Sport tanni toblaydi
Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahridagi “O‘zbekiston” sport majmuasida professional boks kechasi bo‘lib o‘tdi. Kechaning markaziy jangi o‘zbekistonlik Sherzod Husanov va argentinalik Karlos Xeres o‘rtasida o‘tkazildi. IVF International kamari uchun kechgan 12 raundli jangda sportchimiz ochkolar bo‘yicha g‘alaba qozondi va kamarni o‘ziniki qilib oldi.
Shu munosabat bilan bokschilar oilasida tavallud topgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Sherzod Husanov bilan suhbatlashdik:
– Boks maktabidagi ilk qadamlaringiz?
– Farg‘onada tavallud topganman va u yerdagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi 5-o‘rta maktabda o‘qib yurgan paytimda Farg‘onadagi boks maktabida mashg‘ulotlarni boshlaganman. Mana shunga ham yigirma ikki yil bo‘libdi.
– Xalqimiz ustoz otangday ulug‘ deb alqaydi. Avvalo, ustozlaringiz haqida suhbatlashsak.
– Avvalo, boks maktabiga yetaklab kelgan, bu sohaga mehr qo‘ydira olgan otam Olim Husanovni tilga olishim lozim. Bu mening oilam oldidagi qarzim va farzim. Darhaqiqat, Prezidentimiz aytganidek, sog‘lom oilada barkamol farzandlar voyaga yetadi. Bu borada oilaning o‘rni kattadir. Ushbu yilni Yurtboshimiz Sog‘lom bola yili deb e’lon qilishining zamirida ham oilada sog‘lom muhitni shakllantirish g‘oyasi mujassam. Endi ustozlarim haqida gapirsam, birinchi qadamlarimga yetakchilik qilgan ustozim Boris Batalovdir. Katta hayotga yo‘llagan ikkinchi ustozim Baxtiyor Mingboyev bo‘ladi. Hozirgi kunda professional ringdagi murabbiyim Sodir Toshmatov. Men boks sirlarini egallab, shu darajaga yetishimda har birining jonkuyarligi va g‘amxo‘rligi, mehnati bor.
– Boksdagi yutuqlaringiz?
– Osiyo o‘yinlari final bosqichlarida besh karra ishtirok etdim. Ikki karra jahon olimpiadasida muvaffaqiyatli qatnashdim. 2000 yil Sidneyda, 2004 yil Afinada bo‘lib o‘tgan qizg‘in janglar menga mahorat maktabi bo‘ldi. Osiyo bellashuvlari va Tinch okeani boks musobaqalarida g‘alaba qozondim. 2007 yildan, ya’ni yetti yildan buyon professional boksda ishtirok etib kelaman. Qit’alar aro musobaqalarda chempionlik kamari sohibi bo‘ldim. Ayni damda WVO va WVS kamari sohibiman.
Shu vaqtgacha 20 marta jang o‘tkazgan bo‘lsam, hisobimda 19 ta g‘alaba, 1 durang, 9ta nakaut bor.
Amerika, Portugaliya, Rossiya davlatlarida bo‘lib o‘tgan boks bellashuvlarida qatnashib, O‘zbekiston sharafini himoya qilish baxtiga muyassar bo‘lganman. Amerikalik Jon Berno, rossiyalik Pavlik Xrushno bilan jang olib borganligim ham yutug‘imdir.
– Bokschilar sulolasidan ekansiz? Gazetamiz o‘quvchilari bu haqda qiziqishi tabiiy.
– Oilamizni bokschilar oilasi desa, arziydi. Otam Olim Husanov ham boks bo‘yicha sport ustasi. Oilada besh farzandmiz, ya’ni uch o‘g‘il va ikki qiz. Otam orzu qilganidek ikkala ukam ham boks maktabining o‘quvchisi.
– Qaysi sportchilarga havas qilasiz?
– O‘zimizning chempionimiz Muhammadqodir Abdullayevga havas qilganman. U bilan ko‘p uchrashganman va maslahatlar olganman. Rossiyalik mutloq chempion Konstantin Szyuning jang uslubi ham meni qoyil qoldirgan. Unga havas qilaman. Ularning kurash usullarini sinchkovlik bilan o‘rganaman. Xullas har qanday bokschidan nimanidir o‘rgansa bo‘ladi.
– Kelajakdagi rejalaringiz?
– Boks musobaqalarini davom ettirib, ota-onamning va ulardek g‘amxo‘rlik qilayotgan davlatimizning ishonchini oqlash, jonajon yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishdir.
Suhbatdosh:
Javlon Sa’dullayev