Kamyob va nodir malham
qizil qo‘ziqorin endi O‘zbekistonda yetishtirilish arafasida
Sharq tabobatida “abadiy yoshlik”, “hayot o‘simligi” degan ma’nolarni anglatuvchi o‘simlikni eshitganmisiz? Bilmasangiz, uning noyob va ochilmagan qirralari haqida siz bilan o‘rtoqlashamiz. Tabobat ilmining asoschisi Abu Ali ibn Sino inson tanasidagi ilon zahrini ushbu o‘simlik bilan bartaraf qilgan. Tabibning qo‘lyozmalarida va alloma Imom al-Buxoriy asarlarida “Linji” nomi bilan atalgan qizil qo‘ziqorinning inson organizmini sog‘lomlashtirish va navqironlik bag‘ishlovchi xususiyatlari haqida aytilgan. Xitoyda o‘simliklar qiroli deb yuritilgan “Shen nuna – giyohlar to‘plami” nomli qadimiy kitobda shunday deyilgan: “Linji – organizmni mustahkamlaydi, o‘stiradi va zaharni organizmdan chiqarib tashlaydi”.
Tabiatning O‘zi tabib
Qo‘ziqorinlar organik dunyoning o‘ziga xos vakillari hisoblanadi. E’tibor bilan qaralsa, nimasi bilandir o‘simlikka qiyoslansa, yana nimasi bilandir jonli hujayraga o‘xshaydi. Bu hujayralarning o‘simlik hujayrasidan farqi shundaki, xlorofill saqlamaydi. Shu sababli ulardagi energiya quyosh nuridan emas, balki biokimiyoviy reaksiya hisobiga yig‘iladi. Shuningdek, ular jonzotlarga o‘xshab glikogen ko‘rinishida glyukoza to‘playdi hamda modda almashinuvining natijasi mochevina hisoblanadi.
Qizil qo‘ziqorin Xitoyda “linji”, Yaponiyada “Reyshi” deb yuritiladi. Hozirgi ilmiy nomi esa “Ganoderma lusidium”. Ganoderma lusidium – yaltiroq teri demakdir. Tibet tabiblari va yapon olimlari linji organizmning kasalliklarga qarshiligini oshiruvchi, immunitetni mustahkamlovchi va umrni uzaytiruvchi, hozirgi davr odamlarini “qutqaruvchi yulduzi” deb baholashgan. U o‘zining ta’siri bo‘yicha 365 ta eng oliy deb tan olingan o‘simliklar ichida birinchi o‘rinda turadi. Tabiiy holda tabiatda juda kam uchraydi, uni topish qiyin. O‘n mingtalab olcha daraxtining faqat 1-2 tasining qurigan qobig‘ida uchraydi. Ilgari bundan faqat imperatorlar, saroy ayonlari foydalanishgan.
Dunyo olimlarining tinimsiz izlanishlari natijasida 5 ming yillik tarixga ega bo‘lgan genodermani organik usulda o‘stirish yo‘lga qo‘yildi. Xitoylik mikrobiolog Leau Sun Seng ushbu qo‘ziqorin ustida ilmiy izlanishlar olib bordi. Malayziyaning nam iqlimi ganoderma yetishtirish uchun juda qulayligini aniqlab, u yerda juda katta plantatsiyalarda organik usulda yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. U 200 tadan ortiq ganoderma turlaridan faqat 6 turini tanlab olgan. Bular insonning yurak, jigar, miya, qora taloq, buyrak, o‘pka a’zolarining shakllariga juda o‘xshaydi va ulardan bir yilda to‘rt marta hosil olinadi. Tarkibida 200 dan ortiq faol moddalar borligi, jumladan, 7 xil monosaxarid, 18 xil amino kislotalar, 10 xil mikroelementlar (kalsiy, magniy, temir, xrom, mis, rux, selen, yod, mishyak, germaniy) va boshqa xil moddalar borligi aniqlangan.
Bu qo‘ziqorinlarning organizmga shifobaxshligi, energiya berishi va yoshartiruvchi xususiyatlari boshqa turdagi qo‘ziqorinlarda yo‘q. Shuning uchun ham mahsulotlarni iste’mol qilganda insonning barcha a’zolari faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
MIKRONUTRIYENTLAR VA QONUNCHILIK
2013 yil 7 mayda “Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi va uni Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan imzolanishi xalqimiz salomatligiga, mamlakatimiz aholisining uzoq umr ko‘rishi, turli kasalliklarni oldini olishga qaratilgan ulkan g‘amxo‘rliklardan biri bo‘ldi. Qonunning maqsadi aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi sohasidagi munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solishdan iborat. Ushbu qonunda mikronutriyent yetishmasligini aniqlovchi zamonaviy texnologiyalarni va uning profilaktikasining usullarini rivojlantirishda ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iboratdir.
Ma’lumki, mikronutriyentlar inson organizmini normal o‘sishi va rivojlanishi uchun vitamin va minerallar bilan to‘ldiradi. Bularning foydali xususiyati shundaki, bu moddalar kasallikning belgilarini emas, uning kelib chiqish sabablarini bartaraf qiladi, organizm hujayralarini talab qilgan moddalar bilan oziqlantiradi.
Bugungi kunda butun dunyoda ekologiyaning buzilishi, inson organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi radiatsiya nurlarining har qadamda uchrashi, noto‘g‘ri ovqatlanish, iste’moldagi ovqatlarimizning ko‘pi sun’iy yo‘l bilan sintezlanib boyitilganligi, stress (ruhiy zo‘riqish)lar, zararli odatlar kabi illatlardan qutilishning birdan bir usuli mikronutriyentlar – biofaol qo‘shimchalardan foydalanishdir.
Biofaol qo‘shimchalar murakkab texnologiya yordamida oziq-ovqat mahsulotlari va turli giyohlar tarkibidan ajratib olinayotgan faol moddalardir. Organizmning barcha hujayralariga 98 foiz so‘rilib, har bir biologik faol modda tegishli funksiyani bajaradi. Biofaol qo‘shimchalarni yaratilishida xalq tajribalaridan tashqari mikrobiologiya, farmakologiya epidemiologiya, klinik meditsina, mikronutriyentologiya, diyetologiya va boshqa fanlarning misqollab yig‘ilgan tajribalariga asoslanib, nanotexnologiya usulida ishlab chiqariladi va tavsiya qilinadi.
Ming bir dardga davo
Ganoderma lusidim mahsulotlarini iste’mol qilganda uning eng yaxshi xususiyatlaridan biri unga organizm o‘rganib qolmaydi. Hech qanday zararli ta’siri yo‘q. Eng asosiysi immun tizimni mustahkamlaydi. Turli yonilg‘i mahsulotlardan ajralib chiqib, nafas orqali tanamizga kirgan zaharli qo‘rg‘oshin moddasi, bakteriya va viruslar, kimyoviy dori vositalari qoldiqlari, xiltlar, buyrak, o‘tpufagi va bo‘g‘imlardagi tosh-tuzlardan, ortiqcha yog‘lardan tozalaydi. Qon quyulishining oldini olib, uni suyultiradi. Tomirlardagi varikozni yo‘qotadi, qondagi qand miqdori me’yorini normallashtiradi. Qandli diabetga samarali ta’sir ko‘rsatadi va davolaydi. Xotira va asabni yaxshilaydi. Ko‘rish, eshitish qobiliyatini kuchaytiradi. Ko‘z pardasi kataraktasini davolaydi, immunitetni oshirib, har xil o‘smalarga qarshi kurashadi. Me’da, ichak yallig‘lanishlarida va yaralarida, qizilo‘ngach o‘sma kasalliklarida, ayollar jinsiy a’zolari yallig‘lanishlarini davolaydi, bachadon miomasini so‘rilib yo‘qolishida, ichki, tashqi gemorroy (bavosil)ni davolashda, homilaning to‘liq rivojlanishida yaxshi vosita hisoblanadi. Bepushtlikka da’vo bo‘ladi. Infarkt va insult kasalliklarining oldini oladi va davolaydi. Hujayralarga ozuqa moddalarini yetkazilishini, o‘pka, jigar, buyrak, miya faoliyatini yaxshilaydi.
Pardoz vositasi sifatida ham samarali qo‘llaniladi. Yuzdagi mayda ajinlarni yo‘qotadi, mayinligini saqlaydi. Turli teri kasalliklarini: psoriaz, ekzema, dermatitlarni, husnbuzar va dog‘larni, har xil toshmalarni, go‘daklardagi chilla (yara diatezi)ni samarali davolaydi va terini yashartiradi.
O‘ZIMIZNING BOG‘DA…
Toshkent kimyo-texnologiya instituti “Biotexnologiya” kafedrasi yosh olimlari tomonidan O‘zbekiston sharoitida ganoderma zamburug‘ini tabiiy holda o‘sish imkoniyatlarini aniqlash maqsadida 2011-2012 yillarda Toshkent shahri va Toshkent viloyatlari hududlarida ilmiy ekspeditsiya o‘tkazilib, tog‘li va tog‘oldi hududlarida hamda shahar va tuman markazlarida ganoderma zamburug‘ini topish imkoniyati bo‘lmadi. Ikki yillik izlanishlar asosida 2012 yil 3 avgust kuni Toshkent shahri M.Ulug‘bek tumani hududidan gilos daraxti tanasida tabiiy holda o‘sgan GANODERMA LUSIDIUM (Gurtis: Fr.) P.Karst zamburug‘i topildi. Uzunligi 5,8 metr, eni 65 santimetrni tashkil etgan bu gilos daraxti tanasining pastki qismida ganoderma zamburug‘i yaxshi rivojlangan holda o‘sganligi kuzatilgan. Ilmiy manbalarda har 10 mingta gilos daraxtining 1 ta yoki 2 tasi tanasida ganoderma zamburug‘i o‘sishi haqidagi ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topgan. Chunki, ilmiy ekspeditsiya davomida 32 ming 562 tup gilos daraxti tadqiq etilgan.
Tadqiqotchilar mahalliy sharoitda o‘sgan zamburug‘ning farmakologik xususiyatlarini o‘rganish borasida uning ko‘p miqdorda polisaxaridlar saqlashini aniqladilar. Olimlarning fikricha ulardan o‘stirish sharoitini o‘zgartirish orqali ekzo va endopolisaxaridlarni ko‘p miqdorda ajratib olish imkoniyati mavjud. Shu boisdan yosh olimlar ganoderma zamburug‘ining polisaxaridlar sintez qilish xususiyatini aniqlash maqsadida 13 xil tarkibga ega bo‘lgan ozuqa muhiti manbalari mavjudligini o‘rganib chiqishdi. Olingan natijalarga ko‘ra eng maqbul ozuqa muhiti glyukoza, laktoza va kraxmal saqlagan ozuqa manbalaridan foydalanish maqsadga muvofiq ekanligini aniqlashdi.
Ushbu texnologiyaning yaratilishi yaqin kelajakda mamlakatimizning oziq-ovqat va farmatsevtik sanoatiga noan’anaviy, tannarxi arzon bo‘lgan xomashyo manbasini yetkazish imkoniyatini bersa ajabmas.
Dilbar BEKJONOVA