Sog‘lom avlod tarbiyachilariga ehtirom ramzi
“Sog‘lom avlod uchun” ordeni ta’sis etilganiga 21 yil to‘ldi
Prezidentimiz Islom Karimovning 1993 yil 4 martdagi farmoniga muvofiq ta’sis etilgan mustaqil Vatanimizning ilk ordeniga “Sog‘lom avlod uchun” nomi berilgani istiqlolning dastlabki kunlaridan oldimizga qo‘ygan barcha ezgu intilishlarimizning maqsad-mohiyati jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilganining amaldagi yorqin ifodasidir.
Davlatimiz rahbarining “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart!” degan so‘zlari xalqimiz uchun o‘ziga xos da’vatga aylanganini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Zotan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlar zamirida avvalo ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan farzandlarimiz manfaati mujassam.
Mamlakatimizda tibbiyot, ta’lim va sport sohalarining bir-biriga uyg‘un rivojlantirilayotgani o‘g‘il-qizlarni har jihatdan sog‘lom tarbiyalashda muhim omil bo‘lmoqda. Nufuzli xalqaro tashkilotlar reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston bolalar salomatligi muhofazalangan yetakchi o‘n mamlakatdan biridir. Farzandlarimizning 92 foizi rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi.
Bunday yuqori natijalar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport farzand tarbiyasining muhim mezonlaridan biriga aylanganining samarasidir. Uch bosqichli uzluksiz tizim – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport musobaqalari yoshlarning barcha qatlamini ommaviy sportga jalb qilishning eng samarali usuli bo‘lib, endilikda bu tizim dunyoning qator mamlakatlarida noyob tajriba sifatida o‘rganilmoqda.
Yurtimizdagi 65 mingdan ziyod sport seksiyalarida ikki millionga yaqin o‘g‘il-qiz sportning 30 dan ziyod turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Sport bilan shug‘ullangan bolalarda kasallanish darajasi sezilarli darajada pasaygani, so‘nggi o‘n yilda mutlaq sog‘lom bolalar ulushi 11,2 foizga oshgani ana shu harakatning amaliy natijasidir.
“Sog‘lom avlod uchun” ordeni sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash ishiga ulkan hissa qo‘shayotgan fidoyi yurtdoshlarimiz mehnatini munosib rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur orden bilan onalik va bolalikni muhofaza qilish, atrof-muhit musaffoligiga erishish, Vatani ravnaqi uchun xizmat qiladigan jismonan, ma’nan va axloqan sog‘lom avlodni kamol toptirish yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan insonlar mukofotlanadi. Shuningdek, boshqa davlatlar fuqarolari ham mazkur mukofot bilan taqdirlanishi mumkin.
Ordenning tasvirida o‘ziga xos ramziy ma’no-mazmun mujassam. Tinch va osoyishta Vatanimizni charog‘on qilib turgan quyoshning zarrin nurlari ostida farzandini bag‘riga bosgan mo‘tabar ona siymosi sog‘lom bolani tarbiyalash xalqimizning ezgu amali ekaniga ishoradir. Bolaning yuksakka – quyoshga intilayotgani kelajakda buyuk ishlarga qodir ekanidan dalolat, munis onaning zurriyodiga qaragan mehr to‘la nigohida sog‘lom farzandining unib-o‘sishiga mustahkam ishonchi barq urgan.
Orden biriktirilgan dastaning ichki qismi yashil rangdagi tovlanuvchi lenta bilan o‘ralgan. Lentaning o‘rtasida uyg‘onish timsoli bo‘lgan gullab turgan o‘rik novdasi tasviri tushirilgan. U yasharish va yangilanish ramzi bo‘lgan yashil rang fonida yanada teran mazmun ifoda etadi.
Jamiyat hayotining turli jabhalarida yuksak natijalarga erishayotgan ko‘plab yurtdoshlarimiz sog‘lom avlod tarbiyachilariga ehtirom timsoli bo‘lgan ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi.
Xorazmlik Feruza Allaberganova o‘ttiz yildan buyon Qo‘shko‘pir tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga saboq beradi. Mamlakatimizda har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, sog‘lom turmush tarzi tamoyillari ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari uchun davlatimiz rahbarining 2013 yil 23 avgustdagi farmoniga binoan II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
– Mustaqillik yillarida sog‘lom va barkamol avlod tarbiyasi umummillat ishiga aylandi, – deydi F.Allaberganova. – Joriy yil Yurtboshimiz tashabbusi bilan Sog‘lom bola yili deb e’lon qilinishi har tomonlama yetuk avlodni tarbiyalash masalasini bundan-da yuqori bosqichga olib chiqadi. “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida davlat va jamiyatning barcha kuch va imkoniyatlari avvalo jismoniy va ma’naviy sog‘lom, mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual salohiyatli, mamlakat taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yoshlarni tarbiyalashga qaratilgani buning yorqin ifodasidir.
Har bir xalqning qudrati, buyukligi ko‘p jihatdan millatning sog‘lomligi, ma’naviyatining yuksakligi, navqiron avlodning qanday tarbiya topganiga bog‘liq. Mamlakatimiz yoshlari har sohada hech kimdan kam emas va kam bo‘lmaydi ham. Ularning iqtidorini qadrlash, salohiyatini yuzaga chiqarish, sog‘lom tarbiyalash har birimizning sharafli burchimizdir.
Zohir TOSHXO‘JAYEV,
O‘zA sharhlovchisi