Cen quyosh umriga tengmisan…

…Nafaqat o‘z she’rlari, balki butun hayoti bilan o‘zbek ayolining ma’naviy qiyofasini namoyon etgan atoqli shoiramiz Zulfiyaxonimni ham men ana shunday fidoyi insonlar qatoriga qo‘shgan bo‘lardim. Uning jahon minbarlaridan yangragan she’rlari Sharq ayolining aqlu zakosi, fazlu kamolining yorqin ifodasi sifatida millionlab she’riyat muxlislariga odamiylik, muhabbat va sadoqatdan saboq bergan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Islom KARIMOV

Bola ko‘nglining tusagani – o‘z dunyosi bo‘ladi. Unda oydan baland orzular, adoqsiz o‘yu niyatlar kamalakrang kurtak tugadi. Adabiyotga mehr, mutolaaga oshnolik qalbimizga kitobning suratini muhrlagandi…

Darsligimizdagi shoir-yozuvchilarning tarjimai holini yod olish an’anaga aylanib ketgan kezlar. Zulfiya Isroilova haqidagi saboq meni boshqa olamga yetakladi. Uning temirchi otasi holatini qayd etgan bitiklari menga yod bo‘lib ketdi: bosqon tutgan qabariq qo‘llari shunday tasvirlangan ediki, men undan taajjubga tushdim. Oddiygina temirchini shunchalar chiroyli, shunchalar hayajonli – olov bilan ishlashlarini olov qalb bilan so‘zda suratini tasvirlagan edi. Ularning har bir so‘zlari xayolimda takrorlanaverardi. Men xayol bilan yashardim. Xayolimda shoira bilan yashardim. O‘yimdan o‘zim uyalardim, ammo mening otam ham temirchiligidan ko‘nglimda faxr tuyg‘usi uyg‘onardi. Bu uyg‘oqlikni faqat mening ko‘nglim tushunardi. Shundan opaning she’rlarini qayta-qayta o‘qish mening kundalik yumushimga aylandi.

“Saodat” jurnalining har bir sonini intizorlik bilan kutardim. Uning har bir sahifasini bola nigohim bilan o‘qib chiqardim. Kunlarning birida tahririyatga maktub yo‘llash fikri keldi. Ammo, hayajon bunga birmuncha fursat yo‘l bermadi. Yillar o‘tib, bunga qaror qildim. Tahririyat nomiga yo‘llagan xatimga qisqa muddatda javob olganimda mendan baxtiyor odam yo‘q edi. Xatni bag‘rimga bosaman. Yostiqlarimga qo‘yib olib yotaman. Bilgan yaqin dugonalarimning menga havasi kelardi. Men esa shoiraning she’rlarini takrorlayverardim.

Go‘zal tuproq uzra quyildi oqshom,

Kunduz olar dam,

Jo‘shqin mushoira etadi davom,

Do‘stim, kel sen ham!

Bunda uzoqdagi do‘st bo‘lar yaqin,

San’at, mahoratning bayrami bunda.

Qofiya, so‘z, misra bahslari qizg‘in.

Yuraklar davraga kiradi bunda…

Men shoira tasvirlagan davraning tinglovchisi bo‘lgim, u suhbatlarni uzoq eshitgim, eshitgilarim kelardi. 1982 yili tahririyat ostonasiga qadam bosib xalqimizning sevimli shoiralari Oydin Xojiyeva, Qutlibeka Rahimboyevalar bilan suhbatlashib qaytarkanman, uzun yo‘lak oxiridagi Zulfiyaxonim nomi yozilgan eshikka hadik va beqiyos mehr bilan termulib vujudimda buloqning suvidan totgandek tiniqish va qoniqish his qildimki, bu hisni hali hanuz unutolmayman.

Yana o‘qing:  Shaxmat: metall gayka va boltlar

Salom, mening aziz dugonalarim,

Azizim, lobarim, chevarim qizlar!

Ey, toza qalbimning oshnolari,

Kuylarim ilhomi, sevarim qizlar!

Har oqshom bir she’r dilga ko‘chib o‘tardi. Ko‘chganda ko‘ch-ko‘roni, hayajoni, titroqlari bilan manzil topardi. Sevimli ijodkorlarimiz bilan uchrashgan kunlarimiz – talabalikning oddiy kunlarini bayramlarga aylantirib yuborardi. Jurnal bilan muloqot tahririyatga aziz bir rishtaday bog‘lab qo‘ygan damlar ne baxtki, shu jamoada bir xodim bo‘lib ishlash nasib etdi. Ardoqli shoiramiz Halima Xudoyberdiyeva bosh muharrirlik qilayotgan yillar edi. Bunda Zulfiyaxonim ulug‘lik gashtini surayotgan bo‘lsa-da, tahririyatdagi anjumanlarga goh-goh qatnashib turardilar. Ularning kelishi, ularni kutib olish o‘ziga xos botini va zohiri uyg‘un bir holatni eslatadiki, u davradan faqat o‘qimoq va uqimoq neligini anglab chiqasan. Sipo kiyimiyu, sipo qarashlarining o‘zidan-da o‘rganadigan sinoatlar borligi vujudingga ko‘chadi. Nigohlaridagi fikrning o‘zida saboq beradi. Tahririyatga ilk bor xat yo‘llagandagi hayajonlarimga yanada adoqsiz titroqlar tushdi. Ularning ayollik, onalik va insoniyligi, mehru muhabbati, matonati – butun umri, umrining har bir lahzasi yog‘duga – nurga tengligini tenglaydigan o‘lchagich yo‘q edi dunyoda. U sabrning dengizini simirdi, kurashib yashamoq iqboli neligini ko‘rsatdi. Irodasi, jasorati bilan o‘zbek ayoli timsoliga aylandi. O‘n yillik hayotining gavhar xotiralari bilan yashab, vafo va sadoqat kuychisi bo‘lib ko‘ngillardan joy oldi.

Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,

Hayotni kuylayman chekinar alam,

Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,

Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

Ular so‘zi, amali bilan sharq ayoliga saboq bo‘ldi, saboq berdi, saboq daqiqalari esa asrga aylanayotir. Ustoz Mirtemir Zulfiya she’riyatimizning ham, madaniyatimizning ham, yurtimizning ham iftixori!… Ulug‘ Vatan faxri!” deya yozganida shoira toleini ko‘ra olgandi. Shoira aziz umrining 80 yillik ulug‘ shodiyonasida o‘ziga xos saodatli so‘zini aytdi. Qog‘ozga oynaksiz qadalgan ko‘zlarida nur zohir edi. Buning siri cheksiz yorug‘ ko‘ngil kengliklarining qaytimi edi. “Men o‘zbekning Zulfiyasiman” deya she’r bilan so‘zlarini tugatganda butun zalning uzoq olqishlab turishlari shoira so‘zining ming chandon xaqligiga xalqning bahosi edi.

Shoiraning ikkinchi umri ham shunday aziz bo‘ldi.

Mehnatlari munosib qadrlanib e’zozlangan Zulfiyaxonim nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilishi, iqtidorli qizlarning ijtimoiy hayotida katta hodisa bo‘ldi. Jamiyat hayotida faol kadrlar, yetakchi va iqtidorli qizlarning shakllanishiga mustahkam zamin hozirladi. Shahrimizning markaziy xiyoboniga shoira haykalining o‘rnatilishi mamlakatimizda Ayolga, Ayolning jasoratiga, sabru qanoatiga, mehnatiga, vafosi va hayosiga berilgan yuksak ehtirom bo‘ldi. Bugun unga havas qilib shoiraning izdoshlari saf tortdi. Havas bilan minglab qizlar ularning hayoti va ijodidan g‘oyibona saboq oldi. Qad rostlab, qaddini tikladi. O‘z aytar so‘ziga ega bo‘ldi. Izlanib, o‘rganib niyatni ulug‘ qildi va shu yurtga munosib farzandlar bo‘lib kamol topdi.

Yana o‘qing:  Xabarlar, yangiliklar, voqealar (2014/9)

She’rni, shoirani sog‘inib yurtimizda bahor boshlanadi. Necha yildirki, Zulfiya haykali qoshida bahorni qarshilaymiz. Bunda betakror shoiramiz o‘z ovozlarida o‘qigan she’rlari bilan muxlislarini kutib olayotgandek tuyulaveradi. Qulog‘imga ularning bir satri nogahon quyilib qoladi:

Egilgan har niholni turg‘azib qo‘ydim…

Darhaqiqat, shoiramiz o‘zlari ta’kidlaganidek, nafaqat niholni turg‘azib qo‘yish, uni tik tutishga chog‘ladi va bunga muyassar bo‘ldi. Bugun u yaratgan bog‘ chamanzorga aylandi. Bugun yo‘lini topgan iqtidorlar karvonining izdoshlari ham yana bir karvon bo‘lib yo‘lga chiqqani rost. Shoiraga harorat bilan o‘zi aytganidek: “Sen quyosh umriga tengmisan…” degimiz keladi, degimiz kelaveradi.

Dilfuza ShOMALIKOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: