Cog‘lom avlod kamoloti yo‘lida
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, fondning vasiylik kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan saylangan delegatlar ishtirok etdi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S.Inomova va boshqalar sog‘lom avlodni tarbiyalash, yoshlarning barkamol o‘sib-ulg‘ayishi, iste’dodi va salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishi uchun har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 1993 yil 23 apreldagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida faol ishtirok etmoqda. Ushbu nodavlat tuzilma tegishli davlat va jamoat, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash, gumanitar yordam, bolalar sportini rivojlantirish, ta’lim kabi sohalarda ko‘plab loyihalarni amalga oshirmoqda.
Fondning ekologik noqulay hududlarga “Salomatlik poyezdlari”ni tashkil etish, tug‘ma nuqsonli bolalarni mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi nufuzli klinikalarda davolatishga oid loyihalari aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qismini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni himoyalash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, bolalar salomatligini asrashda o‘z samaralarini berayotir. Madaniyat, san’at, sport-sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi loyihalar iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish, yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Fond tomonidan “Ona va bola skriningi” davlat dasturida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Respublika skrining markazi va uning joylardagi tuzilmalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Fondning kam ta’minlangan oilalarni, nogironlar va tibbiy-ijtimoiy muhofazaga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlashga oid gumanitar loyihalari ham kengayib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 30 yanvardagi “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida fondning huquqiy maqomi yanada oshib, maqsad va vazifalari miqyosi kengaydi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining 2013 yildagi faoliyati yakunlari tahlil etildi, “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Basitxonova so‘zga chiqdi.
B.XIDIROVA,
O‘zA muxbiri