Qahvaning biz bilmagan xususiyatlari
Bilasizmi, qahvadan nafaqat rohatbaxsh ichimlik tayyorlanadi, balki uning o‘ziga xos yoqimli isi xonadonimizdagi turli noxush hidlardan halos bo‘lishga ham yordam beradi. Agar siz buning uchun kimyoviy vositalardan foydalanishni istamasangiz unda tabiiy mahsulot hisoblanmish qahvaga murojaat etishingiz mumkin. Sizni uning bir qancha foydali jihatlari bilan tanishtiramiz.
Agar muzlatgichingizni yoqimsiz hidlardan xolos etmoqchi bo‘lsangiz, buning uchun maydalanmagan qahva donachalarini ochiq idishga solib muzlatgichga qo‘ying. Qahva o‘ziga yoqimsiz hidlarni tortib olib muzlatgichdagi noxush hidlarni bartaraf etadi. Buning uchun albatta muzlatgichdagi barcha oziq-ovqat mahsulotlarining usti berkitilgan holda bo‘lishi lozim.
Agar siz og‘iz bo‘shlig‘ingizda noxush hidni sezsangiz va uni bartaraf etishda saqich yoki tozalovchi vositalar bo‘lmasa, qahvaning bir nechta bo‘lagini og‘zingizga solib uni bir necha daqiqa ushlab tursangiz og‘zingizdagi noxushliklarni bartaraf etgan bo‘lasiz.
Agar siz xonangizga o‘rnashib qolgan turli hidlardan holi bo‘lib, unga kayfiyatni ko‘taruvchi o‘zgacha iforlarni baxshida etmoqchi bo‘lsangiz xonangizning bir nechta joylariga qahva bo‘laklari solingan idishlarni joylashtiring. Qarabsizki, xonangizni yoqimli ifor tutib, kayfiyatingizga ijobiy ta’sir etadi.
M.NAZAROVA tayyorladi.