Birni ko‘rib shukr qil
Hayotidan doim noliyveradigan bir ayolni bilaman. Qachon ko‘rishsak, yetishmovchiliklardan gapiradi: “Ro‘zg‘orga u yetsa, bu yetmaydi. Biz ham boshqalarga o‘xshab yashar ekanmizmi-a?!. Uyimga ikkita odam chaqirishga uyalaman,” deydi tinmay. Bir kuni mazasi bo‘lmay qolganini eshitib, dugonam bilan xabar olgani uyiga o‘tdik. Birinchi marta uyiga borishim edi. Eshikni bir qiz ochib ichkariga taklif qilarkan, adashib qolmadikmikin deb o‘ylardim. Xonalar yaxshi ta’mirlanib, qimmatbaho mebellar bilan to‘ldirilgan. Yumshoq gilamlar oyog‘ingizga parday botadi.
Adashmagan ekanmiz, tanishim bizlarni mehmonxonaga boshladi. Dasturxonga so‘nggi urfdagi idishlarda quruq va sarxil mevalar olib kirishdi.
– Mana dugonajon, yashash sharoitimiz shu. Katalakdek uch xonali uyda yashayapmiz. Hovli olishga imkoniyatimiz yo‘q. Ikki bolamning yurish-turishidan ortmaydi. Qizimning bo‘yi yetib qoldi. Durustroq sarpo ham yig‘madim. Shu desangiz, boshim tashvishdan chiqmaydi. Shunga kasal bo‘lib, sira o‘zimga kelolmayapman, deydi. Gapirishga og‘iz juftladimu, indamadim. Chunki, uning avzoyiga mening daldam kor qilmasdi.
Ko‘p farzandli bir oilani bilaman. Er-xotin zavodda ishlashadi. Uzoq yillar ijarama-ijara yurib, yaqindagina ikki xonali uy olishdi. Ularning biron marta yo‘qchilikdan nolinganini eshitmaganmiz. Har doim hol-ahvol so‘rashganida “boyligim – shu bolalarim, ularning sog‘ligi. Qolgani mehnat qilib, topiladigan narsalar”, deydi. Ikki oilani taqqoslarkanman, bir rivoyat esimga tushdi.
Bir mamlakat podshohining qizi og‘ir xastalikka chalinibdi. Ammo dunyoning turli burchaklaridan kelgan tabiblar uning kasaliga davo topa olishmabdi. Shunda bir faylasuf kishi podshohga maslahat beribdi. Agar tili shukronalik aytib charchamaydigan insonning libosini qizingizga kiydirsangiz, oyoqqa turib ketadi, debdi.
Podshohning buyrug‘i bilan xizmatkorlar shaharu, qishloqlarni kezib, eshik-derazalardan poylab shukr qiluvchi kishilarni izlashibdi. Ularning niyatini eshitgan bir chol xizmatkorlarga: “Qishloqning chekkasidagi kulbada bir odam yashaydi. Siz izlayotgan odam, o‘sha bo‘ladi”, deb yo‘l ko‘rsatibdi. Xizmatkorlar kulba derazasidan quloq solishsa, ichkaridagi odam “Yaratgan egam, har bir kuningga shukr. Ko‘rishga ko‘zim, eshitishga qulog‘im, yurishga oyog‘im borligiga, tamog‘imdan non o‘tayotganiga shukr”, deb qayta-qayta shukrona aytayotgan ekan. Nihoyat izlagan odamimizni topdik, deb xizmatkorlar sevinib ketishibdi. Eshikni taqillatib, “Ey, yaxshi inson, bizlarga ustingdagi kiyimingni bersang, podshohimizning qiziga yordam bergan bo‘larding”, deyishibdi. U kishi esa, “Ustimda kiyimim bo‘lsa, oldingizga chiqmay, ichkarida o‘tirarmidim”, degan ekan.
Nilufar SAPAYEVA