Bir donasi ham xavfli
AQSHning Uella Kornella tibbiyot kolleji olimlari kashandalar ko‘p yillik chekish “tajriba”siga ega bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’iy nazar ularning organizmida rak kasalligi rivojlanishi mumkin degan xulosaga kelishdi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra kashandalar o‘pkasida molekulyar darajada onkologik kasalliklarning rivojlanishi uchun “unumli zamin” yaratiladi. Ba’zida tibbiyot xodimlari bu xastalikning ilk belgilarini aniqlamay turib kutilmaganda saraton rivojlanishi mumkin ekan. Izlanishlar natijasiga qaraganda kashandalarning yuqori nafas yo‘llari yuzasida joylashgan hujayralarda o‘pka rakida uchraydigan hujayralarning genlari ishga tushadi. Ana shuning o‘zi chekishning inson organizmi uchun naqadar zararli ekanini tasdiqlaydi. Albatta, bu bilan kashandalarning hammasi shu xastalikka chalinadi degani emas. Shunday bo‘lsa-da, mazkur tadqiqot natijalari barcha kashandalar o‘pka va nafas yo‘llari raki rivojlanishiga moyil bo‘lgan guruhga kirishini tasdiqlamoqda.
MEHRIBONU tayyorladi