Til o‘rganib, el bilib…
“Qalblarga hayajon solib, yuraklarni entiktiruvchi shunday so‘zlar borki, ularni aytganimizda vujudimizni titroq egallaydi. Ichki bir mehr-muhabbat bilan Vatan, O‘zbekiston, desak o‘sha nurning taftini his etamiz. Jon tomirlarimiz bilan unga bog‘lanib qolganimizni sezganimiz sari shu Vatan, shu yurt uchun yashashga, izlanishga, har jabhada yanada faolroq bo‘lishga intilamiz”.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti chet tillar fakultetining 2-bosqich talabasi Setora Yo‘ldoshevaning bu fikridan bilish mumkinki, o‘qib, izlanib, yurtning taqdiriga dahldorlik hissi bilan yashash zarur.
Iqtidorli talaba Germaniyaning Frayburg shahridagi pedagogika universitetiga o‘qishga borganida qalbidan o‘tkazgani haqida to‘lqinlanib gapiradi. Ona yurti Qashqadaryoning Chiroqchi tumani, uning go‘zal tabiati, serviqor tog‘lari-yu, tandirdan endi uzilgan issiqqqina bug‘doy nonlari ko‘z oldidan ketmasdi. – Ana shu tuyg‘u meni Germaniyadan qaytgunimcha sira tark etmadi…
2013 yilda Frayburg pedagogika universiteti prorektori (2008 yil 28 martdagi pedagogik tajriba almashish maqsadida tuzilgan shartnomaga ko‘ra) Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga kelib professor Xurram Rahimov bilan birgalikda talabalarning bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. “O‘zbekiston ta’lim tizimi”, “O‘zbekiston madaniyati, urf-odatlari” kabi mavzularda suhbat va yozma insho tarzida o‘tkazilgan bellashuvda Setora DAAD (GAAX – Germaniya akademik almashinuv xizmati) stipendiyasi g‘olibligini qo‘lga kiritib, bir semestr Germaniyada o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Otasi Qurbonnazar aka va onasi Saodat opalar bundan ham quvondilar, ham uzoq joyga qiz bolani yuborish haqida bir oz ikkilanib turdilar-u, farzandlarining bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘z oldilariga keltirib, unga oq yo‘l tiladilar.
U pedagoglik kasbini tanlashiga onasi Saodat opaning o‘qituvchi bo‘lgani turtki bo‘lgan bo‘lsa, nemis tilini o‘rganish, unga mehr qo‘yishida Qarshi muxandislik iqtisodiyot instituti qoshidagi “Nuriston” akademik litseyidagi ustozlari Dilfuza Otamurodova, Barno Pardayevalarning munosib hissasi borligini ta’kidlaydi. Shuningdek, oliy bilim dargohidagi Dilrabo Mamatayeva, Narimonbek Elchibekov, Sardor Nazarov, Sirojiddin Do‘stbekov, Hurram Rahimov kabi talabchan ustozlaridan olgan bilimlari uning talabalar o‘rtasida muntazam o‘tkaziladigan bilimlar sinovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritishida qo‘l keldi.
Bilim dargohida Setora Polsha, Qozog‘iston, Fransiya, Italiya kabi 15 dan ziyod rivojlangan mamlakatlardan kelgan talabalar bilan bilim oldi, do‘stlashdi. Ana shu talabalar qatori germaniyalik professor o‘qituvchilari – Tomas Bauyer, Kerstin Xegey va boshqa ustozlardan nemis tili gramatikasi, til tarixi, nemis tili adabiyoti va tarixi kabi fanlardan bilim oldi. Nemis adabiy tilida gaplashishni, internet orqali dars o‘tishni o‘rgandi.
O‘qish bahona Setora germaniyalik ustozlari bilan Italiya, Fransiya, Shveysariya mamlakatlarida bo‘ldi. Yevropa davlatlari oliy ta’lim dargohlari ta’lim tizimida mamlakatlararo tajriba almashish g‘oyasini ilgari surgan shveysariyalik olim Erasmuz (bugungi kunda talabalarga beriladigan xalqaro stipendiya “Erasmuz” nomi bilan ataladi) hayoti va faoliyati bilan tanishdilar. Uning kursdoshlari orasida ana shu stipendiyaga munosib talabalar bor edi.
Ayniqsa, ikki oy Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida amaliyot o‘tab qaytgan germaniyalik 5-bosqich talabasi Maria Berxovskiy bilan Setora Yo‘ldoshevaning birgalikda o‘tkazgan “O‘zbekiston qayerda joylashgan?” mavzusidagi taqdimoti hamda O‘zbekiston madaniyati va milliy kiyimlari, to‘y marosimlari ko‘rsatilgan filmlar namoyishi ustozlar va tengdoshlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Xitoylik kursdoshi Mao Ting bilan o‘zbeklarning sevimli taomi palov qanday tayyorlanishini ko‘rsatib berishdi. Semestr oxirida Setora Yo‘ldosheva o‘nta fan bo‘yicha muvaffaqiyatli imtihon topshirishga muvaffaq bo‘ldi. Imtihonlarni prezentatsiya asosida har bir mavzuni amaliyot bilan bog‘lab ochib berishga xarakat qildi. Ustozlarning qiziqarli o‘yinlar asosida o‘tgan saboqlari ayniqsa unga juda ma’qul bo‘ldi.
Setora o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida pianino chalish, she’rlar bitishni xush ko‘radi. Ona Vatan, tabiat, muhabbat va sadoqat mavzularidagi she’rlari respublika va tuman gazetalari sahifalarida chop etilgan.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA