Sport salomatlikni mustahkamlaydi
Millat kelajagi, uning ertasi, shubhasiz, yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishiga bog‘liq. Zero, ma’nan va jismonan barkamol farzandlargina yurt kelajagini bunyod eta oladi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab hukumatimiz tomonidan sportga, ayniqsa, bolalar sportiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlar o‘rtasida sog‘lom tumush tarzini qaror toptirish, ularni sport bilan muntazam shug‘ullanishini ta’minlash maqsadida barcha sharoitlar yaratib berilmoqda.
Birgina uch bosqichli sport o‘yinlari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada bahslarini olaylik. O‘tgan yillar mobaynida ushbu sport musobaqalari maktab, kollej o‘quvchilari va oliy o‘quv yurti talabalari uchun o‘z iqtidorini namoyon etish, yirik xalqaro musobaqalar oldidan katta sport havosidan to‘yib nafas olish imkonini bermoqda.
O‘tgan yillar mobaynida “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi ham yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, xalqimiz salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga har jihatdan yordam ko‘rsatish yo‘lida ko‘plab samarali loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Ana shunday loyihalardan biri “Nafosat olami” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Sog‘lom avlod uchun” kubogi Respublika sport festivalidir.
O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur sport festivali har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda. Uchinchi bor o‘tkazilgan bu galgi bellashuvlarda 1998-2006 yillarda tug‘ilgan jami 300 nafardan ortiq o‘smir bolalar va qizlar sportning suzish, sinxron suzish, suvga sakrash, sport raqsi va gimnastrada turlari bo‘yicha o‘zaro bahs olib bordi.
– Sport – salomatlik garovi. U yosh avlodni jismonan baquvvat va sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishini ta’minlaydi, – deydi Yakkasaroy tumani 144-maktabning “Nihol” to‘garagi rahbari Dilnoza Mahmudova.
Festivalning “Sport raqsi” bellashuvlarida Li Dmitriy, Polina Somenok, Mirolim Obidov, Milana Karabayeva, Andrey Kuznetsov va Mina Li birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Gimnastrada bahslarida esa poytaxtning “Do‘stlik” jamoasi shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi.
G‘oliblar homiylarning faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Farhod TOLIPOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri