, yaqinlashyapti… O‘sha, o‘sha, Turdijonim…

Turdijon!.. Turdijon!.. Yaxshimisan, bolam?.. Akangni olib kelgandim… Do‘xtirlar buyragi quriyapti, dedi… Men ishonmay senga ko‘rsatmoqchi bo‘ldim, o‘zing ko‘rib qo‘y, dedim. Nima?.. Majlising bormi?.. Shoshilayapsanmi?.. Hozir vaqting yo‘qmi?.. Unda qachon kelay?.. Qachon vaqting bo‘ladi?.. Tushdan keyin bo‘shmisan?.. Yo… Ertaga kelaymi?..

Turdijon, o‘g‘lim, meni tanidingmi o‘zi?! Opangman, o‘qituvchi opang!.. Hey boshlang‘ich sinfdaligingda dars bergan!.. Esing­dami?! Turdijon!.. Turdijon!..

E shitmadi, ketib qoldi, dadasi… Turdijon ketib qoldi… Majlisi bor ekan… Turdijon meni tanimadi, dadasi… Tanimadi… Tanisa ketib qolmasdi… Ko‘rganim zahoti o‘zimni tanishtirmadim-da, dadasi… Bekor qildim… O‘zimdan o‘tdi, dadasi…

Yo u mening Turdijonim emasmi?! Men adashdimmi?! Adashdim, adashdim, dadasi… U boshqa!.. Turdijon emas!.. U men bilgan, meni bilgan Turdijon emas!.. Men taniydigan Turdijon u emas!.. Turdijon bo‘lsa, meni tanirdi!.. Albatta, tanirdi!.. Ovozimdan tanirdi!.. Uzoqdan tanirdi!.. Yugurib kelardi!.. Quchoqlab olardi!.. Ilgari shunaqa qilardi-da, tushmagur… Menga birinchi bo‘lib yetib kelardi… Qo‘limdan sumkamni olardi…

Dadasi, bu boshqa kishi… Men… Men uni tanimadim, dadasi, tanimadim… Taniy olmadim… U ham meni tanimadi… Endi nima qilamiz, dadasi?..

Dadasi… Dadasi… Ichimdan nimadir uzilib ketdi… Negadir… Negadir ko‘zimdan yosh chiqyapti… Negadir yig‘lagim kelyapti… O‘zimni tutib turolmayapman… Yig‘lagim kelyapti… Yig‘lasam maylimi, dadasi?.. Koyimaysizmi?..

Lola O‘ROQOVA

Yana o‘qing:  Cog‘lom, ahil oila – ozod va obod yurt poydevori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: