Loyiha yakunlandi
Oila Vatan ichra Vatandir. Uning mustahkamligi ertangi kunimizga bo‘lgan ishonch va mas’uliyat hissini oshiradi. Yurtimizda oilaning jamiyatda tutgan o‘rni va rolini mustahkamlash, farzandlarimizni sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Poytaxtimizdagi “Shodlik Palace” mehmonxonasi anjumanlar zalida O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi va BMTning Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF bilan hamkorlikda “Oila institutini mustahkamlash masalalarini ilgari surishda O‘zbekiston OAV salohiyatini oshirish” loyihasi sarhisobiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar jurnalistlarning onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlari, “Bola huquqlari to‘g‘risidagi” Konvensiya va bolalar huquqlariga doir milliy qonunchilik me’yorlari ijrosi yuzasidan keng jamoatchilikni doimiy xabardor qilish ko‘nikmalarini oshirish loyihaning asosiy maqsadi ekanini ta’kidladilar.
So‘nggi ikki yil davomida mamlakatimizning barcha hududlaridan 2000 nafardan ziyod jurnalistlarni jalb qilgan holda 80 dan ortiq o‘quv seminar va davra suhbatlari tashkil etildi.
M. XO‘JAMURODOVA