Erkatoy shiraxo‘rlar
Bolalarning shirinlikka o‘chligi qanday oqibatlarga olib keladi?
Barcha bolajonlar ham shirinliklarni suyib iste’mol qiladi. Ammo har narsada me’yor bo‘lganidek ushbu mahsulotlarni iste’mol qilishda ham ularning zararli tomonlari borligini e’tiborga olish kerak. Qandolat mahsulotlari tarkibida shakar ko‘p bo‘ladi, shuningdek, gidrogenlangan yog‘lar va eng asosiysi ularga kimyoviy, sun’iy, ozuqaviy bo‘yoqlar solinadi.
Hozirgi davrda buvi va buvajonlaringiz bolaligida iste’mol qilgan tabiiy xushbo‘y vanilin solingan popukli qand (konfet)lar, shokoladlarni topish amrimahol. Shunday mahsulotlar topilganida ham ularning bahosi juda qimmat. Qandolatchilikda tabiiy vanilin o‘rniga hozirda sun’iy etilvanilin qo‘llanilmoqda. Sun’iy bo‘yoqli ozuqaviy qo‘shimchalar esa “Ye”harfi ostidagi zararli komponentlarga kiradi. Mutaxassis-shifokorlarning fikricha esa o‘ziga rom etuvchi yorqin rangga ega qandolat mahsulotlari tarkibidagi sun’iy ozuqaviy qo‘shimchalar soxta va chin allergiyani chaqiradi. Ayniqsa, zararli tartrazin moddasi ilgari soxta allergiya sababchisi bo‘lgan bo‘lsa, hozirda haqiqiy allergik kasalliklarga katta zamin yaratmoqda. Buning sababi esa ushbu zararli modda boshqa sun’iy bo‘yoqli ozuqaviy qo‘shimchalar bilan birgalikda qo‘llanilsa, mahsulotga yanada yorqin va ishtaha ochar ko‘rinish beradi. Bu kabi barcha mahsulotlar jigarga zarar. Chunki, ushbu a’zo organizmning biokimyoviy laboratoriyasi hisoblanadi.
Nafaqt qandolat mahsulotlari, shuningdek, shirin va gazli, sun’iy bo‘yoqli ichimliklarni 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ichirish mumkin emas. Ularning tarkibidagi turli sun’iy bo‘yoqlar va uning tarkibidagi shakar nafaqat allergik kasalliklarni qo‘zg‘aydi, balki bolalarada qandli diabet, karies, semizlik kasalliklari rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Shuni ham unutmaslik kerakki, ichimliklar qancha yorqin rangli bo‘lsa ularda kimyoviy bo‘yoqlar shuncha ko‘p bo‘ladi. Shu yerda maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning choy ichishi zararli ekanligi haqida ham to‘xtalib o‘tishni joiz deb bilamiz. Chunki, choy tarkibidagi tanin moddasi temir moddasining qonga so‘rilishini kamaytiradi. Natijada esa organizmda temir tanqisligi tufayli kamqonlik rivojlanadi. Kattalar esa ovqatlanishdan bir soat o‘tgach, choy ichishlari mumkin. Ovqatlanish mahali qaynagan suv, iliq qatiq, tabiiy meva sharbatlari, qadoqlangan va gazlanmagan buloq suvlarini ichish maqsadga muvofiq.
Skandinaviya davlatida shved stolida bolalarga haftada bir marta konfet berilar ekan. Ularga tarkibida tabiiy va quritilgan mevalar solingan konfetlarni berish mumkin.
Hurmatli ota-onalar!
Bolangizni aslo konfetlar bilan rag‘batlantirmang. Shuningdek, uning ko‘z oldida shirinlik to‘la vazalarni saqlamang. Tabiiy va quritilgan meva qoqilari, tabiiy shokolad organizm uchun foydali. Shokolad tarkibida antioksidantlar mavjud. Bu esa qontomirlar uchun foydali. Meva qoqilari tarkibida ham antioksidantlar mavjud. Ular ham shunday xususiyatga ega.
Konfetlar va sun’iy bo‘yoqli shirinliklar tarkibidagi shakar, bo‘yoqlar, xushbo‘y qiluvchi ozuqaviy qo‘shimchalar zarari xususida yuqorida takidlab o‘tdik. Yana ular tarkibiga kiruvchi gidrogenlangan (trans) yog‘lar esa organizmda moddalar almashinuvini buzadi. Qon tomirlarga zararli ta’sir ko‘rsatadi hamda immunitetni pasaytiradi. Shuningdek, saraton (rak) kasalliklarning turli xillari rivojlanishiga yo‘l ochadi. Ayniqsa, diatez (chilla yarasi) mavjud bolalar taomnomasida parhezga nihoyatda katta e’tibor berish zarur.
Qadimdan o‘zbek xonadonlarining dasturxonlarida patnis to‘la quritilgan meva qoqilari (tut mayiz, oq va qora mayiz, turshak, olma, shaftoli, olxo‘ri qoqilari, qovun qoqi), yong‘oq, yeryong‘oq, qovun, sabzi murabbolari, bug‘da pishirilgan qand lavlagi, asal kabi tabiiy mazali va shirin mahsulotlar ko‘p iste’mol qilingan.
Arpabodiyon solib ivitilgan turshak suvi nafaqat yurakka quvvat beradi, balki ichaklardagi yel (gaz)ni haydaydi. Meteorizmdan xoli bo‘lgan ichaklar esa ich qotishi (qabziyat)ning tezroq bartaraf bo‘lishiga ko‘maklashadi. Barcha turdagi tabiiy mahsulotlar jigarga quvvat beradi. Sun’iylari esa aksincha uni zaharlaydi va hayot uchun muhim bo‘lgan bu a’zoni zo‘riqib ishlashga majbur etadi. Salbiy natija esa o‘zingizga ma’lum.
Ha, azizlar! O‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligini asrash o‘z qo‘lingizda.