Farzand – qutlug‘ ne’mat

uning tarbiyasi uchun barchamiz mas’ulmiz

Bola eshik qo‘ng‘irog‘ini asta bosdi, ammo hech kim ochmadi. Kayfiyati tushib, ostonaga o‘tirib oldi. Xolasi bugun ham ishda ushlanib qolgan chog‘i. Aks holda… Uyning kalitini tashlab ketsa bo‘lardi-ku, ko‘nglidan o‘tkazdi u. Sumkasini yerga qo‘yib, sovqotgan qo‘llarini bir-biriga ishqalab isitishga harakat qildi. Oradan ikki soat o‘tdi hamki, xolasidan darak yo‘q. Ko‘chaning u yog‘idan, bu yog‘iga yurib, toqati toq bo‘ldi. Axiri, kutaverib sovqotgan bolakay, shoh ko‘chaning boshida yangi ochilgan “Internet kafe”, “Kompyuter o‘yinlari” deb yozilgan eshik tomon yuzlandi. Bahonada isinib olaman, deya o‘yladi. Cho‘ntagida kecha xolasi bergan – ota-onasi yuborgan pullardan bir talayi bor edi…

Ha, hamma narsa oddiy e’tiborsizlikdan boshlanadi. Bir qaraganda, nima qilibdi, bola biroz kutganida xolasi ham yetib kelardi-ku, deyish mumkin. Ammo boy berilayotgan ana shu fursatlar davomida uning ruhiyatida nimalar yuz berishini, xayolidan qanday o‘y-fikrlar o‘tishini tasavvur etib ko‘ring. Qolaversa, ota-onaning farzand oldidagi burchi va majburiyatlari haqida so‘z ketsa, yanada hushyor tortishimizga to‘g‘ri keladi.

Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimiz mustaqilligining ilk kunlaridayoq, ya’ni 1991 yilning 20 noyabrida “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekkan edilar. Bu huquqiy hujjatning qabul qilinishi mamlakatimizda yosh avlodga e’tibor va g‘amxo‘rlik, ularning har tomonlama unib-o‘sishi, kamol topishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish masalalari ustuvor vazifa ekanidan dalolat beradi.

Ha, bizning o‘ziga xos milliy an’analarimiz, qadriyatlarimiz bor. “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, “Onasini ko‘rib, qizini ol” kabi hikmatlarimiz tag zamirida olam-olam ma’no mujassam. Farzandga e’tibor ana shunday benazir qadriyatlarimizdan biridir.

Afsuski, farzandni dunyoga keltirib, bog‘cha yoshiga yetgach, qarindoshlari qo‘liga tashlab ketayotgan ota-onalarning borligi achinarlidir. Natijada qarovsiz qolib, ko‘cha ta’sirida tarbiya topayotgan ayrim bolalar bugun internetda turli behayo filmlar tomoshabiniga, do‘stlari orasida “mitti” yovuz va bosqinchiga aylanib qolmoqda. Jangari filmlar va turli o‘yinlar esa bola ruhiyatini o‘z domiga tortmoqda. Ota-onalar, kattalarning loqaydligi, beparvoligi oqibatida go‘zallik o‘z o‘rnini johillikka, ezgulik yovuzlikka, rahmdillik esa shavqatsizlikka bo‘shatib bermayaptimi?! Ularga bu “imkoniyatlarni” o‘zimiz, o‘z qo‘limiz bilan yaratib qo‘ymayapmizmi?!

Yana o‘qing:  Inson manfaatlari – doimo e’tiborda

Keling, shu o‘rinda Xorazm viloyatida voyaga yetmagan bolalar o‘rtasida jinoyat va xuquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bir tahlil qilib ko‘raylik.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan ro‘yxatga olingan jinoyatlarning aksariyati uyida qarovsiz, ota-ona nazoratidan chetda qolgan bolalar tomonidan sodir qilinayotganligi aniqlangan.

Viloyatimiz aholisining 32,7 foizini voyaga yetmagan bolalar tashkil etadi. Taqdirimiz ertasi aholining qariyb uchdan bir qismidan iborat bo‘lgan ana shu yoshlar qo‘lida ekanini tasavvur etsak, bizdan ular kelajagiga daxldor ekanimizni har daqiqa, har soniya esda tutish talab etiladi.

To‘g‘ri, mas’ul tashkilotlar, o‘quv muassasalari, mahalla faollari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan bu borada qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilyapti. Rejalar tuzilib, profilaktik ishlar muntazam olib borilmoqda. Biroq sog‘lom oila muhitida ota-onaning rolini hech kim bajara olmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar Dasturi” va viloyat hokimligining “Xorazm viloyatida yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi” talablaridan kelib chiqqan holda voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida ichki ishlar idoralari tomonidan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Viloyat ichki ishlar idoralarining sa’y-harakatlari bilan ushbu dastur ijrosi bo‘yicha mahallalarda, ta’lim muassasalarida va yoshlar faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarda mas’ullar bilan hamkorlikda giyohvandlik, ichkilikbozlik va tamaki chekishga qarshi qaratilgan uchrashuvlar, davra suhbatlari va sport sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Har yili Urganch tumanidagi “Shodlik” bolalar oromgohida viloyat ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmaganlarning mavsumiy dam olishlari tashkil etilib, ular bilan turli tarbiyaviy, madaniy-ma’rifiy ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslarning g‘ayriijtimoiy xatti-harakat va ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishlarini hamda ularning ko‘ngil ochish (dam olish) joylarida tungi vaqtlarda bo‘lishlarining oldini olishga qaratilgan tadbirlar yuzasidan 188 marotaba qo‘shma reydlar o‘tkazildi. Ushbu reydlar davomida tungi vaqtlarda ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarsiz ko‘ngil ochish maskanlarida yurgan 36 nafar, huquqbuzarlik sodir qilgan 470 nafar va g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilgan 74 nafar voyaga yetmaganlar aniqlanib, ularga qonuniy choralar ko‘rilgan.

Yana o‘qing:  Germaniyada davolanadi

Voyaga yetmaganlarni tungi vaqtda ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarsiz ko‘ngilochar maskanlarga kiritgan 23 nafar mas’ul shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 188-moddasi asosida qonuniy choralar tayinlangan.

Shuningdek, farzandlarini g‘ayriijtimoiy xatti-harakat qilishga undagan Bog‘ot tumanida yashovchi 2 nafar ota-ona O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 188-moddasi asosida javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, farzandlarini ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilishga, ya’ni yonilg‘i moylash mahsulotlarini sotishga undagan Urganch shahrida yashovchi 2 nafar ota-ona O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 188-moddasi asosida ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Yangibozor va Qo‘shko‘pir tumanlarida pornografik mazmundagi materiallarni tarqatish bilan shug‘ullangan ikki nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 189-moddasi asosida javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, Urganch shahrida pornografik narsalarni tayyorlash yoki tarqatish bilan shug‘ullangan bir nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 130-moddasi tartibida jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etgan voyaga yetmaganlar va farzandlariga ta’lim-tarbiya berish majburiyatini lozim darajada bajarmagan ota-onalarga nisbatan mahalliy hokimliklar huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalarga 872 ta hujjat yuborilgan. Komissiyalar qarorlariga asosan 415 nafar voyaga yetmaganlar va 208 nafar ota-ona yangidan ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobga olingan. Shuningdek, 19 nafar voyaga yetmaganlar maxsus o‘quv tarbiya muassasalariga yuborilgan, 9 nafar ota-ona otalik va onalik huquqidan mahrum qilingan.

Bu kabi raqamlarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Farzandining tarbiyasi bilan to‘liq shug‘ullanmagan, bolani o‘z holiga tashlab yohud birovning tarbiyasiga berib qo‘ygan ota-onalar ertaga o‘z majburiyatlarini bajarmaganliklari uchun afsuslanib qolmaydilarmi? Har bir ota-onaning farzand oldidagi va aksincha har bir farzandning ota-onasi oldidagi muqaddas burchi va majburiyatlari bor. Konstitutsiyamizda ana shu huquqiy munosabatlarga qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan yuksak baho berilgan. Jumladan, Konstitutsiyamizning XIV bobi, 64-moddasida “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar” deyilsa, shu bobning 66-moddasida “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar” deya belgilab berilgan.

Farzand insonga hadya qilingan eng ulug‘ ne’matdir. Shunday ekan farzandlar oldidagi burchimizni vijdonan ado etib, ularni el-yurt koriga yaraydigan o‘g‘il-qizlar bo‘lib voyaga yetishiga zamin yarataylik.

Yana o‘qing:  Ilm mangu shu’ladir

Dilbar BEKCHANOVA,

jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: