Orzigul nega yig‘ladi?
Bog‘chadan qaytayotgan Orzigul yo‘l chetidagi maysalar orasida yer bag‘irlab yotgan chuchmomani ko‘rib, to‘xtab qoldi.
– Yuraqolsang-chi, uyga kech qolyapmiz, degan opasiga, mana bu gul o‘rnidan turolmay yig‘layapti-ku, deb joyidan jilmadi.
– Qani, men ham bir ko‘ray-chi, – deb opasi uning oldiga keldi va dedi:
– Voy-bo‘-o‘, bu gulni kimdir oyog‘i bilan bosib ketibdi. Endi uni uzib olish kerak.
– Yo‘q-yo‘q… Uzib olmang, uning joni og‘riydi.
– Kech bo‘lib qoldi, oyim xavotir oladi, yur ketdik, yur, singlisining qo‘lidan tortqiladi opasi.
– Gulim-chi?
– Uni uzib ola qol, uyga borib guldonga solib qo‘yasan.
– Shunda yana ko‘karadimi?
– Albatta.
Orzigul qo‘lidagi chuchmomani opasi aytgandek suvga solib qo‘ydi. Uyquga yotguncha ikki-uch marta guldan xabar olib ketdi.
Ammo ertalab turib guldon yoniga keldi-yu, yig‘lab yubordi.
Yoniga yugurib kelgan opasiga qarab, nega aldadingiz, nega? – derdi piqillab.
Gulga ko‘zi tushgan opasi birdaniga gap nimada ekanligini angladi. Singlisini mahkam bag‘riga bosarkan, gulni payhon qilib ketgan kimsani ich-ichidan yomon ko‘rib ketdi.
Jamila HAYDAROVA