Odam papilloma virusi

bachadon bo‘yni raki sababchisi…mi?

Hozirgi kunda viruslar sababli kelib chiquvchi kasalliklar inson salomatligida dolzarb muammolardan biri bo‘lmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra har yili 2,5-3 millionga yaqin odamlarda papilloma virusi keltirib chiqaruvchi kasalliklarga tashxis qo‘yilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra odam papilloma virusi 70 foiz ayollarda aniqlanadi. Jahonda ayollar o‘rtasida xavfli o‘sma kasalliklaridan vafot etish bo‘yicha bachadon bo‘yni saratoni (raki) 5-o‘rinda turadi. Aniqlanishicha, har yili 470 mingga yaqin ilk bor aniqlangan bachadon bo‘yni raki holatlari kuzatiladi.

Papilloma virusli infeksiyalar guruhi odam papilloma virusi keltirib chiqaruvchi surunkali kechuvchi bir guruh yuqumli kasalliklarni o‘z ichiga oladi. Virus asosan teri va shilliq qavatlarda surunkali yallig‘lanishni keltirib chiqarib, papillomalar hosil bo‘lishiga olib keladi. Odam papilloma virusining bir necha turlari teri va shilliq qavatlarda turli xil kasalliklarga sabab bo‘ladi. Virus asosan jinsiy yo‘l orqali, hamda maishiy muloqot paytida zararlangan teri orqali yuqishi mumkin. Qo‘l barmoqlari, tovon, tananing boshqa qismlaridagi so‘gallar va jinsiy a’zolarda paydo bo‘luvchi o‘tkir uchli kondilomalar odam papilloma virusining keng tarqalgan ko‘rinishlaridir. Virusning xavfli tomoni shundaki, uning bir necha turlari og‘iz bo‘shlig‘i, jinsiy a’zolar teri va shilliq qavatlarida xavfli o‘smalar rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Papilloma virusli infeksiyalar tashxisiga turli xil usullarni o‘z ichiga olib, insonda virus DNKsini topishga yo‘naltirilgan eng aniq maxsus testlar kiradi. Odam papilloma virusi chaqirgan kasalliklarni davolash so‘gal va o‘tkir uchli kondilomalarni mexanik yo‘qotish hamda immun tizimini yaxshilashga qaratilgan. Hozirgi kunda papilloma viruslari keltirib chiqaruvchi kasalliklarni samarali oldini olish usullaridan biri unga qarshi emlash bo‘lib hisoblanadi.

Odam papilloma virusi nima?

Odam papilloma virusi papilloma viruslar oilasiga mansub bo‘lib, hozirgi kungacha uning 100 ga yaqin turi aniqlangan. Har bir virus tartib raqami bilan raqamlangan bo‘lib, bir-biridan irsiy axboroti bilan farqlanadi. Odam papilloma virusi xavfli o‘sma kasalliklarini keltirib chiqarishiga ko‘ra yuqori, o‘rta va past onkogen guruhlariga ajratiladi. Jumladan, bachadon bo‘yni saratonini keltirib chiqaruvchi odam papilloma virusi, 16 va 18 tartib raqamiga ega bo‘lib, yuqori onkogen guruhiga kiradi.

Yana o‘qing:  PNEVMOKOKK INFEKSIYASI HAQIDA OGOHLIK

Qanday qilib ushbu virusni yuqtirish mumkin?

Asosan virus jinsiy yo‘l orqali, qolaversa, zararlangan teri va shilliq qavatlari, bemorning biologik ajralmalari bilan maishiy muloqot orqali (sochiq, ich kiyim) yuqishi mumkin. Onadan bolaga tug‘ruq jarayonida bola tug‘ruq yo‘llaridan o‘tayotgan vaqtida yuqish ehtimoli ham mavjud.

Kimlarda bu kasallikni yuqtirib olish xavfi yuqori?

Erta jinsiy hayot boshlagan shaxslar va bir nechta jinsiy sherigi bo‘lganlar, ya’ni noto‘g‘ri jinsiy hayot kechiruvchi kimsalarda, shuningdek, hamroh jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasalligi bor bemorlarda ushbu xastalikni yuqtirib olish xavfi juda kuchli bo‘ladi. Immun tanqisligi mavjud bo‘lgan odamlar hamda ko‘p marotaba abort qildirgan ayollar ham kasallikka chalinishi mumkin.

OPV qanday kasalliklar keltirib chiqaradi?

