Uyali aloqa vositasi – beminnat dastyor
ammo undan me’yordan ortiq foydalanish nurlanishga sabab bo‘ladi
Bugungi global rivojlanish davrini mobil telefonsiz ko‘z oldimizga keltirish o‘ta murakkab jarayon. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda bugun dunyoda 4,6 mlrd. abonent mobil telefondan foydalanadi. Ayniqsa, keyingi yillarda mobil telefondan faqat suhbatlashish maqsadida emas, balki uning boshqa imkoniyatlaridan ham keng foydalanilmoqda. Mobil telefonning organizmga zarari to‘g‘risida uzil-kesil ilmiy xulosa bugun yo‘q. Ammo, elektromagnit to‘lqinlardan nurlanishning salbiy ta’siri to‘g‘risida ko‘plab tadqiqot natijalari mavjud.
Yevropalik olimlarning ta’kidlashlaricha 3 foiz odamlar yuqori elektrosezuvchanlik holatidan aziyat chekadilar. Bu degani ushbu insonlarning organizmi elektromagnit to‘lqinlariga o‘ta sezgir hisoblanadi.
Elektromagnit to‘lqinlar, avvalambor, bolalarda leykemiya (qon raki), katarakta, miya o‘smasini keltirib chiqaradi, qon – tomir va asab tizimi faoliyatini buzadi. Bu o‘z navbatida DNK (dezoksiribonuklein kislota – irsiy genni tashuvchi oqsil) tarkibining buzilishiga ham olib kelishi mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha 1mgs va undan yuqori radio to‘lqinlari to‘qimalarni qizdirish xususiyatiga ega. Hatto magnit maydoni ayrim bir bo‘lak to‘qimalarning haroratini 100 S gacha ko‘tarishi mumkin ekan. Bu o‘z navbatida homilaga salbiy ta’sir qiladi.
Yevropa mamlakatlarida nurlanish darajasining ruxsat etilgan me’yori 2 Vt/kg, aynan ana shu daraja to‘qimalarni qizdirmaydi. Mobil telefonlarning zarari to‘g‘risida aniq dalillar bo‘lmasada, uning organizmga xavfi kundan-kun oshayotgani dunyo olimlari va tibbiyot xodimlarini tashvishlantirmoqda. Irlandiyalik shifokorlarning bergan ma’lumotlariga qaraganda mamlakatda mobil telefon ishlatuvchilarning har 20 tadan biri telefon zararidan aziyat chekarkan. Ulardagi asosiy klinik belgilar: asabiylik, charchash, fikrlashda chalkashlik, bosh aylanishi, uyqusizlik yoki uning buzilishi, ko‘ngil aynishi, terida sezgirlikning oshishi kabi lardir. Ularning fikricha bunday holat aynan mobil telefon ko‘p tarqalgan davlatlarda kuzatilmoqda.
Xuddi shu kabi angliyalik olimlar ham telefonning organizmga zarari to‘g‘risida amalga oshirgan ilmiy izlanishlari mahsuli sifatida, uning zarari birinchi galda terida ekzema (temiratki), astma (ziqqinafas), qon hujayralarining buzilishga, erkaklarning mijoz sustligiga sabab bo‘lib, ayniqsa, o‘suvchi organizmga salbiy ta’sirlari to‘g‘risida ma’lumotlar keltiradilar. Hatto, Angliyada bolalar uchun maxsus ishlab chiqarilgan mobil telefonlarning sotilishi ham to‘xtatilgan. Finlandiyalik olim Kari Yokela telefondan nurlanishning hujayralar faoliyatiga salbiy ta’siri haqida yozadi.
To‘g‘ri, telefon bugun bizning uzog‘imizni yaqin qilmoqda. Gap mobil telefonni umuman rad qilish to‘g‘risida emas, balki undan oqilona foydalangan holda zararidan saqlanish borasidadir.
Telefondan nurlanish, ayniqsa, siz boshqa kishi bilan ulanayotganda telefon antennasi yaqin joylashgan stansiya bilan ma’lumot almashayotganda, gaplashayotganda nisbatan ko‘proq yuz beradi.
Agar telefonni qulog‘ingizdan 10 sm.ga uzoqlashtirsangiz nurlanish darajasi 100 marotaba kamayadi. Odatda gaplashganda telefon quloqqa yaqin – 1 sm. atrofida ushlab turiladi. Ko‘pchilik ilmiy xulosalarga qaraganda telefonning miya hujayralariga salbiy ta’siri 13-15 soniyadan keyin boshlanar ekan. Shu bois imkon qadar tez gaplashish yoki quloqdan uzoqroqda tutib gaplashgan ma’qul. Ushbu salbiy ta’sir bolalarda ko‘proq kuzatiladi, sababi – birinchidan bola miyasi kichkina, ikkinchidan bosh suyagi hali yupqa va uchinchidan bolalar miyasi faol rivojlanish davrida bo‘ladi. Mobil telefon apparatini bel kamarida, shim cho‘ntagida olib yurish tavsiya etilmaydi. Bu reproduktiv faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bilamizki, jinsiy hujayralar elektromagnit to‘lqin ta’siriga o‘ta sezuvchan bo‘ladi. Ma’lumotlarga qaraganda mobil telefon erkaklarning shim cho‘ntagida turganda bir kecha-kunduzda 20-25 foiz jinsiy hujayralarni o‘ldirishi ta’kidlanadi. Ma’lumki, ayniqsa yoshlar mobil telefondan ertalab uyqudan uyg‘otuvchi qo‘ng‘iroq sifatida ham foydalanadi va bosh qismiga yaqin joyda qoldiradilar.
Miya hujayralari nurlanishga jinsiy hujayralarga nisbatan kam sezuvchan bo‘lsada, uxlash xonasida telefonni hatto o‘chirilgan holda qoldirish tavsiya etilmaydi. Ayrim hollarda bolalar telefonini yostig‘i tagiga qo‘yib ham uxlaydilar, bu umuman mumkin emas. Qolaversa, mobil telefondan hatto uy telefonidan ham uzoq muddat gaplashuvchilar organizmning immun tizimini xavf ostiga qo‘yadilar. Organizmning har xil kasalliklarga va tashqi muhit ta’sirlariga qarshilik darajasi susayadi. Telefon trubkalaridan chiqayotgan elektromagnit va radio to‘lqinlar birinchi tananing bosh qismi to‘qimalari tomonidan xususan miya to‘qimalari, ko‘z to‘r pardasi, ko‘rish hamda vestibulyar tizimi hamda eshitish analizatorlari tomonida singdirib olinadi. Elektromagnit to‘lqinlar to‘qimalarga singib ularning qizishiga olib keladi va asta-sekinlik bilan butun organizm faoliyatiga xususan asab tizimiga, yurak qon-tomir va endokrin tizimiga salbiy ta’sir qiladi.
Londonda chop etiladigan “Independent” gazetasida doktor Vini Kurana mobil telefonning salbiy ta’siri tufayli yuzaga kelayotgan miya saratoni (raki) to‘g‘risida yozadi va uni “Hukm” deya ataydi. Yaqin 10 yil davomida agar chora ko‘rilmasa butun dunyo mamlakatlarida yomon sifatli o‘sma kasalligining o‘sishi kuzatilishini ta’kidlaydi. Shuningdek, mobil telefondan aholi oqilona foydalanmasa uning zarari hatto chekishdan ham ko‘proq bo‘ladi. Negaki, bugun dunyoda 1,6 mlrd. aholi cheksa, 4,6 mlrd. aholi mobil telefondan foydalanadilar.
Odatda odamlar telefonda gaplashayotganda uning zarari haqida emas, balki amalga oshirayotgan ishi to‘g‘risida o‘yladilar. 70 foiz telefondan foydalanuvchilar kuniga 30 daqiqadan ko‘p gaplashadilar. 30 foiz kishilar ikkitadan telefon olib yuradilar, 40 foiz odamlar kechasi uxlaganda telefonni tananing bosh qismidan 70 sm uzoqlikda saqlaydilar. Atigi 20 foiz foydalanuvchilar uning zarari to‘g‘risida biladilar.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, telefonning zarari to‘g‘risida aniq ilmiy dalillar yetarli darajada bo‘lmasada, uning salbiy ta’sirini hech kim inkor qilmaydi.
Mobil telefoni va har qanday elektromagnit to‘lqinlarni chiqaruvchi elektr asbob-uskunalardan me’yorda hamda to‘g‘ri foydalansangiz o‘zingiz va atrofingizdagilarning salomatligini asragan bo‘lasiz.
Ibadulla ABDULLAYEV,
tibbiyot fanlari doktori, professor, Salomatlik va tibbiy statistika instituti xodimi