Mehr ifori

May – gullar rang talashadigan oy… Sen ularning iforini dimog‘ing bilan ajratib olasan: atirgul, qirqog‘ayni, chinnigul, nastarin… sanog‘i yo‘q. Bog‘ tarafdagi ariqdan jiyda gulining atri oqib kelayotganga o‘xshaydi. Uning bo‘yi bilan betakror rangi ham ko‘nglingga kirib keladi: bolalik qadrdoning, kutganing, aziz mehmoningdek. O‘sha tomon qadam tashlaysan. U senga quchoq ochib, yugurib kelayotgandek bo‘laveradi. Sog‘inch shamolning bag‘riga singib yeladi. Quyosh gullarning ichiga berkinib olgandek: gulzorga termulsang, chehrang nurlanadi, quvvat olasan.

Rassom qizaloq xayolga cho‘mgan buvisini savolga tutadi:

– Ayting-chi, buvijon, sizga qaysi gul ifori ko‘proq yoqadi?

Biroz jimlikdan so‘ng kampir miyig‘ida kulib qo‘yadi:

– Mehr gulida, bolam…

Qizaloq yelkasini qisib, boshini chayqadi, ko‘zlarini katta ochdi.

– U gulni hecham eshitmaganman. Qayerda o‘sadi? Balkim topib kelarman.

– Umi, bolam… yosh-u qarining jonida bo‘ladi. Ildiziyam qadr va e’tibordan quvvat oladi. Sen uning suratini chizmoqchi bo‘lsang, atrofga qara. Har qadamingda uni ko‘rasan.

Xiyobon… Xotira maydoni. El-yurt tinchligi uchun kurashgan ota-bobolarimiz nomlari qayd etilgan lavhlar. Bu dargoh yil o‘n ikki oy muqaddas qadamjoga aylangan. Ziyoratchilar lavhlarning poyini gullarga to‘ldiradi.

Hassasiga suyangan bobo uzoqlarga termuladi. Xotiralarga cho‘mgan xayoli shodon bolalarning kulgularidan bo‘linadi.

* * *

Yuz bilan yuzlashayotgan momoning qo‘llari hamisha duoga ochilgan.

– Hurmatniyam, ne’matniyam oldi buvingniki, – deb uqtiradi onasi E’zozaga. Qizaloq tushunmay hayron turadi. Ona tandirdan chiqqan nonlarni olarkan:

– Loladagini buvingga olib bor, tabarruk qilib bersin, – deydi. Buvi bir tishlamgina sindirarkan, “nondek aziz bo‘linglar, bolam!” deydi…

* * *

– Bog‘lardan bir xabar olaylik, ota qo‘liga ketmon tutadi. Hali bo‘yi otasining beliga ham yetmagan o‘g‘il kichkinagina ketmonchasini ko‘tarib, otaning ketidan ergashadi.

– Polvon o‘g‘lim, – erkalatadi ota.

– Yaqinda sizga ish qoldirmayman, – ishonch bilan otasining belidan quchadi o‘g‘il.

– Ha-da, o‘g‘lim, – yelkasiga qo‘yilgan qo‘l bolaga kuch beradi

* * *

Endigina qadam olgan bolakay har kuni onasi bilan sayr­ga chiqadi. Maysazorda yugurib charchamaydi, kichkinagina qo‘lchasi bilan qoqigullarni terib onasiga tutadi. Kaftchasida ezilib ketgan “guldasta”ni olarkan, ona bolasini bag‘riga bosadi.

Yana o‘qing:  Matbuot – davr ko‘zgusi

* * *

“Rassom” qizaloq ko‘rganlarini qog‘ozga tushiradi. Rasm­larini buvisiga ko‘rsatadi.

– Endi bularni “Mehr guli” deb nomlagin. Uning ifori umringni bezaydi, bolam, – deydi. – Mehr gulga o‘xshaydi, hamma gulning yuragi borga o‘xshaydi, quvonchi birga o‘xshaydi.

May – mehr rangi tovlanadigan, toblanadigan oy.

D. ShOMALIKOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: