Faoliyat sarhisobi va ustuvor vazifalar
Yaqinda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 3-Boshqaruv yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda boshqaruv a’zolari, vazirlik, idora va jamoat tashkilotlari vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan Xotin-qizlar qo‘mitasining hamkorlikdagi faoliyati hamda “Sog‘lom bola yili”da amalga oshirilishi kutilayotgan rejalar tahlil etildi.
Xususan, mazkur yig‘ilishda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, xotin-qizlarning ta’lim olishi, ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, nodavlat-notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar, kamchiliklar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari muhokama etildi.
Xotin-qizlar qo‘mitasining 2014 yilgi rejasiga muvofiq onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishida tibbiy madaniyatni targ‘ib etish, tibbiy ko‘riklar, ayollarni sog‘lomlashtirish masalalarida Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi, tibbiyot sohasidagi o‘quv dargohlari, Skrining markazlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, ayollar va bolalar salomatligi bilan bog‘liq noxush holatlarni tahlil etish, Qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyatini yaxshilash kabi yo‘nalishlarda faol qatnashishi belgilangan.
Shu bilan birga ayol shifokor va hamshiralar o‘rtasida turli tanlov va tadbirlar o‘tkazish, ehtiyojmand xotin-qizlarni sog‘lomlashtirish muassasalarida davolanish va imtiyozli dam olishlarini ta’minlash, ayollar va bolalar sportini rivojlantirish kabi masalalar bo‘yicha alohida bandlar kiritilganligi qayd etildi.
Shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi faoliyatini takomillashtirish, “Orasta qizlar” to‘garaklari, qizlarni kasbga o‘rgatish, mahalla maslahatchilari bilan ishlashning xalqchil tizimlarini joriy etish, xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlarni Xotin-qizlar qo‘mitasining nizomiy vazifalarini bajarishda ijtimoiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hududlardagi “Ayollar va bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari”ning ishini takomillashtirish, Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish kabi dolzarb masalalar reja bandlarida o‘z aksini topganligi haqida so‘z yuritildi. Ba’zi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qabul qilingan qarorlar nazoratga olindi.
Yig‘ilish yakunida muhokama etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Ushbu qarorlarning izchil bajarilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitalariga topshirildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova ishtirok etdi.
M.QURBONBOYEVA