Kaft, tovon va tana terisining turli qismlarida joylashgan so‘gallar odam papilloma virusining 1,2,3,4 tartib raqamli turlari tomonidan qo‘zg‘atiladi. So‘gallar yassi va ipsimon bo‘lishi mumkin. Oyoqning tovon qismida joylashgan so‘gallar harakat natijasida uzoq vaqt ta’sirlanishi sababli og‘riq keltirib chiqarishi mumkin.

O‘tkir uchli kondilomalar (genital so‘gallar) – bu jinsiy a’zolarning teri va shilliq qavatlarida paydo bo‘luvchi o‘ziga xos so‘gallardir. Bu so‘gallar paydo bo‘lishiga odam papilloma viruslarining 6, 11 tartib raqamlisi sabab bo‘ladi. O‘tkir uchli kondilomalar gulkaramni eslatuvchi, chetlari notekis, tana yoki pushti rangli katta bo‘lmagan bo‘rtiq hosilalardir.

Ayollarda o‘tkir uchli kondilomalarning bachadon bo‘yni va bachadon bo‘yni kanalida joylashishi kasallikni yomon sifatli kechayotganligini bildirib, bachadon bo‘yni saratonni (raki) kelib chiqish xavfini oshiradi. Bachadon bo‘yni raki yomon sifatli o‘sma bo‘lib, bachadon bo‘yni epiteliysi yuza qavatidan odam papilloma viruslarining 16, 18, 31, 33, 35, 39 raqamli turlarining biri ta’siri natijasida rivojlanadi.

Bovenoid papulyoz ushbu xastalikni odam papilloma viruslarining 16,18, 31, 33 raqamli turlari keltirib chiqarib, ayol va erkaklarda jinsiy a’zo terisida va oyoqning son qismida teri sathidan ko‘tarilgan, sariq pushti rangli zichlashgan pilakcha ko‘rinishidagi toshmalar paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Ayrim holatlarda bu toshmalar teri raki rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Bouen kasalligi asosan erkaklar jinsiy a’zosi raki bo‘lib, uzoq vaqt davom etganligi sababli boshqa a’zolarga tarqalishi (metastaz berishi) mumkin.

Yana o‘qing:  Shifokorning ilk malhami – go‘zal xulqi, shirin kalomi

Odam papilloma virusi va homiladorlik

Barcha ayollarga homiladorlikni rejalashtirish davrida odam papilloma virusiga tekshiruvdan o‘tish tavsiya etiladi. Papilloma virusli infeksiyalariga tekshirish polimeraza zanjirli reaksiya yoki Digene-test (hujayralarda odam papilloma virusining DNKsini aniqlashga qaratilgan yuqori sezuvchan test)ni o‘z ichiga oladi. Odam papilloma virusi aniqlangan hollarda kolposkopiya (bachadon bo‘ynini maxsus optik moslama bilan ko‘rish) va bachadon bo‘yni hujayralarining sitologik tekshiruvi (Pap-test) o‘tkaziladi. Faol virusli infeksiya mavjud hollarda homiladorlikni qoldirib, davolanish kursini o‘tish tavsiya etiladi. Agar o‘tkir uchli kondilomalar homiladorlik paytida aniqlansa, ular mexanik tarzda yo‘qotiladi, chunki homiladorlarda ularni ko‘payib o‘sish su’rati tezlashadi, bundan tashqari tug‘ruq vaqtida onadan bolaga yuqish xavfi mavjud.

Kasallik tashxisi

Xastalikka tashxis qo‘yish bir qancha bosqichlarni o‘z ichiga olib, teri va shilliq qavatlarda so‘gal va o‘tkir uchli kondilomalar asosan joylashadigan tana sohasini ko‘zdan kechirishdan boshlanadi. Ayollarda bu ginekolog tibbiy ko‘rigini ham o‘z ichiga oladi.

Kolposkopiya – bu bachadon bo‘ynini kolposkop yordamida 30 marotaba kattalashtirilgan holatda ko‘rish. Tibbiy ko‘rik paytida bir qancha tashxisni aniqlashtiruvchi sinamalar ham o‘tkaziladi.

Bachadon bo‘yni sitologik tekshiruvidan jinsiy hayot boshlagan barcha ayollar vaqti-vaqti bilan o‘tib turishi tavsiya etiladi. Bu tekshiruv usulining mohiyati shundaki bachadon bo‘yni shilliq qavati va bachadon bo‘yni kanalidan olingan surtma mikroskop ostida ko‘rilib, odam papilloma virusi ta’siri natijasida maxsus o‘zgarishga uchragan hujayralar aniqlanadi.

Polimeraza zanjirli reaksiya (PZR) yordamida istalgan materialda odam papilloma virusining DNKsi va tartib raqami (turi)ni aniqlash mumkin.

Bachadon bo‘yni biopsiya (surtma)si – bachadon bo‘ynidan olingan to‘qima nusxasida papilloma virusli infeksiyalarga xos o‘zgarish va bachadon bo‘yni rakiga yuqori aniqlikda tashxis qo‘yish usulidir.

Davosi

Hozirgi kunda papilloma virusli infeksiyalarni davolashning barcha ma’lum usullari faqatgina ular keltirib chiqargan belgilarini yo‘qotishga qaratilgan bo‘lib, odam papilloma virusining organizmdan to‘liq chiqib ketishini ta’minlamaydi.

Tana terisining turli qismlarida (qo‘l kafti, oyoqning tovon qismi va jinsiy a’zolarda) joylashgan so‘gallar va o‘tkir uchli kondilomalar asosan mexanik tarzda: suyuq azot (krioterapiya), elektr toki yordamida (elektrokoagulyasiya), radioto‘lqinli pichoq (radioto‘lqinli koagulyasiya), lazer nuri yordamida (lazeroterapiya) va maxsus mahalliy qo‘llanuvchi dori vositalari yordamida kuydirib yo‘qotiladi.

Yana o‘qing:  ENTSEFALOPATIYa yoki bosh miyadagi nuqsonlarning sabablari

Shuni ta’kidlash lozimki so‘gal va o‘tkir uchli kondilomalarni to‘liq mexanik bartaraf etish, odam papilloma virusini organizmdan chiqib ketishiga olib kelmaydi va kasallikni qaytalanish (so‘gal va o‘tkir uchli kondilomalarning qayta paydo bo‘lish) xavfi saqlanib qoladi. Qaytalanish xavfini kamaytirish uchun mexanik yo‘qotish usuli virusga qarshi va boshqa davolash usullari bilan birgalikda olib boriladi. Hozirgi vaqtda maxsus virusga qarshi davo vositalari mavjud bo‘lmaganligi sababli, papilloma virusli infeksiyalarni davolashda immun tizimi faoliyatini yaxshilovchi dorilar qo‘llaniladi. Ta’kidlab o‘tilgan davolash usullarining hech biri odam papilloma virusidan to‘liq qutilish kafolatini bermaydi.

Profilaktikasi

Papilloma virusli infeksiyalarni oldini olish va davolash, ayollarda bachadon bo‘yni raki va erkaklar jinsiy a’zolari xavfli o‘sma kasalliklarini oldini olishda muhim tarkibiy qism hisoblanadi. O‘smirlarni jinsiy masalalar bo‘yicha tarbiyalash nospetsifik profilaktika bo‘lib, virusni yuqish yo‘llarini cheklashga qaratilgan. Prezervativlarni qo‘llash odam papilloma virusini yuqish xavfini kamaytiradi, lekin to‘liq himoyalanishni kafolatlamaydi. Odam papilloma virusining xavfli o‘sma kasalliklarini keltirib chiqaruvchi (onkogen) turlariga qarshi emlash maxsus profilaktika usuli bo‘lib hisoblanadi. Emlashdan so‘ng turg‘un immunitet shakllanib, virusdan ishonchli himoya hosil bo‘ladi. Jinsiy hayot boshlanmasidan oldin emlash eng samarali bo‘lib, barcha yosh ayollarga tavsiya etiladi. Jinsiy hayot bilan yashovchi ayollar emlanishdan oldin odam papilloma virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tishi talab etiladi. Hozirda jahonda vaksinaning gardasil va servariks nomli turlari mavjud. Servariks vaksinasi gen injeneriyasi yordamida tayyorlangan bo‘lib, virus antigenlariga birday ta’sir qiladi. Vaksina virus zarralarini saqlamaganligi sababli kasallik chaqirmaydi. Ushbu vaksina odam papilloma virusining 16 va 18 turlariga qarshi immunitet hosil qiladi. Gardasil vaksinasi esa odam papilloma virusining 6, 11, 16, 18 turlariga nisbatan samarali hisoblanadi. Emlash uch bosqichda amalga oshiriladi.

Gardasil vaksinasining yuqori klinik samaradorligi va xavfsizligi o‘tkazilgan yirik klinik tadqiqotlarda o‘z isbotini topgan. Hozirda ushbu vaksinalar bilan 110 davlatda xotin-qizlar emlanmoqda.

Saidaziz SAYDALIYEV,

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi shifokori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: