Germaniyada davolanadi
Prezidentimiz tomonidan 2014 yilni “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi ona va bola salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga yordam berish, nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish borasida qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Shu maqsadda, jamg‘arma tomonidan ishlab chiqilgan bemor bolalarni chet el nufuzli klinikalarida davolash maxsus dasturi doirasida bu yil ham 13 nafar bola birkitilgan mas’ul xodimlar bilan birga Germaniyaga jo‘nab ketdi.
2002 yilda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik bitimi imzolangan edi. Hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad 12 yoshgacha bo‘lgan bemor va nogiron bolalarni davolash va reabilitatsiya qilish bilan shug‘ullanishdir. Shu maqsadda 2002-2014 yillar davomida 231 nafar o‘zbekistonlik bemor bola terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari nuqsoni va boshqa tashxislar bilan Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanishdi.
Ushbu xalqaro tashkilotning grant mablag‘i hisobiga 2013 yil davomida respublika bo‘yicha jami 237 nafar tug‘ma lab tanglay nuqsoni bo‘lgan nogiron bolalarda jarrohlik operatsiyalari o‘tkazildi.
Shuningdek, “Chiroyli oyoqchalar” loyihasi doirasida tug‘ma oyoq nuqsoni (maymoqlik) va “Qiyshiq bo‘yin” tashxisi bilan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni operatsiya qilish maqsadida 2013 yil davomida 227 nafar bemor bola operatsiya qilindi.
M.TOLIPOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri