Ko‘klam mushoirasi

Sirojiddin SAYYID,

O‘zbekiston xalq shoiri

Ayolning shirindir diydori, vasli,

U – vafo timsoli, ilohiy xayol.

Mehru sadoqatning ramzidir asli,

Mehru muhabbatga munosib ayol.

Bir gulandom birla

Lola faslida havoyu sohilu qir yaxshidir,

Nozlanib esgan nasimu erka yomg‘ir yaxshidir.

Bo‘lsa gar yuz ming firoqu bo‘lsa gar yuz ming alam,

Kelsa gar shunday bahor bir bo‘lsa ham bir yaxshidir.

Yer qabo kiymish binafshu osmon kiymish binafsh,

Bir binafsh to‘nlig‘ diloro birla tadbir yaxshidir.

Sen binafsha dastasin ko‘ksingga bosu g‘amza qil,

Qo‘llaring siljitma, ey yor, ushbu tasvir yaxshidir.

Shodlanib zanjir uzar ko‘nglim aro yuz ming asir,

Arzigay bo‘lsang asir – ul zulfi zanjir yaxshidir.

Ey umr, bor g‘urbatingdin jilmayib kechdim bu on,

Bori g‘am oldida bu zangori taqdir yaxshidir.

O‘rtaga tushgay quyosh ko‘kdan o‘zi soqiy bo‘lib,

Bir gulandom birla suhbat, qo‘lda chog‘ir yaxshidir.


Iqbol Mirzo,

O‘zbekiston xalq shoiri

Ko‘klam qo‘shig‘i

Bahorni bilmagan ellarni ko‘rdim,

Bir chechak kulmagan yerlarni ko‘rdim.

O‘zingni sog‘inib keladi Navro‘z,

Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,

O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Chuchmoma chayqalib, chalar qo‘ng‘iroq,

Hayot hidin sochar uyg‘ongan tuproq,

Ildiz suvratini chizadi chaqmoq,

Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,

O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Mehmonni chorlaydi sumalaklaring,

Qizlaring bog‘laydi jamalaklarin.

Saodatga ko‘prik kamalaklaring,

Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,

O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Ey, kafti qadog‘u ko‘ngli yumshoq el,

Quyoshda qoraygan, yuragi oq el,

Duoga qo‘l ochgan, tilagi oq el,

Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,

O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Muqaddas yering bor, qutlug‘ osmon bor,

Suyangan tog‘ing bor, dilda iymon bor.

Ulug‘ bog‘istonga buyuk bog‘bon bor,

Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,

O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.


Ikrom OTAMUROD

Bu dunyoda faqat o‘zgarmas Vatan

Quyosh yuz ko‘rsatar har kun boshqacha,

Kunu tun o‘zgarar: qisqa yo uzun.

Hatto sarxush bosib yotgan toshgacha

Tuslanar yeylanib, eylanib, to‘zib.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o‘zgarmas Vatan!

Havoning avzoyi turlanar damda,

Lahzada o‘zgarib boradi iqlim.

Yog‘in ado, yog‘in paydo qadamda,

Daryolar goh qayrang, goh suvga lim-lim,

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o‘zgarmas Vatan!

Tog‘lar balandlaydi, tog‘lar pasayar,

Suyanch qoyalarin qurbi mo‘rt tortib.

Oy nuri to‘lg‘in, oy nuri susayar,

Ko‘k zebi-yulduzlar jilvasi yorti.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o‘zgarmas Vatan!

Rostlar yolg‘onlarga yon bosar gohi,

Gohida yolg‘on ham rostday chog‘lanar.

Vaqt arqog‘in yo‘rib, yigirib, eh-he,

Quvonchga bog‘lanar, g‘amga bog‘lanar.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o‘zgarmas Vatan!

Bo‘yiga, eniga mahliyo, saxtli,

Ne qal’a, qo‘rg‘onlar munkayar nurab.

Davronlar, boyliklar chang, g‘ubor taxlit

Shamollar izmida uchar chirpirab.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o‘zgarmas Vatan!

Manzillar, makonlar haddini yo‘nib,

Betoqat yugurar qo‘nimsiz yo‘llar.

Ortda qolaverar armonga do‘nib,

Umr kosasidan to‘kilgan yillar.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o‘zgarmas Vatan!

O‘zgarar ixloslar, qarashlar pay-pay,

Uzilar metinday rishtalar…

Faqat…

Mo‘g‘jalari bo‘lo‘g‘ sobit daraxtday

Ruhda tomir otgan ulug‘ Haqiqat –

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o‘zgarmas Vatan!


Azim SUYUN

Yana o‘qing:  Kulgu-shifo (2013-39)

* * *

Yo‘q, hayotga to‘ymadim hali.

Pushkin

Yo‘q, hayotga to‘ymadim hali,

Bog‘lar hamon chiroyli, go‘zal.

Ko‘klamoyim yuz ochgan mahal,

Maftun etar shaftoli guli.

Yo‘q, hayotga to‘ymadim hali,

Hamon chorlar sharqiroq soylar,

Arg‘umoqlar ko‘nglimni boylar,

Hilpiraydi oylarda yoli.

Yo‘q, hayotga to‘ymadim hali,

Binafshalar bo‘yin islayman,

Kakliklarning kuyin istayman,

Chorlar ul tog‘ malikalari.

Yo‘q, hayotga to‘ymadim hali,

Sarxush etar gulobgul jamol,

Hamon suluv men sevgan ayol,

Hamon-hamon hayotim guli.


Rustam MUSURMON

Sog‘lom bola

Bog‘imdagi gulim deydi, lolam deydi,

Qizalog‘in erkalatib onam deydi,

O‘g‘ilchasin g‘ururlanib otam deydi,

O‘zbek faqat bolam deydi, bolam deydi.

Tinglang ona dardin, ayol qo‘shig‘ini,

Alla aytib tebratadi beshigini,

Kelajakka ochar hayot eshigini,

O‘zbek faqat bolam deydi, bolam deydi.

Onadan or etganni kim odam deydi,

Bolani xor etganni kim odam deydi,

Mehrga zor etganni kim odam deydi,

O‘zbek faqat bolam deydi, bolam deydi.

Esli-xushli bolam, mo‘min-qobil bolam,

Iste’dodli bolam, ilmi komil bolam,

Polvon bolam, el yukiga homil bolam,

O‘zbek faqat bolam deydi, bolam deydi.

Ota-onang payvandisan, sog‘lom bolam,

Pahlavon el farzandisan, sog‘lom bolam,

Qudratli yurt dilbandisan, sog‘lom bolam,

O‘zbek faqat bolam deydi, bolam deydi.


Jamila HAYDAROVA

Onajonimga

Turnalarning arg‘umchog‘i samoda,

Yillar atrin dimog‘ sezar saboda.

Yurak cho‘g‘i taskin topar navoda,

Bahor bo‘lib keldingizmi Onajon?

Shaftolizor pushti ro‘mol o‘radi,

Shabbodalar ahvolimni so‘radi,

Har tong quyosh sizday kulib turadi,

Bahor bo‘lib keldingizmi Onajon?

Rayhonlarim bo‘yni marjonli bo‘ldi,

Ayvonimga yana qaldirg‘och to‘ldi,

Ostonamda ko‘nglim poyingiz bildi,

Bahor bo‘lib keldingizmi Onajon?

Quvonchlardan yashnab ketar nigohim,

Yonimdasiz meni qo‘llagan mohim,

O‘ngimmi yo tushimmi deyman gohim,

Bahor bo‘lib keldingizmi Onajon?

Navolardan dilga davo toparman,

So‘qmoqlarda oyoqyalang choparman,

Binafshada nimchangiz bor nafarmon,

Bahor bo‘lib keldingizmi Onajon?

Qo‘msagandim bag‘ringizning taftini,

O‘sha qadoq qo‘llaringiz kaftini,

Kulcha tutgan bolalikning baxtini,

Bahor bo‘lib keldingizmi Onajon?

Keltirdingiz bahorlarga bo‘ylayin,

Qalbingizning sofligini so‘ylayin,

Siz o‘rgatgan ezgulikni kuylayin,

Bahor bo‘lib kelibsiz-a Onajon!


Bahodir BAHROM

Chorlov

Uyg‘onding telefon qo‘ng‘irog‘idan,

– Alo… alo… kim bu? –

Titradi yurak.

Titragan ovozda qishning bog‘idan

Huzuringa yeldim, – bahor muborak!

Gulim, ovozimni taniding chog‘i,

Tashakkur tug‘ildi bir zum lollikdan.

Sevgilim, bahor bu g‘amning adog‘i,

Sevgilim, xalos et telbahollikdan.

Harir pardani yig‘, derazangni och,

Shamol hovuriga cho‘mil to‘yguncha.

Istasang, mehringdan gullaydi og‘och,

Bo‘yingdan mast bo‘lib ochilar g‘uncha.

Quyoshni yelkada ko‘tarar tog‘lar,

Til chiqara boshlar tabiat sayrab.

Yashab qol ketmasdan baxtiyor chog‘lar,

Bahorning bag‘rida bahorday yayrab.


Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Yana o‘qing:  Ibratli dunyo

Shaftoli guli

Bog‘imizning go‘zali

gullabdi-ku shaftoli.

Yal-yal yonib turibdi,

yoqut shafaq misoli.

Qarang, juda maftunkor

novdada qizil shabnam.

Uning bu go‘zalligin

hech narsaga alishmam.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: