Sog‘aymoqchimisiz? Fe’lingizni o‘zgartiring!
AQSHning Shimoliy Karolina Dyuk universiteti tibbiy markazi professori Stiven Boyl o‘zining ko‘p yillik ilmiy izlanishlari natijasini e’lon qildi. “Biz fe’l-atvor sog‘liqqa ta’sir ko‘rsatishini ilmiy jihatdan asosladik – deydi professor. – Bu ta’sirning darajasini ham to‘laligicha angladik”.
Professorning ilmiy xulosalariga ko‘ra, uzoq yashash uchun odam salbiy illatlardan voz kechmog‘i lozim. Jilovlangan salbiy hissiyotlar gastrit, oshqozon yarasi, gipertoniya, astma kasalliklari rivojlanishi uchun zamin yaratadi va bir qancha ruhiyat bilan bog‘liq xastaliklarni dunyoga keltiradi.
Agar inson kasb tanlashda o‘zining fe’l-atvori, qiziqishlarini hisobga olsa, bu eng oqilona tanlov bo‘ladi. Chunki kasb-hunar va mehnat odamga zavq bag‘ishlamog‘i lozim. Agar aksincha bo‘lsa, har qancha ko‘p pul to‘lanmasin, ishi unmaydi, kasalliklarga chalinish xavfi shuncha ko‘p bo‘ladi. Siz o‘zingiz istagan kasbni tanlamadingiz: musiqa haqida orzu qilardingiz, ammo ota-onangiz iqtisodchilikka borishga majbur qilishgan. Sevmagan odamingiz bilan turmush qurdingiz va endi nikohi omadli bo‘lgan, hayoti iliqroq, mehrliroq, quvnoqroq o‘tayotgan do‘stlaringizga hasad qilasiz. Ko‘proq pul topishni istaysiz, ammo shaxsiy qobiliyatingiz, ma’lumotingiz yoki oilaviy sharoitingiz bunga imkon bermaydi.
Mana shu uchta – kasbiy, shaxsiy va moddiy tarkibiy qism hayotda bizga yo ijobiy hissiyotlarni yoki salbiy noqulayliklarni his etishga imkon beradi.
Olimlar o‘tkazgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra quyidagi kasblar asabiylikka olib kelishda “peshqadam” ekan:
1-o‘rin. Jamoatchilik faollari – artistlar, teleboshlovchilar, siyosatchilar va shou-biznes yulduzlari. Sababi – turmush tarzidan qat’i nazar, ular jamoatchilik oldida doim yaxshi kayfiyatda bo‘lishga majbur.
2-o‘rin. Ijod ahli – rassomlar, yozuvchilar, jurnalistlar, rejissyorlar. Bu kasblarning egalari aksariyat hollarda mashaqqatli ijod qilib, vaqtida dam olmaydilar. Bundan tashqari, ularga biroz manmanlik xususiyati xos bo‘lib, bu ham ortiqcha asabbuzarlik keltirib chiqaradi.
3-o‘rinni olimlar va o‘qituvchilar band etdi. Ota-onalar, rahbariyat tomonidan nazorat va bosimning kuchayishi, bolalarning quloqsizligi va bir maromdagi ish pedagoglar asab tizimini ishdan chiqarishi hammaga ma’lum.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘nggi o‘rin xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlariga taalluqli. Ba’zi injiq mijozlarning talablari bu soha vakillarining sillasini quritib yuboradi.
Baxtiyor Haydarov tayyorladi.