SAFAR: IKKI ODIM
JCH-2014 musobaqasining Osiyo qit’asidagi saralash bahslari doirasidagi Qatarga qarshi rasmiy hamda undan oldin BAA termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushish maqsadida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Dubay shahriga uchib ketdi.
Mirjalol Qosimov shogirdlari 12 oktyabr kuni BAA termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. Ushbu ikki o‘yinda jami 23 nafar futbolchi terma jamoaga jalb etilgan. Ular orasida avgust oyi yakunlariga ko‘ra O‘FF so‘rovnomasi bo‘yicha oyning eng yaxshi futbolchisi deya topilgan “Sho‘rtan” hujumchisi Igor Taran, “Olmaliq” yarim himoyachisi Oleg Zoteev, Xitoyning “Jiangsu Seynti” klubi himoyachisi Kamoliddin Tojiyev, Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klubi himoyachisi Shavkat Mullajonov hamda BAAning “Ash-Shabob” klubi yarim himoyachisi Aziz Haydarov kabi futbolchilar tarkibdan o‘rin olgan.
Dubay matbuotidan olingan ma’lumotlariga qaraganda, ushbu bahs mezbonlar uchun Avstraliya-2015 saralashi oldidan ajoyib tayyorgarlik va sinov vazifasini o‘tab berar ekan. Sababini o‘zingiz yaxshi bilasiz, kechagi qur’aga ko‘ra, BAA terma jamoasi bizning guruhdan o‘rin egallagan. Shunday ekan, arablar mazkur uchrashuv orqali terma jamoamizning o‘yin uslubini o‘rganib chiqishmoqchi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2014 saralash 4-bosqich “A” guruhida 3ta o‘yindan so‘ng 2 ochko bilan oxirgi o‘rinda bormoqda. Oldindagi ikki muhim uchrashuvlarda terma jamoamizga omad tilab qolamiz.