QONUN LOYIHASI JAMOATCHILIK MUHOKAMASIDA
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida ekologik nazorat shakllarini aniqlash masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, ishlab chiqarish sohasi vakillari, ekologlar va jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi N.Umarov va boshqalar mamlakatimizda atrof-muhit musaffoligini saqlash va ekologik muammolarning inson salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan bayon etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi bu boradagi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda ekologik nazoratning asosiy tamoyillari, ob’yektlari va sub’yektlari, vositalari o‘z aksini topgan, jamoat ekologik nazoratini tashkil etish, amalga oshirish uslublari va shakllari belgilangan. Mazkur qonun loyihasi bir necha bosqichda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etilmoqda. Shu maqsadda turli tadbirlar, seminar va anjumanlar tashkil etilmoqda.
Seminarda ekologik nazoratni amalga oshirish shakllarini aniqlash va takomillashtirishga oid ma’ruzalar tinglandi.
B.XIDIROVA,
O‘zA muxbiri