MO‘JIZAMI Yo FOJEA?!
Odamzot uzoq vaqtlardan beri Ona tabiatdan ilhomlanib qilingan kashfiyotlari asosida odamlarning sihat-salomatligini tiklash, umrini uzaytirish kabi masalalar yechimi ustida izlanadi. Bu boradagi izlanishlar mukammal darajadagi yangi organizmlarni shakllantirish mumkin degan aql bovar qilmas g‘oyalarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Shu narsani ta’kidlab o‘tmoqchimizki, kiborglar haqidagi progressiv g‘oyalar juda uzoq vaqt davomida ilmiy fantastika sohasida qalam tebratgan olimlarning xayolini chulg‘ab olgandi. O‘tgan asrlarda bu g‘oyaga bag‘ishlab Pol Di Filippo, Bryus Sterling, Donna Xaravay, Jeyms Litten, Martin Kaydin va Ayzek Azimovlar kabi olim — yozuvchilar asarlar bitishgan.
Biorobotlar – yangi kashfiyotmi?
Bugungi kunda elektronika sohasi nihoyat darajada taraqqiy topganligi sababli ilm-fan sohalarida erishilgan muvaffaqiyatlardan tibbiyotda ham keng ko‘lamda foydalanishmoqda. Uzoq yillik izlanishlar tufayli erishilgan yutuqlar kibernetik organizmning paydo bo‘lishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berdi. “Kiborg” deb atalmish mavjudotlar hozirgi zamonda real xususiyat kasb etishmoqdaki, bizning ushbu maqolamiz aynan kiborglarga bag‘ishlanadi.
“Kiborg” iborasi inglizcha cybernetic organism so‘zidan olingan bo‘lib, tibbiyot sohasida mazkur tushuncha turli xildagi mexanik va elektron vositalar yordamida o‘z faoliyatini amalga oshiruvchi biologik organizmga nisbatan qo‘llaniladi. Kiborg degan tushunchani 1960 yilda ilk marotaba Shimoliy amerikalik olimlar Manfred Ye.Klayns hamda Natan S.Klinlar muomilaga kiritishdi. O‘sha vaqtda bu olimlar Yer sayyorasidan uzoqda biz uchun mutlaqo notanish va begona muhitlarda yashay olishi uchun odamlarga talab etiladigan alohida xususiyatlar haqidagi konsepsiya haqida bayon qilishgandi. Manfred Ye.Klayns va Natan S.Klinlarning fikricha, kosmanavtika sohasida ilmiy izlanishlar olib borish uchun odamlar biologik organizm tarkibiga turli xildagi elektron moslamalarni joylashtirib organizm imkoniyatlarini kengaytirishi va kuchaytirishi lozim bo‘lgan.
Hozirgi zamonda odam xayoliga sig‘maydigan ilmiy kashfiyotlar tibbiyotda qo‘llanilmoqda. Bunday yutuqlar jumlasiga sensonevral, nevral xususiyatli klinik etiologiyaga ega bo‘lgan bemorlarda eshitish qobiliyatini tiklashga imkon beruvchi implantatlarni, qo‘l va oyoq sohasida jiddiy jarohatlar olishi tufayli nogiron bo‘lib qolgan odamlar uchun mo‘ljallangan manipulyatorlarni, shikastlangan ko‘rish a’zolarining o‘rnini qoplovchi elektron protezlarni, sun’iy a’zolarni (sun’iy yurak ishlab chiqilib mijozga o‘rnatilganida u ma’lum vaqt mobaynida tabiiy a’zoning funksional vazifalarini bemalol bajara olgan) aytib o‘tishimiz mumkin.
Ilmiy g‘oyalarning yaratilish tarixi
Kanadada istiqomat qilib umrini mavjud borliqni bevosita idrok borasidagi texnologiyalar va algoritmlarni kashf qilishga bag‘ishlangan Stiv Mannni ilk kiborglardan deyishimiz mumkin. U 1965 yilda Gamilton degan shaharchada dunyoga kelgandi. Yosh olimning otasi to‘qimachilik fabrikasida ishlagani bois tez-tez uyiga har xil matolarning nusxasini olib kelardi. Yoshlik chog‘idanoq o‘ta darajada qiziquvchan bo‘lgan Stiv matolar bilan turli tajribalarni o‘tkazib kelgan. Uning ilk kashfiyoti shu bo‘ldiki, u matoga elektr simlarini o‘rnatib ko‘ylak tikadi. Matoga o‘rnatilgan kichik hajmdagi lampochkalar ovoz ta’sirida yonish xususiyatiga ega bo‘lgan.
O‘rta maktabni tugatgan yosh tadqiqotchi televizorlarni ta’mirlash ustaxonasiga ishga joylashadi. Bu yerda mavjud imkoniyatlar yosh olimni nihoyatda ilhomlantirib yuboradi. Stiv birin-ketin o‘zi bilan olib yurish mumkin bo‘lgan kompyuter (WearComp)ni yaratdi. Buning uchun yosh kashfiyotchi quruvchilar bosh kiyimiga kineskopni o‘rnatib ko‘chma televizorni yaratdi. So‘ngra unga kompyuterni uladi. Bu o‘z davri uchun inqilobiy yangilik bo‘lgan. Chunki, bu vaqtda monitorlar yaratilmagandi. Daholarcha yaratilgan uskunaning ish faoliyatini ta’minlovchi tizimlar blokini Stiv beliga bog‘lab olgandi.
1985 yilda Stiv Mann o‘rta maktabni tamomlab universtitetga kirdi. O‘sha kezlari u EyeTap — kamerasini yaratdi. Bu uskuna yordamida insonning butun hayoti raqamli tizim yordamida video moslamaga yozilib, olingan ma’lumotlar kompyuter xotirasida saqlanishi mumkin bo‘lgan.
Ayni vaqtda iqtidorli olim Toronto universitetining professori. Stiv ko‘zining yoniga kichikina kamera o‘rnatib olgan bo‘lib uzoq yillar mobaynida olamga nafaqat o‘zining ko‘zlari balki shu texnik moslama yordamida nazar solmoqda. Videokamera atrof-tevarakda ro‘y berayotgan barcha hodisalarni raqamli informatsiya tarzida qayd etib kompyuter xotirasida saqlaydi. Videokameraning kichikkina ekranida turli elektron yozuvlar shaklidagi impuls (buyruq)lar paydo bo‘lar ekan. Bu buyruqlarni Stiv miyadan o‘tkaziladigan xayoliy impulslar hamda tanaga ulangan elektrodlar yordamida amalga oshiradi.
Tanganing ikki yuzi – tanlash ixtiyori sizda
Olimning e’tirof etishicha, u tomondan yaratilgan uskunalardan foydalanishni ixtiyor etgan odamlarni tom ma’noda kiborglar deb atab bo‘lmaydi. Chunki, tanaga biriktirilgan texnik moslamalarni istalgan vaqtda yechib qo‘yish mumkin. Bu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tish joizki, Stiv Mann kashf etgan texnik moslamalardan foydalanishni odat qilib olgan kishi o‘zining tabiiy a’zolari faoliyatini izdan chiqarar ekan. Hozirgi vaqtda Stiv o‘z ko‘zlari yordamida hech narsani ko‘rolmaydi. Bundan tashqari uning ko‘rish a’zolari nihoyat darajada ta’sirchan bo‘lib qolgan. Uyquga yotishdan oldin Stiv butun uydagi chiroqlarni o‘chirib chiqishga majbur. Chunki, hattoki kichkina kuchlanishli yorituvchi moslama ham uning organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatar ekan.
Shu bilan birga olim tanasiga joylashtirilgan texnik uskuna yordamida organizmida kechadigan fiziologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. S.Mann organizmdagi har bir asab tolasi nima uchun mas’ul ekanini biladi, ammo u barcha a’zolarning ish faoliyatini o‘z ixtiyoricha boshqarish imkoniyatiga ega emas. Olim qorong‘ulikda atrofdagi ob’yektlardan tashqari o‘zidan issiqlik taratuvchi turli ob’yektlarni ham ko‘ra oladi. Atrof-muhitdagi jonsiz ob’yektlar — bino, inshoot, oziq-ovqat va hokazolar olimning ko‘z oldida o‘zidan kulrang tusdagi nur taratuvchi ob’yekt sifatida namoyon bo‘ladi. Jonli organizmlar esa sariq-qizg‘ish rangli dog‘lar kabi ko‘rinadi. Olim o‘zining boshi tomonga uchib kelayotgan ob’yektlarni ko‘rshapalaklarniki kabi sonarlar yordamida sezadi. Bundan tashqari, Stiv turli uzoqlikdagi ob’yektlargacha bo‘lgan masofani hamda ularning umumiy maydonini o‘lchash imkoniyatini beruvchi o‘tafaol to‘r o‘rnatib olgan. Ushbu moslama orqali olinadigan barcha ma’lumotlar kompyuter xotirasida saqlanadi.
Odamlar orasida kiborglar soni oshmoqda
Kanadalik professor kompyuteridagi turli manzillar yozilgan yon daftarchasida u uchrashgan har qanday odamga tegishli barcha zarur ma’lumotlar saqlanadi. Stiv istagan vaqtida ushbu ma’lumotlardan foydalanishi mumkin.
Vaqt o‘tishi bilan Stiv Mann yaratgan ko‘chma kompyuterning konseptual asoslarini yaratish zaruriyati yuzaga keldi. Olim ushbu konsepsiyani yaratdi. Bu konsepsiyada yaratilgan noyob moslamaning ish prinsiplari batafsil bayon qilingan.
Bugungi kunda Shimoliy Amerika qit’asining biron burchagida soqol qo‘ygan, qora ko‘zoynak taqib olgan kishini uchratib qolsangiz qarshingizda kiborg odam – Stiv Mann yoxud bo‘lmasa uning maslakdoshlaridan biri kelayapti degan ehtimolni inkor etolmasangiz kerak. Aytgancha Stivning turmush o‘rtog‘i Betti ham ixtiyoriy ravishda kiborg bo‘lishga rozilik bildirgan. Kiborg-odamlar mana o‘n besh yildan ziyod vaqt davomida o‘z organizmlarida amaliy tajriba o‘tkazishmoqda. Hozirgi vaqtda ma’lumotlarga qaraganda, Stiv Mannning kashfiyotlaridan foydalanishni ixtiyor etgan salkam 400 kiborg-odam dunyoga o‘zgacha nazar bilan boqmoqda ekan. Kim bilsin ehtimol yaqin kelajakda kiborg-odamlarning salmog‘i bundan ham ko‘payib ketar.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, har bir inson, avvalo, to‘rt muchasi sog‘lom bo‘lib tug‘ilganiga shukr etishi kerak. Ammo taqdir taqozosi bilan biror tana a’zolaridan ajragan bo‘lsa, unda shifokorlar tavsiyasi bilan zamonaviy, eng so‘nggi kashfiyotlardan ham me’yor darajasida foydalanishi zarur. Zero, inson Ona tabiatning ajralmas bir bo‘lagidir. Tabiiylikka nima yetsin, azizlar!
Sahifani Halima ShUKUR qizi tayyorladi.