Bahor libosi – ko‘klam, atlas jilosi – ko‘rkam

Atlasu adraslar nafaqat bebaho boyligimiz, balki milliy hunarmandchiligimiz durdonalaridan biridir. U milliy qadriyatlarimiz bilan yo‘g‘rilgan o‘zbekona nafis san’atdir. Hunarmandchilikka berilayotgan e’tibor vae’zoz tufayli, yurtimizda ushbu matoning qadimiy namunalari hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilmoqda.

Namanganlik Abdulatif Ah­mad­­jonov ana shunday ezgu ishlarni davom ettirib kelayotgan usta-hunarmandlardan.

Ota-bobosi hunarini davom ettirib kelayotgan Abdullatif ota sulolasining beshinchi avlodi hisoblanadi. Oilaviy hunarmand­chilikni yo‘lga qo‘ygan usta o‘zbek milliy matolaridan beqasam, palak, atlas, adraslar to‘qib, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlarga jo‘natadi.

Otasi Ahmadjon aka hamda volidasi Xojixon opa besh nafar farzandini mehnatsevar qilib tarbiyaladi. Ammo Abdulatif ikki yoshligida otasi vafot etadi. Ota vasiyatiga ko‘ra Abdulatifjonni ammasiga farzand qilib berishadi. Pochchasi Abdug‘ani aka ham uni o‘z o‘g‘lidek mehr bilan tarbiyalaydi. O‘n yashar o‘smir bolakayni dadasining shogirdi atlas to‘quvchi hunarmand G‘ulomjon Valiyevga shogirdlikka beradi. Ustoz o‘gitlarini ortig‘i bilan bajarishga o‘rgangan yosh hunarmand to‘qigan matolar o‘zining bejirimligi, betakrorligi bilan ko‘pchilikning e’tiborini jalb etadi. Abdulatifdagi iqtidorni payqagan ustozi uning oydin kelajagiga ishonch bildiradi.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, uni kuyovlikka munosib ko‘radi. Abdulatif aka Zohida opa bilan olti nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazadilar. Zohida opa ham hunarmandlar oilasida voyaga yetgani uchun turmush o‘rtog‘iga eng yaqin maslakdosh bo‘ldi. Besh nafar o‘g‘illari ham ota-bobolari izidan borib, milliy libos – atlas va adras to‘qish hunarini puxta egalladilar.

Atlas va adras to‘qishning sir-sinoatini o‘rgangan, ipakka rang berish, ipakni oxorlash kabi ishlarni o‘zlashtirgan Abdulatif ota duradgor-ustachilikni ham maromiga yetkazar ekanlar. 5-6 metr uzunlikdagi mato to‘qiladigan dastgoh ko‘rgazmalarga borganda joydan joyga ko‘chirishda noqulaylik tug‘diradi. Shu bois, otaxon duradgor ustaning ko‘magi bilan 2,20 metrlik dastgoh yasabdi.

Otaxon ish faoliyati haqida shunday hikoya qiladi:

– Dastgohda o‘tirib mato to‘qish jarayoni jismoniy mehnat hamda nozik did talab etadi. Ko‘zingiz bilan iplarni o‘z o‘rniga tushishini kuzatib turishingiz lozim. Chunki iplar almashib qolsa, gul yuzaga chiqmaydi. Bu esa ko‘zlarning sog‘­lom bo‘lishida katta ahamiyat kasb etadi. Qo‘l-oyoqlar, butun a’zoyi badaningiz ishlaydi. Tanangizda qon yurishadi. Atlasning 8 ta tepkisi bo‘ladi, bir kunda 6-10 metr mato to‘qiladi, adrasning esa 4 ta tepkisi bo‘ladi, bu matodan 10-15 metr to‘qish mumkin. Mato gullarini eski kitoblar naqshlaridan izlab topamiz va ularga zamonaviy tus beramiz. Eng sifatli ranglar Hindistondan olib kelinadi.

Yana o‘qing:  Bor bo‘ling, Axtamquli

Otaxon “Tashabbus – 1999”, “Tashabbus – 2014” ko‘rik-tanlovlarida o‘zi ishlab chiqargan o‘zbegimning “Begoyim”, “O‘zbekiston go‘zali”, “Qo‘chqorshox”, “Guldasta”, “Kelinchak atlas” deb nomlangan atlas va adraslari bilan munosib ishtirok etib kelmoqda.

2013 yilda Abdulatif aka ­Ukraina elchixonasi taklifi bilan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etganida mezbonlar tovlanib turgan kamalak rang milliy matolarning jozibasidan hayratga tushgan edilar.

Tinib-tinchimas otaxon ajdodlariga hurmat ma’nosida 2004 yilda uy muzeyi tashkil qilgan. Muzeydan hunarmandlar sulolasining dastgohlari, pilla ip bo‘lgunga qadar jarayon hamda matolarning andozalari joy olgan.

Bugungi kunda o‘n besh nafardan ziyod nevaralar ana shu muhitda ulg‘ayishmoqda. Ulardan Abrorjon, G‘ulomboy, Abubakirlar bobosi Abdulatif hoji otaning izdoshlaridir. Demak, sulolaning oltinchi va yettinchi avlodi yetishib kelyapti.

Qolaversa, ustaning shogirdlari ham 40 nafardan ziyod. Abdulatif otaning ko‘p yillik mehnatlari munosib baholanib “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Bugungi kunda nafaqat Namangan, balki butun O‘zbekistonga dovrug‘i ketgan Abdulatif Ahmadjonov sulolasi an’anaviy o‘zbek hunarmandchiligi – mato to‘qish san’ati bilan dilbar qizlaru lobar kelinchaklar husniga husn, qalbiga cheksiz quvonch qo‘shmoqda. Ayniqsa, diyorimiz uzra Navro‘z shukuhi kezib yurgan pallada milliy matolarimiz jilosi har bir yurtdoshimiz diliga iftixor bag‘ishlaydi.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: