Bor bo‘ling, Axtamquli

Sarlavha anchagina balandnavoz, shunday emasmi! Keling yaxshisi bu haqda sal keyinroq gurunglashamiz. Hozir esa uzoq o‘tmishdagi bir voqea haqida gapirib beraman.

Sariosiyo tomonlarda o‘z davrida nomdor Karim mergan o‘tgan ekan. Keksalarning gapiga qaraganda u uch bor miltig‘ini tuproqqa ko‘mgan emish. Lochinko‘z ovchilarning havas bilan e’tirof etishlaricha, yuzta kiyikni ovlashga muvaffaq bo‘lgan ovchigina marosim nishonlab, miltig‘ini yerga ko‘mar va “Endi bizga bo‘ldi, ovni boshqalar qilsin”, deb qayta ovga chiqmas ekan. Xulosa chiqarish o‘zingizga havola.

Sattor buva yuz yoshni qoralab borayotgan piru badavlat otaxonlardan. U kishini noyob xazina deyish mumkin. Rivoyatu hikoyalarning koni. Bir qissaxonlikni boshlasalar tunni tong bilan almashganini ham sezmaydi odam. Ijodkorga baho berishda ham oldiga tushadigani yo‘q. “She’rni falonchi yozgani durust, hikoyani pismadonchi qoyillatadi. Tamom boshqa gap yo‘q!”

Axtamquli Karim merganning nevarasi, Sattor buvaning o‘g‘li. U jamoa xo‘jaligida tabelchilikdan ish boshlab, hosilotlik vazifasigacha ko‘tarilgan. Yigirma yilgacha umrini g‘o‘zalar bilan “tillashib” o‘tkazdi. Paxta maydonlarida hamisha g‘oliblar safida yurgan Axtamquli yoshi qirqdan oshganda o‘zini adabiyot maydonida ham sinab ko‘rishga bel bog‘ladi. Poytaxtga kelib, Oliy adabiyot kursida tahsil oldi. Aruzdek murakkab vaznda ijodini davom ettirdi. Bu esa qalamkashdan katta mehnat talab qiladi.

Axtamquli sermahsul ijodkor, yangi g‘azallari gazeta-jurnallarda tez-tez bosilib turadi. Televideniye va radiodagilar shoir biroz ko‘rinmay qolsa, darrov sog‘inib qoladilar. Ish stollarimiz yonma-yonligi uchun shoirning yangi g‘azallaridan birinchilar qatorida bahramand bo‘laman. U zavq bilan o‘qiydi. Men yaxshi chiqibdi, deyman har doimgidek zavqlanib.

– A, yaxshi chiqibdimi?! – deydi u ham hayajon bilan.

– Yana birovga o‘qib berib o‘tirmay to‘g‘ri gazetaga bering, quyma satrlar bo‘libdi.

– Ha, ha, shunday bo‘lgan-a!…

Ertasiga shoirni yangi g‘azali ustida ishlab o‘tirganini ko‘raman. Ancha joyi bejalib ketgan. Demak, yana kimgadir o‘qib bergan. Ular bergan fikrlarga qo‘shilib asarni tahrir qilib o‘tiribdi. Men indamayman, u ham biror gap aytmaydi.

Axtamquli she’rlari va g‘azallarini qo‘shiq qilib mashhur bo‘lib ketgan san’atkorlar ham talaygina. Qiziq joyi esa ularning ayrimlari shoirimizni Mahtumquliga zamondosh yashagan shoirlardan deb o‘ylasharkan. Gohida shoirni qitiqlab qo‘yaman:

Yana o‘qing:  QISH FASLI

– Mualliflik huquqidan foydalansangizchi, bir narsalik bo‘lib qolardingiz. To‘lib-toshib turgan joyingiz yo‘q-ku!…

– Ha, ha, shunday qilsa bo‘ladi-a… – deydi shoir soddalik bilan.

Lekin u birovga borib “Mening she’rimni qo‘shiq qilibsan, buyog‘i qandoq bo‘ladi”, demaydi.

Axtamquli adabiyot olamiga qayta kuch, musaffo qishloq havosi bilan kirib keldi. Qisqa vaqt ichida bir necha nazmiy va nasriy kitoblar chop ettirdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘ldi. Bolalar tahririyatida ishlagani bois, yuzlab ijodkor bolalarning ustoziga aylandi. Oldiga she’r va hikoya ko‘tarib kelgan o‘quvchi bilan uning mash­q­lari ustida soatlab ishlab charchamaydi. Ikki o‘g‘li ikki qanoti bo‘lib yonida bo‘lishiga qaramay, olis Sariosiyoda qolgan ayoli, qizlari, nevaralarini sog‘inadi. Diydorga vaqt topguncha, oy oshadi…

– Shoir, bu gal uzoq qolib ketdingiz, yangam indamaydilarmi, – deyman hazillashib.

– Ayolim yaxshi shoir bo‘lsangiz bo‘ldi deb aytadi, – jilmayadi shoir. – Ijod qilishim uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga harakat qiladi, baraka topgur.

– Yaxshi shoir bo‘lgansiz-ku… – deyman uning nima deb javob berishini kutib.

– Men bundanam zo‘r bo‘lishim kerak, – deydi do‘stim ko‘zlari yonib.

Adashmasam, Vatan himoyachilari kuni arafasi edi. Bir payt shoir qo‘lida taklifnoma, hayajon bilan kirib keldi.

– Uch kundan keyin askar yigitlar bilan uchrashuv bo‘larkan. Shunga taklif qilishdi.

– Bunday uchrashuvlarga endi borayotganingiz yo‘q shekilli, – dedim hayron boqib.

– Shundayku-ya, ammo uchrashuvga Erkin Vohidov bilan birga borarkanmiz. Ikki kishi xolos.

Bunisi esa katta gap edi. Erkin Vohidov bilan bir anjumanda qatnashish va g‘azal o‘qish ham sharafli, ham mas’uliyatli edi. Aytish joiz bo‘lsa, uch kungacha mazkur uchrashuv xayoli bilan yashadik. Qanday bo‘larkin?! Ochig‘i qanday bo‘lmadi, qanddek bo‘ldi. Shoirning jo‘shib o‘qigan g‘azallaridan zavqlanib ketgan Erkin Vohidovning “Bor bo‘ling, Axtamquli!” degan xitobi butun zal uzra yangradi.

Ha, aytganday, bugun Axtamquli qutlug‘ yoshga to‘ldi. Bizning esa yana bir marta “Bor bo‘ling, Axtam­quli!” degimiz keldi.

Yusuf ABDULLAYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: