Sport xabarlari (2014/7)
TENNIS
O‘zbekistonning birinchi raqamli raketkachisi Denis Istomin Fransiyaning Monpelye shahrida o‘tgan “Open Sud de France – 2014” xalqaro turnirining juftlik bahslarida rossiyalik Nikolay Davidenko bilan birgalikda bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Denis Istomin va Nikolay Davidenko juftligi saralash uchrashuvlarida polshalik Mixal Pshisejni va qozog‘istonlik Aleksandr Nedovesov, britaniyalik aka-uka Nil va Ken Skupski, avstraliyalik Junayd Ramiz va pokistonlik Aysam Kureshiy juftliklarini mag‘lubiyatga uchratib, finalga chiqdi.
Bosh sovrin uchun o‘tkazilgan hal qiluvchi musobaqa bir soatdan ko‘proq davom etdi. Keskin va murosasiz bahsda Denis Istomin hamda Nikolay Davidenko juftligi fransiyalik tennischilar Nikolas Mayu va Mark Jikel ustidan 6:4, 1:6, 10:7 hisobida g‘alabaga erishdi.
Bu Denis Istominning Professional tennischilar uyushmasi – ATR tasnifidagi musobaqalarda qo‘lga kiritgan ikkinchi sovrinidir. Hamyurtimiz o‘tgan yili “Kreml kubogi – 2013” musobaqasining juftlik bahslarida ham g‘olib chiqqan edi.
Shaxmat
O‘zbek qizlari o‘rtasida birinchi grossmeyster – Nafisa Mo‘minova “Moscow – Open 2014” xalqaro shaxmat festivali doirasida o‘tkazilgan talaba grossmeysterlar ishtirokidagi turnirda kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Nafisa Mo‘minova turnir davomida mezbon shaxmatchilar – Varvara Saulina, Lidiya Tomnikova, Irina Vasilevich, Anna Gvanseladzeni mag‘lubiyatga uchratdi. Qizlar o‘rtasida jahon chempioni Mariya Severina (Rossiya), tajribali grossmeysterlar – gruziyalik Meri Arabidze, xitoylik Vang Yue, ukrainalik Liza Solovyeva bilan durang o‘ynadi.
To‘qqiz imkoniyatdan olti ochko jamg‘argan vakilamiz musobaqani ikkinchi o‘rinda yakunladi va qimmatli reyting ochkolariga ega bo‘ldi.
Z.MAMATQULOVA