Balog‘at yoshidagi qizlar salomatligi
onalardan doimo e’tiborli bo‘lishni talab etadi
Bolalikdan o‘smirlik yoshiga qadam qo‘ygan har bir o‘g‘il-qiz organizmida o‘ziga xos o‘zgarishlar kuzatiladi. Ayniqsa, bu pallada qiz bola salomatligiga alohida e’tibor berish lozim. Tobora tashqi ko‘rinishning o‘zgarishi qiz bolaning ruhiyatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu pallada farzandingiz bilan yaqindan sirdosh bo‘lishingiz, unga bunday holatlarda nima qilish zarurligini o‘rgatishingiz lozim. Balog‘at yoshiga yetgach, o‘cmirning fe’l-atvori, tashqi ko‘rinishida sezilarli darajada o‘zgarishlar yuz beradi. Avvalo, ota-onalar bu davrda o‘z farzandlari bilan yaqindan do‘st bo‘lishlari, kelajakda kelib chiquvchi jiddiy muammolarning oldini olgan bo‘ladi.
Hayz ko‘rish sikli har bir qiz bola organizmida turlicha kechadi. Ba’zilarda bu 11-12 yoshdan boshlansa, ba’zi qizlarda esa 15 yoshga yetganida ham hayz ko‘rish kechikishi mumkin. Shunday hollarda darhol shifokor-ginekolog huzuriga borish lozim. Hayz siklining buzilishi, endokrin xastaliklar, anemiya (kamqonlik), jinsiy a’zolarda turli yallig‘lanishlar kelgusida jiddiy kasalliklarni yuzaga keltirishi mumkin. O‘smir yoshdagi qiz bola organizmida gormonal buzilishlar ro‘y berishi hayz ko‘rish davridan boshlanadi.
Inson organizmidagi har bir gormonning o‘z vazifasi bor. Bulardan farqli ravishda, ayollarda uchraydigan gormon (estrogen) o‘z navbatida farzand ko‘rish qobiliyatini yuzaga keltiradi va ayol jinsiga monand qomat, hulq-atvor va nafosatni belgilaydi. Estrogen gormonining kamayib ketishi asosan, qalqonsimon bez xastaligi bilan bog‘liq muammolardan biridir. Chunki ushbu a’zo orqali butun tana boshqariladi va gormonlar faoliyatiga ham mas’ul. Bu gormonning kamayib ketishi nafaqat qirq yoshdan oshgan ayollarda ko‘p uchraydi, balki balog‘at yoshidagi qiz bolalar organizmida ham ro‘y berishi kuzatiladi.
Gormonal buzilishlar o‘z navbatida organizm uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Buning uchun avvalo, gormonal balansni me’yorga keltirish bilan bir qancha kasalliklarning oldini olish mumkin.
Estrogen gormoni ayol bachadoni tuxumdonida ishlab chiqariladi va hayz siklini bir maromda ushlab turadi. Hayz siklining buzilishi esa ushbu gormon bilan bog‘liq muammolardan darak beradi. Shunday hollarda darhol shifokorga uchrashish va kerakli analizlarni topshirib, o‘z vaqtida muolajalarni olish zarur.
Ba’zan analizlar ham gormonal holatni to‘g‘ri baholayvermaydi. Ayol organizmida estrogen gormonining kamayib ketishi oqibatida tanada suv balansining buzilishi, semirishga moyillik, terining quruqlashishi natijasida esa ajinlarning ko‘payishi yuzaga keladi. Shu bilan birga, estrogen gormonining kamayib ketishi qondagi xolesterin miqdorini ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ushbu gormonning yana bir muhim vazifalaridan biri, organizmda kalsiyning saqlanib qolinishida xizmat qiladi.
ESTROGEN GORMONI KAMAYIB KETISHINING ASOSIY BELGILARI QUYIDAGILARDAN IBORAT:
Xotiraning pasayishi;
haddan ortiq ko‘p asabiylashish;
depressiyaga (tushkunlik) beriluvchanlik;
uyquning buzilishi, tunda uxlay olmaslik;
kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi;
asabiylashganda qizib ketish;
tuxumdon faoliyatining buzilishi;
terining quruqlashishi;
belda og‘riqning bo‘lishi;
vaznning oshishi, semirish (sellyulit);
migren (boshning yarmi og‘rishi), doimiy bosh og‘rig‘i;
diqqatni jamlay olmaslik;
mushaklarda og‘riq;
soch to‘kilishi va boshqa bir qancha belgilardan iborat.
Qiz bola organizmida estrogen gormonining kamayib ketishi oqibatida tuxumdon faoliyati susayadi. Bu esa follikulaning o‘z vaqtida yetilmasligi natijasida hayz siklining buzilishi, ko‘krak bezi va bachadonning qisqarishiga olib keladi. O‘z vaqtida davolanmasa kelajakda bu bepushtlikka ham sabab bo‘lishi mumkin. Hayz siklining 25-28 kundan oshib ketishi, hayz kunlarining uzayishi va og‘riqli kechishi, qovuq ostida og‘riq bo‘lishi organizmda gormonal buzilishlar ro‘y berayotganidan darak beradi. Shunday hollarda zudlik bilan endokrinolog va ginekolog shifokorga borib kerakli muolajalarni olish talab etiladi.
Ayollarda estrogen gormonining kamayib ketishi va testosteron (progesteron) gormonining oshib ketishi o‘z navbatida erkak kishiga xos bo‘lgan belgilar bilan aniqlanadi:
Yuz va bo‘yin, dahan qismida, ko‘krakda, qovuq ostida va qorinning o‘rta qismida, ba’zan esa erkaklarga xos badanda mayda tuklarning paydo bo‘lishi bilan belgilanadi. Umuman olganda, estrogen gormonining kamayib, progesteron gormonining ko‘payishi natijasida badanda ortiqcha tuklar ko‘payadi.
Progesteron (testosteron) gormonining ko‘payishi natijasida teri bezlari ortiqcha yog‘ ishlab chiqaradi, tez-tez husnbuzar toshadi. Husnbuzar nafaqat yuzga, balki erkaklarga xos badan atrofida yirik husnbuzar va toshmalar kuzatiladi.
Semirish asosan bo‘ksa, qorin qismida yog‘ning ko‘payishi bilan xarakterlanadi. Tashqi ko‘rinishda ham bu sezilarli darajada ko‘zga tashlanadi. Qiz bolalarda yigitlarga xos fe’l-atvor, xatti-harakat va qadam tashlash, ovozning yo‘g‘onlashishi hamda jinsiy xohishning ko‘tarilishi (giperseksualizm) kuzatiladi. Bunday holatda o‘z vaqtida davolanish zarur. Bu nafaqat qiz bola organizmi uchun jiddiy asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin, balki kosmetik jihatdan ham muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
MUAMMONING YECHIMI
Kasallikni o‘z vaqtida davolash bemorning tezda tuzalishiga turtki bo‘ladi. O‘z navbatida kerakli dori-darmonlarni shifokor belgilaydi hamda ovqatlanish ratsioniga qo‘shimcha ravishda kerakli mahsulotlarni qo‘shishni buyuradi.
Ya’ni:
Dukkakli o‘simliklar tarkibida estrogen gormoniga o‘xshash modda fitoestrogen ko‘p miqdorda bo‘lib, organizmda gormonal balansni bir maromda ushlashda yordam beradi. Jumladan, mosh, loviya, no‘xat, grechixa, soya, guruch, o‘rik, kunjut, brokkoli karami va ko‘katlar gormonal balansni mo‘tadillashtiradi. Bemorning davolanishi bilan birgalikda parhez qilishi, sut mahsulotlari tuxum, pomidor, qovoq va sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qilishi zarur. Ushbu mahsulotlar tarkibida foliy kislotasi, vitamin S, K ko‘p miqdorda bo‘lib, gormonal o‘zgarishlarni bir maromda saqlashda yordam beradi.
Qahva tarkibidagi ba’zi moddalar organizmdan kalsiyni chiqarib yuboradi. Shu sababli, gormonal buzilishlar paytida qahva ichish mumkin emas.
GORMONAL MUVOZANATI ME’YORLASHTIRUVCHI MAHSULOTLAR:
Tarkibida fitoestrogen ko‘p bo‘lgan mahsulotlardan ko‘proq iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir. Lavlagi, sabzi, qovoq, bodring, pomidor, papayya, anor, yong‘oq, sarimsoqpiyoz, qo‘ziqorin, baqlajon, baliq (skumbriya tarkibida ko‘proq) va parranda go‘shtida bu modda ko‘proq uchraydi. Fitoestrogen o‘z navbatida organizmdagi estrogen gormoni bilan uyg‘unlashadi va gormonal buzilishlarning oldini oladi. Ushbu mahsulotlar endokrin tizimi faoliyati yaxshilanishiga yordam beradi. Asosiy davolashni esa shifokor endokrinolog va ginekolog bilan olib boriladi.
Hurmatli ota-onalar! Yuqoridagi holatlar yuz bermasligi uchun farzandingiz salomatligiga bee’tibor bo‘lmang. O‘z vaqtida qalqonsimon bez xastaliklari (shuningdek, bo‘qoq), farzandingizda ro‘y berayotgan jinsiy kasalliklarni o‘z vaqtida davolashga harakat qiling.
Muntazam ravishda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarziga rioya etish, spirtli ichimliklar va boshqa zararli odatlarni tark etish, ochiq havoda ko‘proq sayr qilish ruhiy va jismoniy sog‘liqni saqlashda yordam beradi. Zero, sog‘lom onadan sog‘lom bola dunyoga keladi.
Oliy toifali shifokor ginekolog Durdona Hoshimova tavsiyalari asosida Nargiza Uglamova tayyorladi