XALQARO TA’LIM KO‘RGAZMASI

Poytaxtimizda “Talaba – 2012” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir mamlakatimizning “Neo-Konsalting” ta’lim kompaniyasi tomonidan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining oliy ta’lim muassasalari, tegishli idoralari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, talabalar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim sohasini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi barkamol, mustaqil fikrlovchi shaxsni tarbiyalash, yetuk mutaxassislar tayyorlashda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur hujjatlar mamlakatimiz iqtisodiyoti va hayotining barcha sohalari uchun yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyalashuvini ta’minlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash, shuningdek, kadrlar tayyorlash borasida o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ushbu sohada samarali xalqaro hamkorlik keng yo‘lga qo‘yilgani milliy ta’lim modelimizning yuqori malakali kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilganining yana bir tasdig‘idir. Xorijlik hamkorlar bilan birgalikda turli yo‘nalishlar, jumladan, chet tillarini chuqur o‘rganish bo‘yicha fakultet va kafedralar tashkil etish amaliyoti tobora kengaymoqda.

Mamlakatimiz yoshlari xorijdagi nufuzli ta’lim dargohlarida ham bilimini oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini chuqur o‘rganish, zamon talablari darajasida ta’lim olish imkoniyatiga ega.

“Talaba – 2012” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengroq ishga solish maqsadida tashkil etildi. Ko‘rgazma ishtirokchilari mamlakatimiz va jahon ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar bilan tanishdilar.

Ko‘rgazmada Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi “Tempus” dasturi, “Erazmus Mundus” va “Meri Kyuri” kabi grant va almashinuv ta’lim dasturlari, Britaniya Kengashi va Germaniya akademik almashinuv xizmatlarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, AQSH, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kipr va Malayziya kabi davlatlardan xalqaro universitetlar vakillari ishtirok etdi.

– O‘zbekiston ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotir, – dedi Yevropa Ittifoqi elchisi, Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi rahbari Norber Justen. – O‘zbekistonda ta’lim infratuzilmasini takomillashtirish va o‘qituvchilar malakasini oshirish borasidagi ishlar ham tahsinga sazovor. O‘zbekistonlik talabalar bilan bevosita muloqot jarayonida mamlakatingiz yoshlarining intellektual salohiyati yuqori ekaniga ko‘p bor ishonch hosil qilganmiz. Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan ta’lim sohasida uzoq yillardan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqda, ko‘plab loyihalarni amalga oshirdik. Bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Yana o‘qing:  “TOSHKENT OPEN – 2012”: ULKAN IMKONIYATLAR BELLASHUVI

– O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani juda quvonarlidir, – dedi Germaniya akademik almashinuv xizmatining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Gert Ryudiger Vegmarsxaus. – Bu borada mamlakatlarimiz universitetlari o‘rtasida o‘zaro tajriba va axborot almashinuvi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish borasida ham faol va samarali hamkorlik qilyapmiz. O‘zbekistonda ta’lim sohasi havas qilsa arzigulik darajada taraqqiy etganiga guvoh bo‘ldim. Mamlakatingizning qator universitetlarida bo‘ldim. Ta’lim olish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar menda unutilmas taassurot qoldirdi. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston yoshlarining izlanuvchan va qiziquvchanligi, bilimga chanqoq ekani meni hayratlantirdi. Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston yoshlarini Germaniya ta’lim tizimida yaratilgan imkoniyatlar, universitetlar faoliyati va ularda tahsil olish imtiyozlari bilan tanishtiryapmiz.

“Talaba – 2012” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi xorijda tahsil olish niyatida bo‘lgan talaba-yoshlarning chet ellardagi oliy ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishishi uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi.

Iroda UMAROVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: