Bejirim qo‘g‘irchoqlar

u bilan dilbandimizni bexavotir voyaga yetkazamiz

Milliy hunarmandchiligimizning nodir durdonalari bilan tanishsangiz, ko‘zingiz quvnab, dilimiz shodlikka to‘ladi. Nafis, turfa rangli ipaklar yordamida yaratilgan so‘zanada jonajon O‘zbekistonimizning betakror tabiati mujassam bo‘lsa, bejirim naqshlar tushirilgan oftobada xalqimizning ming yillik an’analari va qadriyatlariga sodiqlikni his etasiz. Bir so‘z bilan aytganda, hunarmandchiligimiz ham qaysidir ma’noda vatandoshlarimiz orzu-o‘ylarining ifodasidir.

Manzuraxon Yusupova nomini eshitmagan andijonlik yo‘q. Bu tinib-tinchimas ayol milliy an’ana va qadriyatlarimizni boyitish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatishdan sira tolmaydi. U o‘z hunari bilan yosh avlodni ma’nan yetuk va barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga hissa qo‘shayotir. U yasagan qo‘g‘irchoqlar bejirimligi va o‘zbekona urf-odatlarga mosligi bilan ajralib turadi. Hozirgi kunda Manzuraxon Yusupovaning ijod namunalari nafaqat Andijonda, balki respublika hunarmandlari orasida nom qozongan.

– Bolaligimda qo‘g‘irchoqlarimga turli, bejirim ko‘ylakchalar tikib, sariq soch o‘rniga qora iplardan uzun kokil yasab, ko‘zu-qoshiga o‘sma surib qo‘yardim, – deydi hunarmand bolalik xotiralarini biz bilan baham ko‘rarkan. – Bu ishlarimdan ota-onam zavqlanib, meni rag‘batlantirib turardi.

Yillar o‘tib jajji qizcha ko‘nglidagi havas ulg‘aygani sari uning taqdiriga aylandi. Ibrohim aka qizalog‘ining qiziqishini sezib, unga shart-sharoitlar yaratib berdi. Dastlab, pedagogika bilim yurtining rasm-chizmachilik bo‘limiga o‘qishga qabul qilingan Manzuraxon keyinchalik Kamoliddin behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida o‘z bilim va tajribasini kengaytira boshladi. Andijon viloyati adabiyot va san’at muzeyida faoliyat olib borgan kezlarda uning ahdi yanada mustahkamlandi. Boisi o‘sha paytlarda Manzuraxon qadimda yasalgan va shu paytgacha saqlanib qolgan qo‘g‘irchoqlardan ilhomlangandi. Shundan so‘ng u turli qo‘g‘irchoqlar eskizini yarata boshladi. Oradan biroz vaqt o‘tib, ijodkor ayolning yaratgan qo‘g‘irchoqlari mahalla-ko‘yda, el orasida ovoza bo‘lib, ijobiy baholandi. 1998 yilda esa u Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Navro‘z bayrami ko‘rgazmasida o‘z qo‘g‘irchoqlari bilan ishtirok etdi. 2004 yilga kelib hunarmand ayol o‘z shaxsiy ko‘rgazmasini tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi.

– Qo‘g‘irchoqlar nafaqat bola uchun ovunchoq, balki tarbiya vositasidir, – deydi Manzuraxon Yusupova. – U orqali bola milliy an’analarni, millatga xos qadriyatlarni his etadi. Kerak bo‘lsa, o‘rganadi ham. So‘z farzand salomatligi, uning kamoli xususida ketar ekan, bu ishga nihoyatda katta e’tibor va mas’uliyat bilan yondashmoq lozim. Qo‘g‘irchoqlarni yaratish chog‘ida, avvalo, uning milliyligiga, nafis ko‘rinishiga, liboslarning va undagi ishlatiladigan bo‘yoqlarning sifatiga alohida e’tibor berish maqsadga muvofiqdir. Farzandlarimizni tajovvuzkor, g‘arbona o‘yinchoqlarni emas, aksincha ichki kechinmalari yuzida aks etib, ibo-hayo, milliylik nafasi ufurib turgan, insoniy tuyg‘ular ifodalangan sharqona qo‘g‘irchoqlar bilan do‘st bo‘lishini istardim. Shuning uchun yasayotgan qo‘g‘irchoqlarim orqali o‘zbek millatining tanti, mehnatkash, olijanob qiyofasini ifoda etishga urinaman.

Yana o‘qing:  Haqiqat izlab…

Hunarmand ayolning ishlarini kuzatar ekanmiz, “Ona allasi”, “Yetti go‘zal” kabi turli ertak qahramonlarini yasash bilan birgalikda, Bobur Mirzo, Nodirabegim kabi tarixiy siymolar obrazini yaratishga qo‘l urgani namoyon bo‘ladi. Bu qo‘g‘irchoqlar esa bolada tarixiy siymolar haqida tasavvur paydo qilib, vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishiga zamin hozirlaydi.

Milliy an’analarni o‘zida aks ettirgan, bejirim va nafis qo‘g‘irchoqlari bilan Manzuraxon Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Fransiya, AQSH, Turkiya, Malayziya kabi davlatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda ishtirok etib, xalqimizning madaniy merosi nechog‘li boy ekanini namoyish etishga muvaffaq bo‘ldi.

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: