Qatorda noring bo‘lsin
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida pauerlifting bo‘yicha o‘tkazilayotgan paralimpiyachilar o‘rtasidagi jahon chempionatida hamyurtimiz Farhod Umrzoqov jahon rekordini o‘rnatdi.
Dunyoning oltmishga yaqin davlatidan 300 nafardan ziyod sportchi ishtirok etgan nufuzli musobaqaning vazni 72 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida F.Umrzoqov uch urinish yakunlariga ko‘ra, 110 kilogramm og‘irlikdagi toshni o‘ziga bo‘ysundirib, jahon chempionatining kumush medali va joriy yil Incheon shahri (Janubiy Koreya)da o‘tkaziladigan Paraosiyo o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Jahon chempionatida uch urinishdan so‘ng g‘olib va sovrindorlar aniqlangach, qoida bo‘yicha sportchi amaldagi jahon rekordini yangilash uchun to‘rtinchi urinishni ham amalga oshirishi mumkin. Farhod ushbu imkoniyatdan samarali foydalanib, to‘rtinchi urinishda 116 kilogramm natija bilan jahon rekordini yangiladi.