Tegma, kuyasan! Ana, kuyding…

Maqolaning sarlavhasini o‘qiboq, labingizga tabassum yugurgan bo‘lsa, ajab emas. Anglamagan bo‘lsangiz, eslatamiz. Mashhur qiziqchi, so‘z ustasi Xojiboy Tojiboyevning repertuaridan keltirilgan iqtibos bu. Bolajon xalqimizning ba’zi oilalarida farzand parvarishiga yosh onalarning biroz bee’tiborligini nim kulguga yo‘ygan… Ana, esladingiz!

Bolaligimda ul-bul so‘rab chiqqan qo‘shni juvonni kuzatish uchun darvoza hatlab, hayallagan onamga otam kesatardi:

– Nima balo, uyiga kirgizib, choy-poy damlab berdingmi?!.

Donishmand xalqimizning qayroqi iborasi bolalik xotiramga xulosa yasaydi.

“Elakka chiqqan xotinning ellik og‘iz gapi bor”.

To‘g‘ri, ko‘ngil so‘ragan, bir-birining holidan xabardor bo‘lgani yaxshi. Biroq vaqtni besamar sarf etish, vazifasidan chalg‘ish, yosh onaning farzandini nazoratdan holi qo‘yishi lahzalar ichida mudhish oqibatlarga sabab bo‘lishi hech gap emas. Axir, “ko‘za kunda emas, kunida sinadi”. Shuning uchun farzand parvarishi, avvalo, onadan sergak bo‘lishni talab etadi.

9 oylik Murodjon xonada yolg‘iz qoldi. Onasi qo‘shni ayolni kuzatish uchun hovliga chiqdi. Uyning burchagida oyoqlarini ko‘tarib, qiqirlab o‘ynayotgan bolakay bir ag‘darilib emaklashga tushdi. Bola-da, eshikka yaqin joyda cho‘g‘ bo‘lib yonib turgan qo‘lbola isitish uskunasi Murodjonning quvonchini oshirdi. Murg‘ak panjalari bilan unga tashlandi. Keyin, keyin… bolaning kuchli chinqirig‘i olamni larzaga soldi…

Yillar o‘tdi. Murodjonning ota-onasi qanchadan-qancha shifoxonalarning oldida o‘g‘liga shifo so‘rab, kutdi. Bugun u o‘spirinlik pallasida, biroq bir qo‘lida nuqson saqlanib qoldi. Endi bu nuqsonning aybdorini axtarishdan ne naf!

Bu mavzuda qog‘oz qoralashga undagan voqea aslida bu emas.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi har yili xalqaro hamkorlik loyihalari doirasida ko‘plab yurtdoshlarimizning farzandlarini chet elning nufuzli klinikalarida sog‘lomlashtirish uchun yuboradi. Xususan, Germaniyaning “Friyedenzdorf interneyshnl” xayriya tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma asosida o‘tgan 2013 yilda 12 yoshgacha bo‘lgan 26 nafar o‘g‘il-qiz Germaniyada davolandi va bu sog‘lomlashtirish jarayoni davom etmoqda. Plastik jarrohlik amaliyotini boshidan kechirayotgan bu bolalar tug‘ma va orttirilgan jarohatlar, kuyishdan keyingi asoratlardan holi bo‘lib, ona Vataniga, yaqinlari bag‘riga qaytib kelmoqda. Bundan tashqari, fond mamlakatimizning yetakchi klinikalarida xalqaro grant mablag‘lari hisobidan bolalarda o‘tkazilayotgan jarrohlik amaliyotlarini moliyalashtirmoqda.

Ezgulikning, xayrli ishning boshini tutganlar bor bo‘lsin!

Yana o‘qing:  Farzand uchun sport to‘garagi qanday tanlanadi?

Ba’zan xizmat yuzasidan Toshkent xalqaro aeroportida davolanish maqsadida jo‘nab ketayotgan bolalarni kuzatish uchun chiqamiz. Va bu marosim uzoq vaqt qalbimni band etib, o‘ylashga, mulohaza qilishga undayveradi. Ayniqsa, kuyishdan keyingi asoratlar bilan og‘rigan norasidalarni ko‘rib, beixtiyor ko‘zingizga yosh keladi. Ularning aksariyati ota-onalarning bee’tiborligi, beparvoligidan jabrlangan. Ha, xuddi shunday!

(Darvoqe, Murodjon ham yaxshilar ko‘magi bilan olmon diyorida salomatligini tiklab qaytdi).

– Yosh onalarning shoshqaloqligi, loqaydligi, uquvsizligi sabab ko‘plab bolalar jabr ko‘rmoqda, bir umrga nuqson orttirib olmoqda, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Jumabek Nurov. – Fond tomonidan Germaniyaga davolanish uchun yuborilayotgan bemor bolalarning aksariyatini kuyishdan jarohat olgan norasidalar tashkil etadi. Aytish joizki, ushbu bolalarning 90 foizi ota-onalarning aybi, beparvoligi sabab jarohatlangan. Misol tariqasida poytaxtimiz xonadonlaridan birida bo‘lgan voqeani keltirishim mumkin. Ona poliz mahsulotlarini konservalash uchun barcha narsalarni oshxonaga yoyib qo‘yadi. Jumladan sirka kislotasini ham. So‘ngra o‘zi uzoq vaqt telefonda suhbatlashib qoladi. Yotog‘ida uxlab yotgan bola emaklab oshxonaga keladi va sirkani qo‘liga to‘kib yuboradi. Tabiiyki, og‘riq sezgan bola qo‘lini yuzi va badaniga surkaydi. Shu tariqa bolaning qo‘li bilan birga yuz sohasi va tanasi ham kuyish jarohatini oladi.

…Hafta oralab chop etilayotgan gazetamizda ba’zan imloviy xatolar o‘tib qoladi. Yig‘ilishda esa uning aybdori izlab topiladi. Kamtarin va kamsuqum navbatchi muharrir bosh egib o‘rnidan turadi:

– Aybdormiz, ko‘z xatosi… ish bor joyda xato bo‘ladi…

Ko‘z xatosi… Balki u aql xatosidir, balki beparvoligimiz, loqaydligimiz xatosidir.

Farzand parvarishi va tarbiyasiga loqayd bo‘lishning azobini tortayotganlar, afsus, oramizda ko‘plab topiladi. Ularning nigohiga boqib hayot tashvishlarining izini ko‘ramiz. To‘g‘ri-da, farzand – inson umrining mazmuni. Ayniqsa, bolajon xalqimiz orzu umidlarini dilbandlarining kelajagida ko‘radi. Ularning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishi, kelajakda el-yurt koriga yaraydigan insonlar bo‘lib kamol topishi yo‘lida mehnat qiladi. Ammo, tani zirqirab ozor chekayotgan, majruh jismining uqubatlarini hali anglab yetmagan norasidalarga bu ko‘ngilsizliklarga o‘zing sababchisan, deb ayta olamizmi?!

Endi raqamlarga e’tibor qaratamiz:

Respublika Shoshilinch tibbiyot markazi kuyish va jarohatni davolash bo‘limiga 2014 yilning shu davriga qadar 300 nafarga yaqin bola kuyish jarohati bilan keltirilgan. O‘tgan 2013 yil davomida 1 ming 400 nafarga yaqin bemorga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Achinarlisi, ularning 1 ming nafarga yaqinini bolalar tashkil qiladi.

Yana o‘qing:  Biz bir oila, biz bir jamoamiz

– Yaqinda 3 oylik go‘dak shoshilinch bo‘limga keltirildi. Beshikda uxlab yotgan norasidaning yoniga elektr isitish uskunasini keltirib qo‘ygan va yosh ona ro‘zg‘or yumushlari bilan ovvora bo‘lib, farzandidan xabar olishni unutgan, – deydi Respublika Shoshilinch tibbiyot markazi kuyish va jarohatni davolash bo‘limi mudiri Sobir Shukurov. – Isitish uskunasidan chiqqan o‘t beshikka tutashib alanga olgan. Xayriyat, vaqtida xabar topilgan, biroq bola qattiq kuyish jarohatini olgan.

Yana bir shunday voqea. Bo‘limga tungi soat 12.00da bir yoshga to‘lmagan norasidani olib kelishdi. Go‘dakning qachon kuyish jarohatini olganini so‘rasam, yarim soat bo‘lganini aytdi. Axir, farzand parvarishi taomiliga ko‘ra, bola bu paytda uxlagan bo‘lishi kerak! Bu haqida so‘z ochsam, kofe ichish uchun tefalda qaynatgan suvimni bexos to‘kib yuboribdi, deydi.

Ayrim onalar bola parvarishidan umuman bexabar. Farzandini qaysi paytda dam oldirish, qaysi paytda ovqatlantirish, qanday kiyintirish borasida bilimga ega emas. Buni qarangki, xuddi o‘sha yosh ona shifoxonada yotgan kezida ham bolasini yiqitib, jarohat olishiga sabab bo‘ldi.

Darhaqiqat, mutaxassislar aytib o‘tganidek, bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shuningdek, ota-onalar kuyish jarohatini olgan bolaga birinchi yordamni qanday ko‘rsatish zarurati haqidagi bilimga ham ega emas. Yoshlarni, ayniqsa, ertaga bir xonadonning bekasi bo‘ladigan qizlarni oilaga tayyorlash borasida ta’lim muassasalarida, mahallalarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish zarur. Zero, farzand – ko‘zimizning oqu qorasi. Ularning jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol bo‘lib voyaga yetishi, bir so‘z bilan aytganda, kelajagi uchun barchamiz mas’ulmiz.

Faxriddin Hayitov,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: