Maqsad yo‘llarida tolib bo‘lmaydi
Buyuklardan biri aytgan ekan: “Yoshlik, bu – orzu, ishonch. Bu jasoratga intilish. Bu kelajakka tuzilgan ulkan rejalar va istiqbolning boshlanishidir”.
Darhaqiqat, yoshlik ezgu maqsadlarning debochasi hisoblanadi. Inson bor ekan, shu davrdan o‘z hayotiy rejalariga tamal toshini qo‘yadi. Hayot yo‘llarida o‘ziga hamroh bo‘lgan qiziqish, mehnat va sabr-qanoat ortidan, albatta, orzular ijobati bo‘y cho‘zadi.
Bolaligidan tibbiyot sohasiga qiziqqan Maqsadbek ham kelajakda yetuk shifokor bo‘lish orzusi bilan voyaga yetdi. Shu istak uni Andijon davlat tibbiyot institutiga yetaklaydi.
2010 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan Maqsadbek shu yilning o‘zidayoq “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
– Davlatimizning bir qator nufuzli mukofotlarini qabul qilish barobarida zimmamda mas’uliyat nechog‘li katta ekanini his etdim, – deydi u o‘zining muvaffaqiyatlari haqida so‘zlar ekan. – Ammo, yaqinlarimning ko‘magi va tanlagan kasbimga mehr hamda qiziqish mening keyingi faoliyatimga kuch bag‘ishladi.
2011 yilda Andijon davlat tibbiyot institutini imtiyozli tamomlagan Maqsadbek Toshkent tibbiyot akademiyasining magistratura bo‘limi Akusherlik va ginekologiya yo‘nalishida o‘qishni davom ettirdi. U bugungi kunda akademiyada ta’lim olish bilan birga murakkab akusherlik va ginekologik tashxislarda assistentlik vazifasini o‘tash bilan bir qatorda “Antenatal depressiyaga uchragan ayollarda homiladorlik va tug‘ruq natijalari” mavzusidagi magistrlik dissertatsiyasini yozish bilan band.
Nazariyaning amaliyot bilan uyg‘unligi mustahkam bilim asosidir. Ayniqsa, bu shifokorlik sohasida juda muhim va zarur hisoblanadi. Shuning uchun Maqsadbek Zohidov o‘z bilimini mustahkamlash va o‘z ilmiy ishi borasida tajriba to‘plash maqsadida Toshkent shahar I.Ergashev nomidagi shahar klinik shifoxonasining tug‘ruq-ginekologiya, jonlantirish va jarrohlik bo‘limlarida ilmiy ish faoliyatini davom ettirmoqda.
Yosh shifokorning faoliyati bilan chuqurroq tanishar ekanmiz san’at, tarjimonlik sohalarida ham yuksak qobiliyat egasi ekani namoyon bo‘ladi. U qator yillardan buyon viloyat va respublika miqyosidagi turli milliy bayram va ommaviy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar, intellektual o‘yinlar, sport musobaqalari va yoshlar festivallari kabi aksiyalarda muntazam ishtirok etib kelayotir. Shuningdek, Maqsadbek “Kamolot” YOIH “Yosh liderlar assotsiyasiasi”ning faol a’zosi bo‘lish bilan birga respublikada faoliyat yuritayotgan “Dilxiroj”, “Andijon polkasi” va “Meros” yigitlar raqs ansambllarining yakkaxon ijrochisi hamdir.
Qahramonimiz magistratura talabalari orasida o‘tkazilgan “Yosh olimlar kunlari” ilmiy anjumanida “Antenatal depressiyaga uchragan ayollarda homiladorlik va tug‘ruq natijalari” nomli ma’ruzasi bilan ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
2013 yil Obod turmush yiliga bag‘ishlangan “Tibbiyot, biologiya, biofizika va bioximiyaning dolzarb muammolari” mavzusidagi “On-layn” ilmiy-amaliy videokonferensiyasida dissertatsiya ishi natijalaridan iborat ingliz tilidagi ma’ruzasi, “Yoshlar ijod saroyi”da o‘tkazilgan “Nazariy va amaliy tibbiyotning dolzarb muammolari” ingliz tilidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda “Outcomes of pregnancy and childbirth on women with antenatal depression” ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Bu o‘z sohasiga taalluqli nafaqat o‘zbek tili, balki chet tilidagi adabiyotlarni ham mutolaa qilib borishga undadi. Mazkur sa’y-harakatlar ilmiy ishining aynan ingliz tilida himoya qilinishiga zamin hozirladi.
Yurt kelajagi va rivoji yoshlarining o‘y-fikrlari va ko‘zlagan maqsadlaridan belgilanadi, deyishadi. Zero, Maqsadbek kabi intiluvchan va iqtidorli yoshlarning safi kundan-kun ortib borayotgani quvonarlidir.
Gulnoza QUVONDIQOVA