Odamlar sizdan uzoqlashayaptimi yoki…
Odam qanchalik yaxshi va sog‘lom fikrli bo‘lsa, uning umumiy biomaydoni – boshi atrofidagi “oltin chambar”i (aurasi) shunchalik yorug‘ va tiniq bo‘lar ekan. Aksincha, nosog‘lom fikrli bo‘lsa, qora rangli, ba’zida quyuq qora bulutdek holga keladi. Uni ruhshunos tabiblar, valiylar, ekstrasenslar ko‘ra olisharkan. Buning qanchalik haqiqatga yaqinligi haqida mulohaza yuritishdan oldin aura haqida to‘xtalsak.
Bilmaymiz, bizning boshimizdan qanday to‘lqinli aura taralmoqda. Ammo o‘zimizni haq sanashdan oldin bir o‘ylab ko‘raylik-chi, odamlar bizdan o‘zlarini olib qochayaptimi yo yaqinlashayaptimi? Ana shunda yaxshi yoki yomon ekanligimizni bilib olaveramiz.
AURA NIMA?
Ruhshunos olim Abdulhay Abdurahmonov auraga shunday ta’rif beradi: “Aura – (yunon tilida shabada demakdir) odamning nurli quvvat qobig‘i. Har bir odamning boshi atrofida uning shaxsiyati, ruhiyati kuchli, kuchsiz bo‘lishiga qarab, ozroq yoki ko‘proq darajada ko‘zga ko‘rinar-ko‘rinmas, sezilar-sezilmas nur taralib turadi. Ana shu nurli halqa – nurchambar aura ya’ni, inson aurasi deyiladi. Bu hol oy yoki quyoshning qo‘rg‘onlashi – gardish bog‘lashiga o‘xshagani uchun “xola” deb ataladi.
Aura tasvirini qadimgi Sharq va Yevropa tasviriy san’at asarlarida nasroniylarning sanamlari, ikonalarida, masalan, Iso alayhissalom, uning onasi Bibi Maryam va avliyolar suratida uchratish mumkin”.
BUYUK MUHABBAT BELGISI
Hindistonlik mashhur sohibkaromat Satya Sai aurasi haqida AQSHning Arizona shtatidagi universitetda ishlaydigan doktor Frenk G.Baranovskiy shunday xotirlaydi: “Men 1978 yil iyul oyida xizmat safari yuzasidan Hindistonda bo‘lganimda Satya Sai ibodatxonasiga bordim. Ertasi kun tong saharda Satya Sai o‘z xonasidan chiqdi va men uning atrofga nur taratib turganini ko‘rdim.
Undan taralib turgan, hayotda juda kamdan-kam uchraydigan och, nafis qizg‘ish rangdan iborat bo‘lgan nur kishini go‘yo o‘zini unutar darajadagi muhabbat haqida “so‘zlardi”. Uni o‘rab turgan rang xuddi ana shunday ajoyib rangdan iborat edi. Uning aurasi o‘zi turgan bino oldigacha taralib, har tomonga 10-15 metrgacha yoyilgan edi. Men ilgari bunday aurani ko‘rmaganligim sababli, birinchi harakatim unga ko‘zim tushishi mumkin bo‘lgan boshqa nur asosini izlash bo‘ldi… Men olim odamman. Dunyoning ko‘p joylarida ilmiy ma’ruzalar qilib kelganman. Ammo ishoning, bugun birinchi marotaba hayratdanmi, qo‘rquvdanmi, bilmadim, tizzalarim qaltirab ketdi. Undan taralayotgan aura, qaytarib aytamanki, uning bizga bo‘lgan buyuk muhabbatining aurasi edi! Beixtiyor ko‘zlarimga yosh kelib ketdi…”.
YUZIDAN NUR YOG‘ILADI-Ya
– Insondan ajralib chiqadigan bionur – aura musbat va manfiy to‘lqinli bo‘ladi, – deydi Qarshi Davlat universiteti kimyo-biologiya fakulteti dekani Bahrom Xo‘jamqulov. – Biomaydonidan musbat to‘lqin chiqadigan odamlar yaxshi fazilatli bo‘lishadi. Ko‘pincha kimlargadir nisbatan “istarasi issiq odam ekan” yoki “turqi bunchalik sovug‘-a”, degan gapni ishlatamiz. Bu aynan o‘sha aura bilan bog‘liqdir. “Farishtaday odam ekan”, “Yuzidan nur yog‘iladi-ya”, “Mehri buncha issiq”, degan odamlarimiz musbat to‘lqin chiqaruvchilardir. Manfiy to‘lqinli odamlardan “kinna” ham kirishi tasdiqlangan. Hayotda ko‘p kuzatish mumkin, deylik, kimningdir xonasiga kirsangiz, har qancha hashamdor yo bezakli bo‘lmasin, o‘ng‘aysizlanib ketaverasiz. O‘tirgingiz kelmaydi, ko‘nglingiz g‘ash bo‘ladi, behollik sezasiz. Yo u yoningizga kelganda, tezroq ketsa, deysiz. G‘arazgo‘y, ichiqora odamlardan yomon bioto‘lqin chiqadi va ular uyning burchaklariga o‘rnashishi mumkin. Shuning uchun qadimda masjid, madrasalarda burchaklar qo‘yilmagan. Shaxsan o‘zim hayotimda shu narsaga guvoh bo‘lganmanki, ba’zi olimlar bilan suhbatlashib, o‘zimda ruhan tetiklik, kuch sezganman. Hayotga butunlay boshqacha nazar bilan qaray boshlaganman.
BIOMAYDONNING KO‘K RANGLI BO‘LISHI – SOG‘LIK BELGISI
Aura nafaqat insonning salomatligi va kayfiyatidan darak beradi, balki u begona ko‘zning to‘rsimon nurlanishidan ham himoya qilar ekan. Yozuvchi Chingiz Aytmatov “Oxirzamon nishonalari” romanidagi ayrim so‘zlar izohida aura haqida shunday fikrlarni keltiradi: “…aura organizmning kosmik energiya bilan o‘zaro ta’siri mahsuloti – odam organizmida qayta ishlangan va aks etgan kosmik energiya bo‘lib, odamning butun badanini qamrab olgan. Har bir odamning aurasi shakli, zichligi va rangiga hamda boshqa xususiyatlariga ko‘ra o‘zgalarnikidan farq qiladi. O‘ta sezgir odamlarda, aqliy va ma’naviy jihatdan yetuk kishilarda, bashoratchilarda, ekstrasenslarda aura zichroq va hajman kattaroq bo‘lib, u qadar rang-barang bo‘lmas ekan. Ko‘zi bog‘lab qo‘yilganda ham tevarak-atrofdagi narsalarni bemalol ko‘ra oladigan aura “ko‘z”li odamlar bo‘ladi. Kishining aqliy va jismoniy imkoniyatlariga ko‘ra tashqaridan qaraganda aura nurining shakli turlicha ko‘rinar ekan. Mutaxassislar fotografiya va kompyuter yordamida aurani plyonkaga olib, mohiyatini aniqlamoqdalar…”.
Mutaxassislar fikricha, yumaloq shakldagi aura eng yaxshi hisoblanar ekan. Har jihatdan barkamol, yetuk kishilarning aurasi yumaloq shaklda ko‘rinar ekan. Boshqalar homiyligida bo‘lgan yoki o‘zi birovlarni himoya qila oladigan odamlar aurasi uchburchak shaklida, ekstrasenslar deb ataladigan o‘ta sezgir kishilarning aurasi yulduz shaklida bo‘lar ekan. Auraning qanday rangda ekanligi ham katta ahamiyatga ega. Auraning ko‘k (havorang) bo‘lishi sog‘liq belgisi, to‘q sariq rangli aura kishining dilkash va ko‘ngli ochiq ekanligi, och qizil samimiylik va jismonan baquvvatlik, to‘q qizil rang manmanlik va ochko‘zlik, och sariq aqllilik, och yashil rang yashovchanlik va sog‘lomlik, och kulrang salomatlikning yaxshi emasligi alomatlaridir.
XAVFLI ZARAR YeTKAZUVCHI “QUROL”
1968 yili Ukraina Fanlar Akademiyasining biofizik olimi B.Kajinskiy “Biologik radioaloqa” nomli kitobini nashr ettiradi. U o‘zining kuzatishlari asosida shuni ta’kidlaydiki, miyaning bioradiatsiyali nurlanishidan iborat bo‘lgan qandaydir “ko‘z nurlari” mavjud. Uning taxminicha bunday muhofazani elektromagnit o‘tkazgichlar vazifasini miya bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ko‘z to‘rpardasi “tayoqcha”lari amalga oshiradi. Ularning yordamida miyaning fikriy quvvati to‘planishi va tor yo‘nalishda nurlanishi mumkin. Shuning uchun bioquvvatchi olimlar fikriga ko‘ra, ko‘z qarashi – nigoh kishiga juda xavfli zarar yetkazuvchi “quroldir”.
Xulosa qilib aytganda, ezgulik va yomonlik hamisha yer yuzida mavjud bo‘lib kelgan. Biroq, ezgu niyat bilan yashagan insonlar hayot gultojlari sanalganlar, go‘zal fazilatlari bilan jamiyatni charog‘on etganlar. Va, eng muhimi, bu o‘zi uchun ham, oxirati uchun ham foyda bo‘lgan. Yomon xulqli odamlar ham o‘z navbatida, yuzi shuvut bo‘lib, o‘z qilmishlari uchun javob berib kelgan.
Bilmaymiz, bizning boshimizdan qanday to‘lqinli aura taralmoqda. Ammo o‘zimizni haq sanashdan oldin bir o‘ylab ko‘raylik-chi, odamlar bizdan o‘zlarini olib qochayaptimi yo yaqinlashayaptimi? Ana shunda yaxshi yoki yomon ekanligimizni bilib olaveramiz.
E’tibor NORBO‘TAYEVA