Bola ruhiyati sog‘lom bo‘lsa…
Bolalik beg‘uborlik. Uni yosh niholga qiyoslashadi. Bolaning ulg‘ayish davrida tana a’zolarining faoliyati uning asab va ruhiyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi.
Shunday ekan avvalo, oilada ota-onaning, maktabgacha ta’lim muassasasida psixolog va tarbiyachi-pedagoglarning roli bola ruhiyatining sog‘lom shakllanishida muhim hisoblanadi.
Biz bu borada 2-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ruhiyatida kuzatiladigan ba’zi kamchilik va muammolar, nuqsonlar, ularning oldini olish va bartaraf etish haqida poytaxtdagi Yunusobod tuman 486-MTM psixologi Kamola Fayzullayevani suhbatga tortdik:
– Maktabgacha ta’lim muassasasida psixologning vazifasi nimalardan iborat?
– Farzand tarbiyasi qiyin va murakkab ish. Bolani sevgan, uning har qanday injiqlik, erkalik, sho‘xliklarini ko‘tara oladigan sabr-toqatli insongina bolalar bilan ishlay oladi. Psixologning vazifasi bolalarni ijtimoiy tomondan himoya qilish bilan birga, uning ruhiy va jismoniy rivojlanishida, maktabga tayyorlashda, uning orttirilgan nuqson va kamchiliklarining (odamovilik, qo‘rqoqlik, shafqatsizlik(agressivlik), qizg‘anchilik, janjalkashlik, arazchilik) oldini olish va bartaraf etishda ko‘maklashishdan iborat.
– Agar bolada o‘z o‘rtoqlariga nisbatan ana shunday nuqsonlar bo‘lsa, bunday bolalar bilan qanday ish olib boriladi?
– Avvalo, bola tarbiyasi uning qanday muhitda voyaga yetayotganiga bog‘liq. Har qanday bola sho‘h, tinib-tinchimas, kattalar xatti-harakatlarini tez o‘zlashtirib oladigan va o‘z «men»iga ega bo‘ladi. Agar maktabgacha ta’lim muassasasiga keladigan bolada nuqsonlar kuzatilsa, birinchi navbatda, uning ota-onasi bilan, so‘ng tarbiyachi-pedagoglar bilan ish olib boriladi. Bunday holda ota-ona ko‘maklashmasa, bu nuqsonni bartaraf etib bo‘lmaydi. Shuning uchun boladagi ayrim yomon odat yoki nuqsonlarni bartaraf etish uchun bola bilan qanday munosabatda bo‘lish, qaysi tarbiya usullarini qo‘llash lozimligi ota-onaga tushuntirilish barobarida uni psixolog ko‘rigiga ham olib borish tavsiya etiladi. Bolalar muassasalarida bunday bola bilan tarbiyachi va pedagog alohida shug‘ullangan holda uni o‘rtoqlari bilan totuvlikka, hamjihatlikka undash yaxshi foyda beradi.
– Qattiqqo‘llik bilan undagi nuqsonlarni bartaraf etish mumkinmi?
– Yo‘q. Bola ko‘ngli juda nozik. Uni bir og‘iz shirin so‘z, shirinlik yoki o‘yinchoqlar berish bilan ko‘nglini olish mumkin. Demak, bolani yaxshi so‘z, o‘yinlarga chalg‘itish, ertak va ibratli maqollar aytish bilan ham tarbiyalash, uning ruhiyatini sog‘lomlashtirishga erishish zarur. Bolaga nisbatan nojoiz g‘azab va qo‘rqitish, aksincha, salbiy oqibatlarga olib keladi. Ba’zi bolalar boshqalarga nisbatan jur’atsiz, bo‘sh, qo‘rqoq yoki indamas bo‘lib qoladilar. Ularning ruhiyatini tarbiyalash, o‘yinlar, mashg‘ulot va mehnatga, sport kabilarga jalb etish ancha qiyin kechadi. Bu kabi nuqsonlarni bartaraf etish uchun bola psixologiyasini yaxshi o‘rganish, individual tarzda shug‘ullanish undagi faollikni oshirishda yaxshi omil bo‘ladi. Bolaga talabchanlik, og‘ir vazifalar yuklash, me’yordan ortiq talab qilish ham jur’atsizlik, hadiksirash, yolg‘on gapirish kabi odatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
– Bola ruhiyati va psixologiyasini o‘rganish uchun qanday yangi usullarni qo‘llash lozim?
– Bola ruhiyati murakkab va o‘zgaruvchan. Uni bilish va o‘rganish uchun bolaning dunyoqarashi, istak va intilishi, nimani yoqtirishi, qiziqishi, jajji dunyosidagi kichik jihatlargacha ilg‘ash lozim bo‘ladi. Agar biz bola qalbiga kira olsakkina, zukko, keng tafakkurli, qobiliyatli, intiluvchan yosh avlodni shakllanishiga yordam bergan bo‘lamiz. Shu bois o‘quv maskanida avvalo bolaning intilish va qiziqishi, qobiliyatiga qarab, uning tarbiyasiga yondoshish lozim. Masalan, serharakat bolalarni ko‘proq harakatli o‘yinlarga, sportga jalb etish, ularning ichki energiyasini foydali mashg‘ulotlarga sarf etish orqali yaxshi natijalarga erishish mumkin.
Maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilarga e’tiborli ravishda psixologik yondoshish talab etilsa, katta yoshdagi bolalar tarbiyasiga esa yanada mas’uliyat bilan yondoshish zarur bo‘ladi. Chunki, bu davrda bolada qiziqish, zehn va tafakkur, qobiliyat, izlanuvchanlik va psixologik rivojlanish yuqori cho‘qqida bo‘ladi. Bu davrda ular o‘rtasida psixologik testlar, tanlov va musobaqalar o‘tkazish, bola ruhiyatini mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi. Bolaga «mana buni qil!» deb uni qolipga solib qo‘ymay, ko‘proq erkinlik berish, o‘zi istagan narsani qilishi yoki bajarishga imkoniyat yaratish, ulardagi mustaqil fikrlashni yanada shakllantiradi.
Ayni vaqtda ta’lim va tarbiya maskanlarida ish olib borayotgan «Yosh onalar maktabi» dagi oila bilan hamkorlik, «Ochiq eshiklar kuni» dagi savol-javoblarni o‘tkazilishi, ota-ona hamda bolalar o‘rtasida trening mashg‘ulotlarning o‘tishi ham bola ruhiyatini shakllanishi, uni anglashda samarali xizmat qilmoqda.
Ana shunday aqlan yetuk, sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalash vazifasi zimmamizga yuklatilgan ekan, bunday mas’uliyatli ishga o‘z munosib hissamizni qo‘shayotganimizdan mamnunmiz.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
Maryam AHMEDOVA suhbatlashdi