Hoziq tabibi xushgo‘y tan ranjig‘a shifodur
Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning g‘ururi, sha’nu sharafini dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san’atkoridir… Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg‘usi ham bizning ongu shuurimiz, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib keladi. Biz bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik ko‘p bahramand etsak, milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma’rifiy qurolga ega bo‘lamiz.
Islom KARIMOV
Hazrat Alisher Navoiyning yurt tinchligi, xalq manfaati, ravnaqi yo‘lida amalga oshirgan ishlari beqiyosdir. Uning o‘lmas badiiy asarlarida bu jihatlar o‘z ifodasini topganligi barchamizga ma’lum. Xususan, o‘zining “Mahbub ul-qulub” asarida shoirlarning ishi “Maoniy xazoinidin javohir termoq va el fayzi uchun nazm silkig‘a vazn bermoq”, ya’ni ma’no xazinasidan javohir terib, uning el foydasiga xizmat qilishini maqsad qilib shakllantirmoqdir, deb yozadi. U bu yo‘lda faqatgina targ‘ibotchi emas edi.
Ulug‘ shoir mamlakat obodonchiligi yo‘lida ham bir qancha ishlarni amalga oshirgan: suvsiz yerlarga suv chiqargan, eski ariqlarni tozalattirgan, yangi kanallar qazitgan, eski binolarni ta’mirlatib, yangilarini qurdirgan; madrasa, xonaqohlar barpo etgan. U ilm-fan, madaniyat homiysi ham edi. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da shunday yozadi: “Ahli fazl va ahli hunarg‘a Alisherbekcha murabbiy va muqavviy (madadkor) ma’lum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay”.
Alisher Navoiy chin ma’noda o‘z davrining ma’rifatli kishisi edi. U o‘zini xalq salomatligining posboni, tabobat bilimdoni sifatida ham namoyon eta olgan zotdir. Xususan, uning xalq salomatligini yaxshilashga bo‘lgan insonparvarlik harakati tufayli Hirotda “Dorushshifo” (shifoxona) bunyod etishi, unda faoliyat ko‘rsatayotgan tabiblar yoki asarlaridagi tabiblar haqidagi fikrlari, inson salomatligiga oid baytlari buning yorqin misolidir. Xondamir “Dorushshifo” haqida shunday ma’lumot beradi: “…Ro‘parasida nozik did va teran xayolni o‘zida jam etgan “Dorushshifo”si qoshida kavsarsifat bir hovuz. Unda xizr-sifat hakimlar, Isonafas tabiblar kasallarni muolaja qilish bilan mashg‘ullar”…
Xondamirning “Isonafas tabiblar” deyishidan ko‘rinib turibdiki, shifoxonada o‘z davrining yetuk tabiblari, Navoiyning ishonchini qozona olgan hakimlar faoliyat ko‘rsatgan.
Alisher Navoiy o‘zining “Mahbub ul-qulub” asarida tabiblarning tabiati haqida ham to‘xtalib o‘tadi. Shoir tasavvuridagi tabib bo‘lish uchun “o‘z fanida hazoqat (mohirlik) kerak va bemor holiga shafqat”. Navoiy ta’biricha, tabib ko‘ngilni topa oladigan, vazmin va xushfe’l bo‘lishi darkor.
Navoiy hoziq (mohir) tabiblarni Iso payg‘ambar bilan yonma-yon qo‘yadi: Iso chiqqan jonni qaytarsa, hoziq tabib jonning chiqishiga to‘sqinlik qiladi:
Iso ishi chiqg‘on jonni tanga kiyurmak duo bila,
Va muning ishi chiqadurg‘on jonga mone’ bo‘lmog‘ davo bila.
Navoiy tabib, hoziq va dono bo‘lsayu, ammo o‘ta badfe’l, qo‘pol va bemorlarga nisbatan beparvo bo‘lsa, bunday tabib “mariz (bemor) g‘a agarchi bir jonib (tomon)din iloj (shifo) yetkurur, necha jonibdin tag‘ayyuri mizoj (kayfiyat buzilishini) yetkurur”. Shu o‘rinda Navoiy omi tabiblar haqida ham to‘xtalib o‘tadi va yozadi: “Va lekin omiy tabibkim, erur shogirdi jallod, ul tig‘ bila va bu zahr bila halok qilg‘uchi bedod”.
Demak, omi tabib jallod shogirdi, ammo shoir fikricha omi tabibdan jallod yaxshiroq. Negaki, jallod gunoh qilgan kishini o‘ldiradi, omi tabib esa gunohsiz insonni. Navoiy omi tabiblar haqidagi fikrlarni xulosalab, “hech gunohkor anga (jallodga) zalil (xor) bo‘lmasun va hech begunoh munga (omiy tabibga) alil (kasal) bo‘lmasun” deb, ushbu misralarni yozadi:
Hoziq tabibi xushgo‘y tan ranjig‘a shifodur,
Omiyi tundi badxo‘y el jonig‘a balodur.
Navoiyning shifokorlar haqidagi bu fikr-lari bugungi kunda ham dolzarbligini yo‘qotgan emas.
Ulug‘ mutafakkir ko‘z o‘ngimizda tabobatning haqiqiy targ‘ibotchisi sifatida gavdalanadi.
Va lekin tibbu hikmat ham erur xo‘b,
Ki sihhatdur kishi jismida matlub.
Ya’ni, Navoiy fikricha, kishi jismidagi eng zarur narsa salomatlikdir, shu bilan birga, tibbu hikmat ham yaxshidur.
Kishi sog‘-salomat bo‘lishi uchun, avvalo, to‘g‘ri ovqatlanishni bilishi zarur. Kishi zararli narsalarni yeyish va ichishdan doimo qochishi kerak, ana shundagina odam salomat bo‘ladi:
Nekim bo‘lsa muzir bo‘lg‘il haroson,
Ki bo‘lg‘ay tab’inga mushkillar oson.
Yana ovqatlanish qoidasi shuki, kishi rosa to‘yib ketmasdan yeyishni bas qilishi kerak, yegan narsasi hazm bo‘lmay turib, ustiga yana yeyish tanani ortiqcha yuk ostida qoldiradi:
Bu dog‘i topmaguncha hazmi komil,
Badanni qilma ortiq yukka homil.
Tabobat bobida Navoiy ko‘targan masalalardan biri ichkilikni qoralashdir. Sharob ichish inson salomatligiga zarar ekanligini yozadi:
Bodaki yiqmoq sari o‘q maylidur,
Jism uyiga balki balo saylidur.
Ya’ni, ishi faqat odamni yiqitishdan iborat bo‘lgan boda, jism uyi uchun ham, bilgilki, balo seli hisoblanadi.
Yoki boshqa bir o‘rinda Navoiy shunday yozadi:
Bodaga kishi ko‘rguzsa xiyraliq
Aql chirog‘iga berur tiyraliq.
Ya’ni, kimki mayga berilib, unga ruju qo‘ysa, u aql chirog‘iga xiralik beradi.
Haqiqatan ham, hazrat Alisher Navoiy Prezidentimiz Islom Karimov aytganidek, “mutafakkirlarning mutafakkiri”dir, “olamda turkiy va forsiy tilda so‘zlovchi biron-bir inson yo‘qki, u Navoiyni bilmasa, Navoiyni sevmasa, Navoiyga sadoqat va e’tiqod bilan qaramasa”.
Muborak HIKMATOVA