Polvonlarimiz shohsupada
Germaniyaning Dyusseldorf shahrida Xalqaro dzyudo federatsiyasi musobaqalari taqvimiga kiruvchi Gran-pri turkumidagi turnirda hamyurtimiz Shuhrat Arslonov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Nufuzli musobaqada dunyoning 55 mamlakatidan to‘rt yuz nafarga yaqin dzyudochi g‘oliblik uchun kuch sinashdi. O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari turnirda asosan yosh dzyudochilardan iborat tarkibni sinovdan o‘tkazdi.
81 kilogramm vazn toifasida gilamga chiqqan polvonimiz Shuhrat Arslonov gollandiyalik Nil Van de Kamer, moldovalik Konstantin Tipa, rossiyalik Sirojiddin Magomedov va Stanislav Semyonovni mag‘lubiyatga uchratib, bronza medal bilan taqdirlandi.
* * *
Moskva shahrida o‘smirlar o‘rtasida yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda hamyurtimiz Ilhom Bahromov shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Rossiya, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston sportchilari ishtirok etgan musobaqaning 50 kilogrammgacha bo‘lgan kurashchilar o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsida iqtidorli polvonimiz I.Bahromov mezbon sportchi Ilya Mixaylovni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.